Imtiyoz sabab 206 ball toʻplagan oddiy oilaning farzandi oʻqishga kirolmasligi adolatdanmi? Deputat DTM va Oliy taʼlim vazirligidan izoh soʻradi

20:59 28 Sentyabr 2020 Jamiyat
3132 0

Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kundan buyon OTMlarga oʻqishga kirish uchun maʼlum soha vakillarining farzandlariga berilayotgan imtiyozlar muhokama qilinmoqda. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Ruzmetov oʻz munosabatini bildirdi.

"Oʻylab koʻring, bu bilan biz konstitutsiyaviy huquqlarni chetlab oʻtmayapmizmi? “Otang falonchi boʻlgani uchun senga, mana, imtiyoz! Sen qishloqning sodda bolasisan, betinim oʻqiysan, bilimingga ishonasan, lekin oliygohga kirolmaysan!” deganimi bu? Kimlargadir berilgan imtiyozlar tufayli oʻqib-izlanayotgan, iqtidorli, salohiyatli, intiluvchan yoshlarimiz jabr koʻrib qolmayaptimi?

Fikrlarim bilan organ xodimlari farzandlariga imtiyoz berilayotganini qoralamoq fikridan mutlaqo yiroqman. Imtiyozga qarshi ham emasman. Albatta, ular ota-onalarining Vatan oldidagi fidoyi mehnatlari, kuyunchak va sodiq xizmatlari uchun har qanday imtiyozga munosiblar. Biroq imtiyoz yaratilar ekan, ular uchun qoʻshimcha oʻrinlar yaratilishi maqsadga muvofiq boʻlarmidi? Shunda six ham, kabob ham kuymasdi!
Ayrim mana shunday imtiyozlar hisobiga oddiy xalqning bolasi aziyat chekmasin, ularning ham orzulari zavol topmasin, maqsadlari bevaqt sinmasin. Ertaga buyuk davlatning kelajagini yaratadigan aslida bugun oʻz kelajagini bilim va iqtidor, izlanuvchanlik qobiliyatlari bilan qurishga oshiqayotgan mana shunday yigit-qizlar ekanini unutmaylik.
Axir bugundan yoshlar orasida “sen falonchining farzandisan, sening imkoniyating yoningdagi oddiy tengdoshingnikidan ustunroq” degan maʼnoni anglatuvchi ishlarni “targʻib” qilsak, ertaga ularning qalbidagi yurt ishqi, kelajak orzulari, ulkan maqsadlardan ham ajratib sovitib qoʻymaymizmi? Ularning ong-u shuurida “Bugunki imtiyozlilar sabab oʻqishga kirolmadim, demak, ertaga ham ular sabab munosib ish joyimni topolmayman” degan fikrni shakllantirib qoʻymaymizmi?

Xoʻsh, Oliy taʼlim vazirligi va test markazi mutasaddilari nega ayni vajlarni hisobga olmayapti? Necha yillab repititorma-repititor oʻqishga tayyorlanib, yuqori ball toʻplasayu, ammo kimningdir hisobiga “imtihondan yiqildi” degan javobni olsa... alam qilmaydimi?!
Bu borada yuqoridagi mutasaddilardan izoh va masalalarning yechimini kutib qolamiz.

Six ham kuymasin, kabob ham...

Mana, abituriyentlar orziqib kutgan kunlar keldi. Test natijalari allaqachon eʼlon qilindi. Kimningdir boshi osmonda, kimdir talabalik baxtiga erisha olmaganidan afsusda.

Ammo shu kunlarda mazkur mavzuda turfa gap-soʻzlarga ham duch kelayotganimiz bor gap. Gʻalvir suvdan koʻtarildi, har kim bilimiga koʻra natijani oldi, deymiz. Haqiqat borda, deymiz. Biroq... ana shu haqiqat ayrim oʻrinlarda sinib qolganidan gohida bexabarmiz. Koʻzimizni ijtimoiy tarmoqlar ochadi...

Test natijalari eʼlon qilingach, facebook ijtimoiy tarmogʻidagi bir postga koʻzim tushdi. Sanobar Qoʻchqarova ismli fuqaro tomonidan yozilgan eʼtiroz, istaymizmi-yoʻqmi, rost edi. Turmush oʻrtogʻi shaxtadagi faoliyati jarayonida bevaqt halok boʻlgan ayol oʻgʻlining oʻqishga kirolmaganini nohaqlik deb hisoblayapti. Aslida eʼtirozlari toʻgʻri. Koʻz oʻngidagi imtihon topshirmagan yoki 60 ball bilan harbiyning farzandi talaba boʻlsayu, tinmay tayyorlangan, bilim olgan va 206 ball toʻplagan oddiy oilaning dilbandi institutga kirolmasa?! Shu adolatmi?" deydi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?