Ichkilik qotillikka sabab boʻldi

19:34 17 Sentyabr 2019 Jamiyat
106 0

Spirtli ichimliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish har qanday insonni aqldan ayiradi. Uning taʼsirida jinoyat koʻchasiga kirib qolish ham hech gap emas. Dehqonobod tumanida sodir boʻlgan quyidagi qotillikka ham ichkilik sabab boʻlgan.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yashovchi Jonibek Rahimov (maqoladagi barcha ism va familiyalar oʻzgartirilgan) ichkilikka berilgan, koʻpincha mast-alast yurishni odat qilgandi. Uning dehqonobodlik bojasi Odil Xoʻjaberdiyev haqida ham shu gapni aytish mumkin. Ikki boja bir-birini tez-tez yoʻqlab turar, birgalikda ulfatchilikni avj oldirardi.

Bu gal ham Jonibek Rahimov Boysundan Dehqonobodga mehmon boʻlib kelgan edi. Bojasi Odil Xoʻjaberdiyev bilan birgalikda har seshanba kuni tumanning Oqqishloq qishlogʻida boʻladigan mol bozoriga borishdi. Bozorda ikki boja oʻtirib, rosa ulfatchilik qildi. Spirtli ichimliklarni haddan ortiq koʻp isteʼmol qilishi natijasida ayniqsa Jonibek Rahimov oʻzini idora qila olmaydigan ahvolga kelib qolgandi.

Eng achinarlisi, ularni olib ketish masʼuliyati Odil Xoʻjaberdiyevning voyaga yetmagan oʻgʻli - Ikromning zimmasiga tushdi.

Ikrom avvaliga Jonibekni olib ketishga urindi. Ammo bozordan hech qancha uzoqlashmasdan turib u yerga yiqildi va oʻrnidan turmay qoʻydi. Shundan soʻng Ikrom bozorga qaytib kirib, otasini yetaklab chiqdi. Ikkalasi Jonibekni hushyor qilishga urinar, ammo foydasi boʻlmayotgan edi. Shu paytOdil Xoʻjaberdiyevning amakivachchasi - 1980-yilda tugʻilgan Asror Hamidov kelib qoldi. U ham Jonibekni oʻrnidan turgʻizmoqchi boʻlib, silkilashga tushdi, soʻng yuziga suv sepdi, ammo bari befoyda edi. Jonibek oʻrnidan turmadi, qaytaga gʻuldiragancha Asrorni haqoratlashga tushdi. Asror esa uni silkilashda davom etar, oʻzini haqorat qilayotganidan jahli chiqib, gohida yuziga shapaloq tortib yuborsa, gohida turli joyidan ushlab, sudramoqchi boʻlardi. Buni koʻrib turgan Odil Xoʻjaberdiyevning sabri chidamadi.

- Sen nega bojamni urmoqchi boʻlayapsan, - dedi u Asrorga qarab. - Bor ket, uni oʻzim olib ketaman, yoʻqol bu yerdan.

Bunday muomala qoni qaynab turgan Asrorga yoqmadi. Uamakivachchasi bilan janjallashib qoldi. Soʻng bir-birini haqoratlashga oʻtishdi. Odil Xoʻjaberdiyev mast, qarshilik qiladigan ahvolda emasdi. Buni bilgan Asror avvaliga uning yuziga musht tushirdi, soʻng duch kelgan joyiga urib tepa boshladi. Odamlar toʻplanib, ularni ajratib olishganida Odil Xoʻjaberdiyev ogʻir ahvolda edi. Darhol tez yordamga qoʻngʻiroq qilishdi, uni shifoxonaga olib bordi. Ammo koʻrilgan tibbiy choralarga qaramay, u shu kuni olgan jarohatlari taʼsirida hayotdan koʻz yumdi.

Jahlini jilovlay olmay, yaqin qarindoshining qotiliga aylangan Asror Hamidovning esa qoʻllariga kishan urildi.

Ayni paytda Asror Hamidovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov-surishtiruv harakatlari yakunlanib, ish sudga oʻtkazilgan. Demak, uning qilmishiga qonuniy bahoni ham sud beradi.

B.ABDULLAYEV,

Qashqadaryo viloyat IIB tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?