Yil boshidan buyon salkam 10 mingta yongʻin qayd qilindi, 88 kishi halok boʻldi

18:16 05 Noyabr 2019 Jamiyat
163 0

Illyustrativ foto

2019-yilning oʻtgan 10 oyi davomida respublika hududida jami 9384 ta yongʻinlar qayd etilib, ushbu yongʻinlarda 88 nafar inson halok boʻlgan va 240 nafar kishi tan jarohati olgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish boʻlinmasi xabar bermoqda.

Jami sodir boʻlgan yongʻinlarning 69,3 foizi aholi yashash joylarida, 9,5 foizi tadbirkorlik subyektlari obyektlarida, 5,3 foizi transport vositalarida va 1,3 foizi davlat tasarrufidagi obyektlarida yuzaga kelgan. Yongʻinlarning 38,9 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 30,1 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzilishi,11,1 foizi isitish pechlarining nosozligi yoki ulardan notoʻgʻri foydalanish, 9,9 foizi bolalarning shoʻxligi va 4 foizi transport vositalaridan foydalanish va tuzilishi qoidalarining buzilishidan sodir boʻlgan.

Yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan 2019-yilning oʻtgan 10 oyi davomida oʻtkazilgan profilaktik ishlari natijasida 15586 ta bino va inshootlarda yongʻin kelib chiqish xavfi oldi olingan.

Sodir boʻlgan yongʻinlarni oʻchirish vaqtida koʻrilgan tezkor harakatlar natijasida 35 nafar insonlar qutqarilgan, 1271 bosh uy hayvonlari, 123 xil texnikalar, 289 mlrd. soʻmdan ziyod bino va inshootlar qurilmalari va 95 mlrd. soʻmdan ortiq moddiy boyliklar saqlanib qolingan.

Shuningdek, fuqarolarning yongʻin xavfsizligini taʼminlashga oid bilim koʻnikmalariga ega boʻlib borishi natijasida 2019-yilning oʻtgan 10 oyi davomida sodir boʻlgan yongʻinlar, 2018-yilning mos davriga nisbatan 345 taga, yongʻinlarda insonlarning halok boʻlishi 10 taga va tan jarohati olishi 56 taga kamaygan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?