Innovatsion rivojlanish vazirligi 29.2 million so‘mga aholidan qadimiy kitoblarni sotib oldi

13:12 12 Iyun 2018 Madaniyat
437 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar xarid qilindi.

Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi, Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va noyob hujjatlar egasi bo‘lgan jismoniy shaxslar o‘rtasida o‘rnatilgan tartibda shartnomalar tuzildi hamda 29,2 mln. so‘m mablag‘ noyob hujjatlar egalariga o‘tkazib berildi.

Xarid qilingan 38 turdagi kitoblar, qo‘lyozmalar tarixiy, badiiy, adabiy, diniy va ilmiy ahamiyatga oid manbalar hisoblanadi. Aholidan noyob kitoblar, tarixiy hujjatlar sotib olinarkan, ularni ilmiy muomalaga kiritish maqsad qilingan. Yosh tadqiqotchilarga tadqiqot manbai sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan bu tarixiy ashyolar aholi qo‘lida qolib yo‘qolib ketishi yoki yaroqsiz holga kelishining oldi ham olinadi. Bundan tashqari, qo‘lyozmalarni zarur shart-sharoitlarda saqlanishi, restavratsiya qilinishi ta’minlanadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda asrlar davomida Markaziy Osiyo bo‘yicha eng boy qo‘lyozma meros jamlangan bo‘lib, uning salmoqli qismi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Har biri ulkan ma’naviy obida, madaniyat durdonasi bo‘lgan bu qo‘lyozmalar fondi jahon miqyosida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho xazinadir. Mazkur fond 2000 yilda noyob ilmiy va madaniy obyektlardan biri sifatida YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Institutning qo‘lyozmalar fondi oltita alohida bo‘limdan tashkil topgan bo‘lib, arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 26 ming jild qo‘lyozma, 39 ming jild toshbosma kitoblar va 10 mingga yaqin tarixiy hujjatlardan tashkil topgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?