Imtiyozli orderlarni berishda shaffoflik taʼminlanyaptimi?

10:35 24 Fevral 2020 Siyosat
258 0

Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga davolash masalalari bugun har qachongidan dolzarb. Deputatlarning fuqarolar bilan uchrashuvlarida aynan order berish, bu boradagi aholi ehtiyojlarini oʻrganish yuzasidan ayrim eʼtirozlar, muammolar koʻtarilayotgani ushbu holatni chuqur tahlil qilishni taqozo etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda shu haqda soʻz yuritilib, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatishda mavjud kamchiliklar va ularning huquqiy yechimlari qizgʻin muhokama qilindi.

Yigʻilishda Sogʻliqni saqlash vazirligining mazkur masalalar boʻyicha mutaxassislari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, ayrim muammolarga toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga order berishga (soni) Hukumatning tegishli qarorida koʻrsatilgan foizda mablagʻ ajratilmayapti. Masalan, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga rejalashtirilgan tibbiy xizmatlar uchun 30 foiz, shoshilinch tibbiy xizmatlar uchun 8 foiz, lekin 2019-yilda 18 foiz moliyalashtirilgan. Bu mablagʻ 1400 ta orderga yetgan, xolos. Ehtiyoj boʻyicha oʻtgan yil uchun 2880 ta statsionar order kerak boʻlgan. Respublika ixtisoslashtirilgan -kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga moliyalashtirilgan mablagʻ 1439 ta orderga yetgan. Ehtiyoj boʻyicha 2019-yil uchun 2448 ta statsionar order zarur boʻlgan.

Bundan tashqari, oʻtgan yilda hududlarda oʻtkazilgan tibbiy tekshiruvlarda imtiyozli guruhlarda kasalliklarning aniqlanishi natijasida orderga boʻlgan ehtiyoj ham bir necha barobar oshgan. Hududiy tibbiy tanlov komissiyalari tomonidan bemorlarni ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga notoʻgʻri yoʻllash ham muammolardan biri sanaladi.

Yigʻilishda respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga yoʻnaltirilayotgan imtiyozli toifadagi bemorlarga beriladigan bepul yoʻllanma (order)lar ajratilishida shaffoflikni taʼminlash, uzoq muddatli navbat kutishlarga bar¬ham berish, odamlarning ovoragarchiliklariga chek qoʻyish va bunda kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish masalalari deputatlar diqqat markazida boʻldi.

Orderni har kimga ham emas, balki aynan ehtiyojmand fuqaroga ajratilishiga erishish, bunda davolanish uchun order xarajatlari Davlat byudjeti hisobidan qoplanishi va uning ijrosini jamoatchilik asosida nazoratga olishga erishish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, order ajratishni bir idora tasarrufidan chiqarish, barcha yurtdoshlarimiz ochiqlik tamoyili asosida yoʻllanmalarning ajratilishini kuzatib borishlarini taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

— Imtiyozli orderlar masalasi — juda dolzarb, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning -sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Maqsuda ¬Vorisova. — Oʻrganish davrida ayon boʻldiki, Toshkent viloyatida aholining ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtojligini oʻrganish tizimli asosda qoʻyilgan. -Boshqa hududlarda ehtiyoj oʻrganilmasligiga guvoh boʻldik. Masalan, Jizzax viloyatida joriy yil uchun aholidan faqat 37 nafar bemor ixtisoslashgan travmatologik-ortopedik yordamga muhtoj boʻlsa, bironta bolaga bunday yordamning keragi yoʻq ekan. Bu viloyatda 2019-yilda bolalar travmatologiyasiga ehtiyoj 63 deb belgilangan, lekin 120 ta order ajratilgan.

Kardiologik kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlardan imtiyozli order masalasi boʻyicha koʻplab shikoyat kelishiga qaramay, 2020-yil uchun Jizzax viloyatida ehtiyoj 6 ta, deb belgilangan. Xuddi shuningdek, urologik kasalliklar ham hisobga olinmagan. Sirdaryo viloyatida ham kardiologik va urologik bemorlarning hisobi hamda statsionar davolanishga muhtojligi oʻrganilmagan. 2020-yilga ehtiyoj 2019-yilda order olmagan bemorlar sonidan iborat qilib belgilangan. Umumiy aholi soni 3 milliondan ortiq boʻlgan Andijon viloyatida ham imtiyozli davolanishga muhtoj boʻlganlarga yetarli eʼtibor berilmagan.

Qoʻmita yigʻilishi qizgʻin bahslar bilan oʻtdi. Deputatlar tomonidan ixtisoslashtirilgan markazlar rahbariyatiga tadbirga yetarli tayyorgarliksiz kelganlari uchun eʼtiroz bildirildi.

Yakunda aholiga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatishni takomillashtirish hamda statsionar davolanish uchun orderlar bilan taʼminlanishni adolatli, korrupsiyadan xoli shaklda tashkil etishga oid fikr-mulohazalar bildirildi,
Ziyoda ASHUROVA(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?