Inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holati boʻyicha axborot eshitildi

17:26 11 May 2020 Siyosat
126 0

Oliy Majlis Senatining videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilayotgan toʻrtinchi yalpi majlisida ilk bor Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining 2018-2019-yillarda inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holatiga doir axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston inson huquqlari sohasidagi 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning bajarilishi boʻyicha milliy maʼruzalar BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilgan.

Keyingi davrda, ayniqsa, Oʻzbekiston parlamenti tomonidan inson huquqlari boʻyicha muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konvensiyasi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining 3 ta shartnomasi va boshqa bir qator xalqaro hujjatlar tasdiqlandi.

Mamlakatda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qoʻllab-quvvatlanayotganligi taʼkidlandi. jumladan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi Prezidentimiz tomonidan ushbu xalqaro tashkilotning 73-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus hayotga tatbiq etilganining amaliy ifodasidir.

2018-yil noyabr oyida Samarqand shahrida Osiyo mintaqasida birinchi marotaba Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi, shuningdek, 2019-yilda esa Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarda yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar, BMTning Diniy eʼtiqod boʻyicha maxsus maʼruzachisi hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisining mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega boʻldi. Bu muhim tashriflar Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalishiga katta turtki bergani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, majlisda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalariga izchil amal qilinishiga ahamiyat berildi. Xususan, bugungi kunda bu borada milliy harakatlar rejalarini (“Yoʻl xaritalari”ni) bevosita Oliy Majlis tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy etilgan.

2019-yilda BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi qabul qilinganining 30 yilligi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilinganining 40 yilligini nishonlashga bagʻishlangan keng koʻlamdagi tadbirlar oʻtkazilgan.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston 2021-2023-yillarga boʻlgan davrda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzolik uchun nomzodini ilgari surganini hisobga olgan holda, bu borada ijobiy samaraga erishish uchun tegishli barcha siyosiy-diplomatik chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi axboroti toʻgʻrisida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?