Inflyatsion targetlash va “yashirin iktisodiyot”ni qisqartirish masalalari – deputatlar eʼtiborida

10:36 18 May 2020 Siyosat
107 0

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyot tarmoqlari, bank-moliya tizimini yaqin yillarda isloh qilish bilan bogʻliq masalalar, shu jumladan makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, qolaversa, inflyatsiyani jilovlash iqtisodiy islohotlar jarayonidagi dolzarb vazifa sifatida eʼtirof etilgan edi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining ish rejasiga muvofiq yaqinda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining 2020-yilda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda zamonaviy pul-kredit instrumentlarini qoʻllash va statistik hisobotlarni takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti toʻgʻrisida”gi qonunga asosan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasida davlat organlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining tegishli sohalarda ilmiy va amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan malakali mutaxassislardan tashkil topgan ekspertlar guruhi aʼzolari ham ishtirok etdi. Taʼkidlash joizki, ekspertlarning qonunchilik palatasining faoliyatida ishtiroki qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil tadbirlariga keng jamoatchilikni jalb qilgan holda parlament faoliyatining shaffofligini taʼminlaydi.

Yigʻilishda Davlat statistika qoʻmitasi hamda Markaziy bank tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida olib borilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotlari eshitildi.

Markaziy bankning bergan axborotiga koʻra, inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit instrumentlarini takomillashtirish ishlari davom ettirilyapti. Yil boshidan asosiy stavka va foiz koridori hamda qisqa muddatli pul-kredit operatsiyalari joriy etilgan. Axborotda aytilishicha, joriy yilning I-choragida inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlaridan past darajada kuzatilganligiga asosan isteʼmol narxlarining oʻtgan yilning mos davriga nisbatan pasayganligi sabab boʻlgan. Shuningdek, yigʻilishda ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar hajmining 2018-2019-yillarga tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,8 va 1,3 barobarga oʻsganligi taʼkidlandi.

Tadbirda deputatlar tomonidan joriy yilning aprel oyida milliy pul birligimiz – soʻmning sezilarli darajada devalvatsiya boʻlganligi sabablari oʻrganildi. Milliy valyutaning salmogʻi va qadrini saqlab qolishda bank muassasalarining bevosita taʼsiri yuqori ekanligini eʼtirof etildi. Deputatlar Markaziy bankka Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari boʻlgan mamlakatlardagi holatning taʼsirini chuqurroq oʻrganish, ichki iqtisodiyotdagi devalvatsion kutilmalarning oʻzgarishini oldindan hisobga olgan holda choralar koʻrish borasida oʻz fikrlarini bildirdi. Shu bilan birgalikda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasini yana-da pasaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi.

Davlat statistika qoʻmitasi oʻz axborotida 2020-yil I-choragida respublikaning iqtisodiy rivojlanish yakunlari boʻyicha statistik maʼlumotlar ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Deputatlar tomonidan bugungi kunda statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish, statistik hisobotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash dolzarb vazifa ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, yigʻilishda iqtisodiyot tarkibida “yashirin iqtisodiyot”ning ulushini qisqartirishda norasmiy faoliyatni hisobotlarda aks ettirish, ularni rasmiy sektorga jalb qilish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish, statistik maʼlumotlarning haqqoniyligi, ishonchliligi va shaffofligini taʼminlash ham davr talabi ekanligi aytib oʻtildi.

Koronavirus pandemiyasining mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsirini yumshatishda isteʼmol narxlarining barqarorligini taʼminlash, tadbirkorlik faolligini oshirishga yoʻnaltirilgan pul-kredit siyosatini olib borish, iqtisodiyotda rasmiy sektor ulushini orttirishga qaratilgan choralarni belgilash, bu borada yashirin faoliyat turlarini legallashtirishni ragʻbatlantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligini deputatlar eʼtirof etishdi.

Yigʻilish soʻngida Davlat statistika qoʻmitasi hamda Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan axborotlar va muhokamalar yuzasidan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?