“Huquqiy bilimlar kuni” da faol ishtirok eting!

16:00 12 Oktyabr 2019 Jamiyat
182 0

Adliya vazirligi fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Huquqiy bilimlar kuni” fleshmobini oʻtkazmoqda.

Fleshmob joriy yilning 11–12-oktyabr kunlari, yaʼni bugun va ertaga soat 10.00 dan 16.00 ga qadar butun respublika boʻylab davom etadi.

Jumladan, Fargʻona shahridagi markaziy Al-Fargʻoniy istirohat bogʻida ham ana shu tadbir tashkil etildi.

Fleshmobda aholiga notariuslar va advokatlar, viloyat adliya boshqarmasi vakillari, Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi hamda Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan bepul huquqiy maslahatlar hamda davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda. Shuningdek, ikki kun davom etadigan fleshmob aksiyasida fuqarolarni huquqiy bilimlarga qiziqtirish hamda ularning huquqiy savodxonligini ragʻbatlantirish uchun tanlovlar va viktorinalar, huquqiy testlar tashkil etish koʻzda tutilgan.

-Anchadan buyon oʻgʻlim yashab turgan hovli joyning kadastr xujjatlarida muammo bor edi, -deydi Fargʻona shahri, Oqariq mahalla fuqarolari yigʻinida istiqomat qiluvchi Solijon ota Mashrapov. -Bugun nabiralarim bilan sayrga chiqib, bahonada shu masala haqida shahar Davlat xizmatlari markazi mutaxassislaridan kerakli tavsiyalarni oldim. Toʻgʻrisi, xujjatlar bilan ishlashga biroz tobim yoʻq. Lekin markaz hodimlarining koʻrsatmalari va tavsiyalariga qaraganda, kadastr xujjatlari masalasi shu tashkilot orqali oson va ortiqcha yugur-yugurlarsiz bitar ekan.

Elyorjon EHSONOV,
Xalq soʻzi muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?