Ijtimoiy tarmoqlarda zoʻravonlikni targʻib qilganlar qamalishi mumkin

13:25 04 Aprel 2019 Dunyo
602 0

Illyustrativ foto

Avstraliya parlamenti tomonidan mediakompaniyalar faoliyatiga oid yana bir qonun qabul qilindi. Endi ularga tegishli ijtimoiy tarmoqlarda zoʻravonlik sahnalari mavjud materiallar tezkorlik bilan oʻchirib tashlanmasa, mediakompaniya rahbari jarimaga tortilishi yoki qamalishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qonunga muvofiq, kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda qotillik, shafqatsizlik va zoʻravonlik aks etgan videotasvirlar yoki fotosuratlarni zudlik bilan olib tashlashi shart. Aks holda mediakompaniyalar rahbarlari kompaniya yillik daromadining 10 foizi miqdorida jarima toʻlashlari yoki uch yilga qamalishlari mumkin. Oʻz navbatida kompaniya zoʻravonlik mazmunidagi materiallar chop etilgani haqida politsiyani tezkorlik bilan ogohlantirishi kerak.

“Bu dunyo boʻyicha ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformadagi xatti-harakatlarni tartibga soluvchi birinchi qonun boʻlsa kerak”, - dedi mamlakat bosh prokurori Kristian Porter. Yangi qonun shu yil 15 mart kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi masjidlarda avstraliyalik tomonidan amalga oshirilgan mudhish jinoyatdan soʻng qabul qilindi. Ushbu terrorchilik harakati oqibatida 50 kishi halok boʻlgandi.

Terrorchi ushbu hujumni Facebook orqali toʻgʻridan-toʻgʻri jonli efirda translyatsiya qilib turgan. Oqibatda ushbu videoyozuv bir soat ichida oʻchirilgunga qadar dunyo boʻylab tarqalib ketgan.

Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison bunday holatga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini taʼkidlagan edi. Facebook kompaniyasi esa dunyo jamoatchiligining keskin tanqidiga duchor boʻlgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?