Isteʼmolga yaroqsiz suv har kuni dunyoda 6 ming bola hayotiga zomin boʻlmoqda

12:30 27 Iyul 2020 Jamiyat
901 0

COVID-19 koronavirusining tarqalishi dunyoning deyarli barcha mamlakatlariga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. 2020-yil 11-mart kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirusning tarqalishini pandemiya deb tan oldi. Pandemiya davlatlar ijtimoiy hayotning barcha sohalariga taʼsir koʻrsatgan holda global iqlim oʻzgarishi va karantin sharoitida tabiiy resurslar, xususan suv resurslariga qatʼiy sanitariya-gigiyenik talablar qoʻyildi.

Hozirgi davrda insoniyat oldida turgan dolzarb muammolar sirasida, suv resurslarini tejash, asrab-avaylash, undan oqilona foydalanish va muhofaza qilishdek muhim masala turibdi. Bugungi kunda insoniyat, Yer yuzida tamadduni asrab qolish uchun texnika, koinot moʻjizalarini anglab yetish emas, balki eng avvalo, hayot uchun zarur boʻlgan ichimlik suvining yetarli boʻlishi lozimligini anglab yetdi.

Suv tanqisligi katta iqtisodiy qiyinchilik bilan birga aholi salomatligiga va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Suvning ifloslanishi tufayli turli kasalliklar – oshqozon ichak, buyrak, jigar, qonda turli allergik xastaliklar sodir boʻladi. Ifloslangan suv orqali zararli gelmitlar inson organizmiga oʻtadi. Ich terlama, dizenteriya, gepatit va boshqa kasalliklar koʻpayadi. Suvda kimyoviy elementlar, birikmalarning meʼyoridan ortiq boʻlishi ularning asta-sekin toʻplanib borishiga sharoit yaratadi, natijada ayrim kasalliklarning kelib chiqishiga sababchi boʻladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotiga koʻra, dunyo aholisining qariyb 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmaydigan joylarda yashaydi. 2025-yilga kelib, har 10 kishidan 6 nafari yoki 5,5 milliard aholi toza ichimlik suvi tanqis hududda yashashi mumkin. Shuningdek, yuqumli kasalliklarning 80 foizdan ortigʻi ichimlik suv sifatining pastligi hamda suv taʼminotida sanitar – gigiyenik qoidalarning buzilishlari bilan bogʻliq. Bugun dunyodagi qariyb 7 mlrd.dan ziyod aholining 3 mlrd.ga yaqini ifloslangan suv isteʼmol qilmoqda va buning oqibatida ularning deyarli 2 milliardi turli kasallikka chalingan. Eng achinarlisi, har kuni dunyoda 6 ming bola sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan suv isteʼmol qilganliklari tufayli hayotdan bevaqt vafot etmoqda.

Kishining sogʻlom hayot kechirishi uchun sanitariya meʼyorlariga koʻra bir sutkada 50 litr suv kerak boʻladi. Quruq iqlim (arid) mintaqasidagi rivojlanayotgan mamlakatlarda 1,1 mlrd. kishi bir kunda atigi 5 litr suv ishlatmoqda. Yevropa davlatlarida bu koʻrsatkich sutkasiga 200, AQSHda esa 400 litrni tashkil qilmoqda. Xuddi shunday suv taqsimoti mamlakatimiz hududlarida ham kuzatiladi, xususan Toshkent shahrida jon boshiga bir sutkalik suv isteʼmoli 350-400 l. boʻlgan bir vaqtda, ayrim hududlarda ushbu koʻrsatkich 20-50 l. tashkil etadi.

Global iqlim oʻzgarishi natijasida tabiatda turli xil xavf-xatar, qurgʻoqchilik yuz berishi mumkin. Hozirgi ilm-fan shuni tan olmoqdaki, agar kelajakda oziq-ovqat mahsulotlari, tiklanmaydigan tabiiy resurslar, ular oʻrnini boshqa usullar bilan yaratilgan mahsulotlar egallashi mumkin boʻlsa-da, ammo suvning oʻrnini boshqa biror bir narsa bosa olmaydi. Shu bois sayyoramizda ichimlik suvining kamayib borayotganligi oʻta ogʻir xavflarni tugʻdiradi. Bu esa ichimlik suvining asosan yer osti, yer ustidagi daryo va koʻllar suvining turli xil kimyoviy birikmalar bilan ifloslanishi natijasida kelib chiqmoqda.

Boz ustiga, yer yuzidagi daryolarning yarmiga yaqini ifloslangan, ularning resurslari tugab bormoqda. Shuningdek, yer sharidagi botqoqliklar maydoni va ichki suv resurslari qisqarmoqda. Hozirgi davrda ichki suv havzalari, ayniqsa daryolar shu qadar ifloslanib ketyaptiki, ular tabiiy yoʻl bilan oʻzini oʻzi tozalay olmayapti. Bunday suvlar ichish uchungina emas, balki maishiy xizmat, turmush va sanoat ehtiyojlari uchun ham yaroqsiz boʻlib qolmoqda.

Chuchuk suvlar ifloslanishining asosiy sabablari urbanizatsiya, sanoat, maishiy-kommunal xoʻjaliklari va boshqa ishlab chiqarish korxonalarining jadal rivojlanishi bilan bogʻliq. Shuningdek, oʻgʻit va zaharli ximikatlar ishlatilgan dalalardan oqib chiqqan hamda chorvachilik fermalaridan oqib chiqadigan oqova suvlar va boshqalar. Ayniqsa, sanoatda ifloslangan oqova suvlar tarkibida har xil kislotalar, fenolli birikmalar, vodorod sulfidi, ammiak va boshqa birikmalar, shuningdek ular tarkibida xar xil biogen moddalar boʻladi.

Mutaxassislarning maʼlumotlariga koʻra, hatto mineral suvni ham doimo isteʼmol qilish yaramaydi, chunki uning tarkibidagi erigan tuzlar yoki boshqa moddalar organizmda mavjud tuzlar oʻrtasidagi muvozanatni buzadi va oshqozon-ichakdagi biokimyoviy reaksiyalarni tezlashtiradi yoki sekinlashtiradi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi bugungi pandemiya sharoitida zamon talabi bilan hamnafas boʻlib, uning bugungi oʻtkir talablariga javob bergan holda faoliyat olib bormoqda. Prezidentimizning ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida tadqiqotlar oʻtkazadigan, ilmiy izlanishlar olib boradigan institut ochish boʻyicha takliflari va gʻoyalari asosida partiya Markaziy Kengashi huzurida ekologik tadqiqotlar oʻtkazadigan ilmiy-tekshirish va oʻquv-ishlab chiqarish birlashmasi — Ekotexnoparkda suv tozalagich qurilmasining tajriba nusxasi ishlab chiqildi. Ushbu yoʻnalishda markaz nazariyadan amaliyotga tamoyili asosida faoliyat olib bormoqda.

Partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatining Bogʻot tumanidagi 33-sonli, Shovot tumanidagi 5-sonli hamda Yangiariq tumanidagi 7-sonli maktab hududi yaqiniga suv tozalash uskunalari homiylik tashkilotlari tomonidan begʻaraz yordam sifatida oʻrnatib berildi. Mazkur qurilma soatiga 500 litr suvni tozalash quvvatiga ega. Tozalangan suvdan aholi bemalol foydalanishlari uchun keng sharoitlar yaratildi. Har birining qiymati 24 mln. soʻmni tashkil etadigan mazkur suv tozalagich bugungi kunda 10 ming nafardan ortiq aholi sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlanib kelmoqda.

Suv zaxiralarining qisqarishi, ularning sifat koʻrsatkichlarini pasayishi, ham eng dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Albatta, xalqimizning kelgusida sogʻ-salomtaligi, kelajagi bevosita toza ichimlik suvi bilan bogʻliq, biroq keyingi yillarda iqlim oʻzgarishi jarayonlarida togʻlarga kam qor tushmoqda, muzliklar maydoni qisqarmoqda. Eng achinarlisi, togʻ zonalaridagi suv zaxirasini toʻplovchi oʻrmonzorlar, archazorlar ayovsiz kesilmoqda, ishlab chiqarishdan hosil boʻlgan oqova suvlar suv havzalariga tashlanmoqda.

Istiqboldagi rivojlanish koʻp jihatdan mavjud suv resurslari, ularning miqdori va holati, suvga boʻlgan talab va suvdan foydalanish darajasiga, umuman olganda suvga boʻlgan munosabatimizga bevosita bogʻliqdir. Chunonchi, mustabid shoʻro davrida suv resurslari boshqaruviga yondashuvda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish va shu bilan birga suvga boʻlgan talabni imkon qadar toʻlaroq qondirish maqsadida hukumatimiz tomonidan ushbu masalalarga jiddiy eʼtibor berilayotgani bejiz emas, albatta.

Kelajakda aholi sonining yana-da oshishi bilan yer usti va yer osti suvlaridan ichimlik suvi sifatida foydalanish yana-da kuchayadi. Shu sababli ham yaqin yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash eng dolzarb muammolardan biri boʻlib qoladi. Shaharlardan, dalalardan chiqarilayotgan ifloslangan suvlarni tozalash boʻyicha eng ilgʻor va samarali texnologiyalardan foydalanishni yoʻlga qoʻyish, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha oldimizda turgan dolzarb vazifalarni amalga oshirishda beparvo boʻlmaylik. Zero, suvni tejash, undan oqilona foydalanish va oʻsib kelayotgan avlodga yetkazib berish har birimizning burchimizdir.

Islom XUSHVAQTOV,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari,

Oybek RAXIMOV,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?