Ikki kunda 1,1 mlrd. soʻmlik noqonuniy tovarlar savdosi fosh etildi

12:19 12 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
250 0

Davlat soliq qoʻmitasining Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan 2 kun davomida respublika boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida noqonuniy savdo va mahsulotlar ishlab chiqarishga oid 36 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Ularda jami 1,1 mlrd. soʻmlik noqonuniy tovarlar fosh etildi.

Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi xabar bermoqda. Xususan, oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida Toshkent shahrida 4 holatda 597 mln. soʻmlik, Fargʻonada 1 holatda 60,6 mln. soʻmlik, Andijonda 6 holatda 50 mln. soʻmlik, Jizzaxda 1 holatda 10,1 mln. soʻmlik, Buxoroda 2 holatda 4,5 mln. soʻmlik, Samarqandda 2 holatda 4,6 mln. soʻmlik, Navoiyda 18 holatda 3,7 mln. soʻmlik, Toshkent viloyatida 3 holatda 2,1 mln. soʻmlik noqonuniy tovarlar aniqlandi.

Aniq misollarga toʻxtalsak, Samarqand viloyatida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida noqonuniy faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan fuqaro T. Muhitdinovga tegishli umumiy qiymati 2,2 mln. soʻm va fuqaro N. Istatovga tegishli umumiy qiymati 2,4 mln. soʻm boʻlgan tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi.

Huddi shunday Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida fuqaro A. Kadirov hech qanday hujjatlarsiz Qoʻqon savdo majmuasida savdo faoliyati bilan shugʻullanayotganligi aniqlanib, huquqbuzarning 60,6 mln. soʻmlik xorijda ishlab chiqarilgan tovarlari savdosiga nuqta qoʻyildi.

Shu bilan birga, Davlat soliq qoʻmitasi xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi “Jomiy” savdo majmuasida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida fuqarolar A. Saidakbarov va O. Sultonovlar noqonuniy savdo faoliyati bilan shugʻullanayotganligi maʼlum boʻldi. Huquqbuzarlarning jami 500,6 mln. soʻmlik noqonuniy tovarlari vaqtincha olib qoʻyildi.

“Oʻrikzor” savdo majmuasidagi nazorat tadbirlarida esa noqonuniy savdo faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan fuqarolar J. Ikromov va A. Xoliyevlarning jami 96,4 mln. soʻmlik tovarlari savdosiga chek qoʻyildi. Nazorat tadbirlari respublikamiz boʻylab davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?