Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan javoblar varaqalari, test topshiriqlari yuzasidan bayonot berildi

12:03 06 Sentyabr 2020 Jamiyat
4180 0

Davlat test markazi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan holatlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

"2020-2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari o‘tgan yillardagiga nisbatan o‘zgacha sharoit va vaziyatda o‘tkazilmoqda. Hukumat qarorlari, jumladan, davlatimiz rahbari huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda berilgan kirish imtihonlarini soddalashtirishga oid topshiriqlar asosida yaratilgan shart-sharoitlar bugungi karantin cheklovlari talablariga javob beradi.

Alohida qayd etish kerakki, test sinovlarining adolatli va shaffof o‘tishida jamoatchilikning o‘rni, yordami, e’tibori juda katta bo‘lmoqda. Test sinovlarini o‘tkazishdek katta jarayonga befarq emasliklari, bildirayotgan fikr-mulohazalari, maslahatlari yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etishda katta yordam bermoqda. Buning uchun Davlat test markazi xalqimizdan minnatdor ekanligini eslatib o‘tadi.

Biroq jarayon qanchalik ko‘tarinki ruhda boshlanmasin, ba’zi kamchilik va qonunbuzarliklar ham ko‘rinib bormoqda. Bugungi kunda test sinovi jarayoni yurtimizda birinchi darajali voqea bo‘layotganligidan barcha turdagi davlat, nodavlat ommaviy axborot vositalari bor e’tiborini ushbu jarayonga qaratgan. Shundan bo‘lsa kerak, ba’zi OAV vakillari ma’lumotlarni odatdagidek holatlarni bir tomonlama yoritmoqdalar. To‘g‘ri, ba’zi holatlar ham borki, abituriyentlarning tartibbuzarliklari bilan bog‘liq emas. Shulardan kelib chiqqan holda ma’lum qilamizki, jamoatchilik e’tibori tufayli, yuzaga kelayotgan hamda ko‘pchilikda salbiy qarash uyg‘otayotgan barcha holatlar o‘rganib chiqildi va chiqilmoqda. Bugungi ma’lumotlarimiz Davlat test markazi tomonidan daxldor tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida aniqlangan faktlar asosida tayyorlandi.

1. Ijtimoiy tarmoqlarda rasmlari e’lon qilingan test topshiriqlari kitoblari.

2-sentabr va 3-sentabr kunlari o‘tkazilgan test sinovi jarayonlarida test topshiriqlarining rasmga olinganligi va internet nashrlarida e’lon qilinganlik holatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv davomida rasmi ko‘rsatilgan test topshiriqlari kitoblari joriy o‘quv yiliga tegishli ekanligi va ushbu savollar kitoblari kompyuter taqsimotiga ko‘ra, 2-sentabr kuni Farg‘ona viloyati, 4-sektor (Marg‘ilon shahri)da 1-smenada test topshirishi belgilangan 159-guruhga hamda 3-sentabr kuni Andijon viloyati, 6-sektor, 1-smenada test topshirilish belgilangan 125-guruh va shu kuni Xorazm viloyati, 1-sektor, 1-smenada test topshirilish belgilangan 26-guruhga yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, tezkor harakat asosida holatni amalga oshirgan abituriyentlarning barchasi aniqlangan va ularning uch nafari jarayon davomida, bir nafari jarayondan keyin chetlatilgan.

2. Ijtimoiy tarmoqlarda rasmlari e’lon qilingan javoblar varaqalari.

Amaldagi tartibga ko‘ra test sinovlari natijalari u topshirilgan kunning ertasiga e’lon qilinishi lozim. Bunday tezkorlik uchun katta hajmdagi ishlar amalga oshiriladi. Boshqa birorta davlatda bunday yo‘l tutilmaydi. Umuman xorijiy mamlakatlarda 4 kundan 30 kungacha bo‘lgan muddatda natijalarni e’lon qilish amaliyoti mavjud.

Avvalgi yilda tajribadan o‘tgan test natijalarini tezkor e’lon qilish amaliyoti o‘zini to‘la oqlaganligi bois, bu yil ham qo‘llanilmoqda. O‘tkazilgan uch kunlik test sinovi natijalari shu tariqa Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi. Joriy yilda ham test sinovlari natijalari e’lon qilingandan keyin abituriyentlarning shaxsiy kabinetida o‘zi tomonidan to‘ldirilgan javoblar varaqalari rasmlari qo‘yildi. Ushbu javoblar varaqalari rasmlarida abituriyentlarning familiyasi, ismi va sharifi, qaysi raqamli test topshiriqlari kitobi berilganligi, o‘zlari bo‘yagan doirachalar asosida to‘g‘ri va noto‘g‘ri berilgan javoblar, ball miqdori ko‘rsatiladi. Endi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinayotgan holatlar bo‘yicha izoh berib o‘tsak.

Bo‘yalmagan yoki barcha muqobil javob doirachalari bo‘yalgan bo‘lsa-da, ball berilgan:

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Ushbu holatda hech qanday qonun buzilishi aniqlanmadi. Bunda abituriyent tomonidan rasmda ko‘rinib turgan savollarga nisbatan e’tiroz bildirilgan va unga mos doiracha bo‘yalmasdan qoldirilgan. E’tirozni o‘rganish natijasida abituriyentning e’tirozi asosli topilib, unga ball berilgan. Ta’kidlash kerakki, shundan so‘ng e’tirozli deb topilgan shu savol qaysi test topshiriqlari kitoblarida tushgan bo‘lsa, barchasiga ball berilgan. Tegishli doiracha bo‘yalmagan yoki o‘sha savolning barcha doirachalari bo‘yalgan bo‘lsa ham.

3. Barcha javoblari to‘g‘ri ko‘rsatilgan javoblar varaqasi bo‘yicha.

Test sinovi topshirish jarayonida savollarga to‘liq javob berish yoki aksincha bo‘lishi abituriyentning bilimi, tayyorgarlik darajasiga bog‘liq. Ushbu holatga Davlat test markazining bog‘liqlik joyi yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, salbiy qarash tufayli, unga bog‘liq jarayonni videokuzatuv asosida aniqlash mumkin.

4. Javoblar varaqasida abituriyentning familiyasi, ismi va sharifi mos kelmaganlik bo‘yicha.

5. Nazoratchining abituriyentga yordami boʻyicha.

Rasmda koʻrsatilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holat tekshirilganda haqiqatan ham bugun (5-sentabr) Toshkent shahrida joylashgan Milliy bogʻda, 1-smenada oʻtkazilgan test sinovlarida yuz berganligi yetarli dalil-isbotlar bilan aniqlandi. Ushbu jarayonga daxldor barcha shaxslar aniqlandi va chora koʻrilishi uchun tegishli tashkilotga taqdim etilgan.

Qayd etishimiz kerakki, oʻz navbatida koʻrsatib oʻtilgan salbiy holatlarning yuz berganligi adolatparvar yurtimiz uchun noxush holatdir. Shunday ekan, barcha nazoratchilar, abituriyentlar va jarayon ishtirokchilarini amaldagi tartib-qoidalarga toʻla rioya etishga hamda qoidabuzarliklarga befarq boʻlmaslik, aksincha, bunday holatlarga guvoh boʻlganda tegishli masʼullarni yoki tegishli huquqni muhofaza qilish tashkilolarining vakillarini xabardor qilishga chaqiramiz.

Mamlakatimiz kelajagining porloq boʻlishida, boshqa sohalar kabi taʼlimni yuksak darajada takomillashtirishda faol, bilimli, yuqori salohiyatga ega yoshlarni saralashda odil boʻlishlarini soʻraymiz", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?