HUMO va Mastercard kelishuvga erishdi, endi HUMO kartochkalari dunyoning 70 mln.dan ortiq savdo nuqtalarida ishlaydi

17:48 14 May 2019 Iqtisodiyot
396 0

13 may kuni Milliy banklararo protsessing markazi (MBPM) va Mastercard xalqaro toʻlov tizimi oʻrtasida memorandum imzolandi. Memorandum imzolanishi Mastercard tarmogʻida “HUMO International” toʻlov kartalari qabul qilinishini nazarda tutadi.

Hamkorlikning birinchi yoʻnalishi - “HUMO International” toʻlov kartasi chiqarish va ularni Mastercard xalqaro tarmogʻida toʻlash uchun qabul qilishni taʼminlash. Memorandum imzolanishi natijasida “HUMO International” toʻlov kartalari dunyoning 70 mln. dan ortiq savdo nuqtalarida qabul qilinadi.

“HUMO International” toʻlov kartalari egalari Mastercard tarmogʻidagi barcha nuqtalarda xaridlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishlari, xususan, oldindan mehmonxonalarni band qilish, internet orqali chiptalarni sotib olish va boshqa onlayn operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin. “HUMO International” toʻlov kartalaridan nafaqat chet elda, balki Oʻzbekistonda ham foydalanish mumkin boʻladi.

Ikkinchi yoʻnalish – jamoat transportida naqd pulsiz toʻlovlarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish. MBPM va Mastercard metroda haq toʻlashda HUMO toʻlov kartalari va Mastercard kartalaridan foydalanish boʻyicha Toshkent metropoliteni bilan hamkorlikda pilot loyihasini amalga oshirishni kelishib oldilar. Ushbu loyihani amalga oshirish bir necha oyni talab qiladi, ammo uni yaqin orada amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hamkorlikning yana bir muhim jihati firibgarlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi yuqori texnologik mahsulot va yechimlarni taklif qilish yoʻli bilan toʻlov tizimining barcha ishtirokchilari xavfsizligini kuchaytirish boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?