Isteʼmolchi foydasiga 21 million soʻmdan ortiq moddiy zarar undirildi

15:39 11 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
229 0

Qashqadaryolik Jasur Shahriyev oʻziga katta miqdorda moddiy zarar yetkazilganligi, biroq xizmat koʻrsatuvchi tashkilot ushbu zararni tan olmayotganligi toʻgʻrisida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga ariza bilan murojaat qilgan.

Maʼlum qilinishicha, J.Shahriyev Qarshi shahar Nasaf koʻchasida joylashgan 44-xonadondan 2 xonali uy sotib olish uchun “Neftgaz sof savdo” MCHJ bilan yetti yil muddatga shartnoma tuzgan va uy-joyning 30 foizi miqdorida boshlangʻich badalini shakllantirish uchun Ipak yoʻli bankiga 70 million soʻm toʻlagan. Biroq uy-joy 174 097 000 soʻm baholanib, uning 30 foizlik toʻlovi 52 229 100 soʻmni tashkil etgan. “Neftgaz sof savdo” MCHJ mutasaddilari esa J.Shahriyev tomonidan ortiqcha toʻlangan 18 450 000 soʻmni hisobga kiritmasdan, fuqaroga qaytarib bermasliklarini maʼlum qilishgan. Bu esa J.Shahriyevga uy sotib olish uchun bank tomonidan rasmiylashtirilgan 122 547 000 soʻm kreditga ortiqcha 2700000 soʻm bank foizi hisoblanishiga olib kelgan.

Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasi 1-qismida “Gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim” deb belgilab qoʻyilgan.

Qonunning ushbu talabidan kelib chiqib, isteʼmolchi J.Shahriyevga yetkazilgan moddiy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud tomonidan daʼvo talabi muhokama qilinib, “Neftgaz sof savdo” MCHJ hisobidan isteʼmolchi J.Shahriyev foydasiga 21 190 000 soʻm moddiy zarar undirishni lozim topdi.

Shuningdek, sud jarayonida gʻayriqonuniy xatti-harakatlar tufayli isteʼmolchiga maʼnaviy va ruhiy zarar yetkazilgan, deb hisoblandi va J.Shahriyev foydasiga maʼnaviy zarar uchun 500 ming soʻm tovon puli undirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?