Hududlarda yopiq muz qoplamali maydonlar quriladi

12:10 05 Fevral 2020 Sport
183 0

Qaror bilan qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, Oʻzbekiston sportchilarini xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda qishki sport turlarini 2020–2023-yillarda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Dasturda “Oʻzkoʻrgazmasavdo” binosi bazasida qishki sport turlari (figurali uchish, short-trek, kyorling va boshqa) boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, koʻrgazmalar va forumlar oʻtkazishga moʻljallangan zamonaviy muz saroyi tashkil etish nazarda tutildi.

2023-yil 1-yanvarga qadar Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy boʻlinmalari, qishki sport turlari boʻyicha professional klublari va nodavlat bolalar sport maktablari:

- mol-mulk soligʻi hamda jalb qilingan xorijiy sportchilar va mutaxassislarning daromadlariga ijtimoiy soliq stavkalarini 50 foizga kamaytirilgan holda toʻlaydi;

- belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona boji toʻlashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, 2020–2023-yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududlarda yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydonlar quriladi.

Qarorga koʻra, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 2020/2021 oʻquv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlashda qishki sport turlari uchun oʻrin ajratiladi.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab mazkur universitetda qishki sport turlari kafedrasi tashkil etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?