“Hordiq.uz” Fargʻona viloyati hokimidan uzr soʻradi

11:55 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
2315 0

Bu haqida Fargʻona viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar tarqatdi. Matn aslini keltiramiz:

“Fargʻonada adolatsizlik! Hokim yana uzr soʻraydimi?!” maqolasiga raddiya

2019-yil 15-oktyabr kuni saytimiz muxbiri Mohigul Diyorxoʻjayevaning tajribasizligi oqibatida “Fargʻonada adolatsizlik! Hokim yana uzr soʻraydimi?! Hokimiyat buyrugʻi bilan nogiron erkakning uyini buzib tashlab, oilasi bilan koʻchada qoldirishibdi. Yana hokim uzr soʻraydimi endi?” degan xabar unga Oltiariq tumanidan bir fuqaroning videomurojaati ilova qilingan holda tarqatib yuborilgan.

Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilinishicha, ushbu videoda tilga olingan muammo aslida butunlay boshqacha boʻlgan.

Saytimizda notoʻgʻri maʼlumot tarqatilishi yuzasidan tahririyat surishtiruvi oʻtkazilganda, muxbir Mohigul Diyorxoʻjayeva voqeaning asl mohiyatini, unga oid faktlarni tekshirib koʻrmasdan, videodagi gaplardan shoshilinch xulosa chiqarib bu maqolani eʼlon qilganligi aniqlandi. Oʻz ishiga masʼuliyatsiz yondashganligi hamda jurnalistlik kasbi etikasi va qoidalariga rioya qilmaganligi uchun muxbir Mohigul Diyorxoʻjayevaga intizomiy jazo qoʻllandi. Tahririyatda bundan keyin saytda eʼlon qilinadigan maqolalardagi fakt va dalillar oldin puxta oʻrganilib, keyin chop etishga berilishi choralari koʻrildi.

Mazkur maqolaga Fargʻona viloyati hokimining surati nooʻrin qoʻyilganligi va u kishining shaʼniga nomaqbul jumla qoʻllanganligi uchun Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyevdan uzr soʻraymiz va saytimizdan mazkur maqola olib tashlanganini maʼlum qilamiz.

TAHRIRIYAT

Yuqoridagi holat yuzasidan Fargʻona viloyati hokimligi Axborot xizmati tahririyatga quyidagilarni maʼlum qildi:

Oltiariq tumani Qaxramon MFY, Istiqlol koʻchasida yashovchi fuqaro Toshboyev Xabibullo Nabijonovichning ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaati oʻrganib chiqildi. Unda maʼlum boʻldiki, Oltiariq tumani hokimining 2012-yil 18-avgust kungi 798-sonli qarori asosida auksion savdolarida gʻolib boʻlgan fuqarolarga, jumladan D.Normatova, Sh.Kupchakovalarga ham yer maydonlariga egalik qilish huquqi asosida 800 m.kv maydon ajratib berilgan. Ammo, fuqaro D.Normatova aslida Sh.Kupchakovaga tegishli boʻlgan yer maydoniga 1 xonali uy qurib yashay boshlagan.

Shundan soʻng, Sh.Kupchakova va D.Normatovalar oʻrtasida yer maydoniga egalik huquqi yuzasidan sudlov jarayoni boʻlib oʻtgan. (Rishton tumanlararo, viloyat fuqarolik sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qaror va ajrimlari mavjud).

Tegishli sudlarning ijro varaqasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Fargʻona viloyati Oltiariq tumani boʻlimi tomonidan 23.05.2019-yil kuni majburiy ijro harakatlari olib borilib, ijro hujjatida koʻrsatilgan noqonuniy qurilmalar majburiy tartibda buzib tashlangan.

Oltiariq tumani hokimligi ikki fuqaro oʻrtasidagi nizoni murosa yoʻli bilan hal qilishga koʻp bor harakat qilgan. Tuman hokimining 2019-yil 7-avgust kungi 4565-sonli qarori bilan arizachi 2-guruh nogironi ekanligini nazarda tutib, hozirda boʻsh turgan 27-, 36-raqamdagi har bir 400 kv.metrdan iborat yer uchastkalariga ikki xonali uy qurish uchun homiylik hisobidan beton poydevor quyilishini va 8000 dona gʻishtni devor sifatida urilishini tashkil etdi.

Murojaatchi Xabibullo Toshboyev bilan tushuntirish ishlari olib borildi va kelgusida uning oilasiga ajratilgan 27-, 36-raqamdagi yer uchastkasida qurilishi boshlangan uyni bitkazib berishda yana qoʻshimcha yordam koʻrsatilishi xaqida bildirildi.

Murojaatchining daʼvosi ikki fuqaro oʻrtasidagi nizo boʻlib, uning yechimi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining ajrimi bilan qonuniy hal etilgan va bu nizoda Oltiariq tumani, Fargʻona viloyat hokimliklari va shaxsan Sh.Gʻaniyev ishtirokchi emasligini bildiramiz.

Videomurojaatchi soʻzlariga quloq soling. U biron marta ham hokimlik, yoki Fargʻona viloyat hokimi degan soʻzni hatto yonida gap oʻrgatib turishsa ham tilga olmagan. Aksincha, “2019-yil 19-may kuni MIB ijrochilari uyimni buzdi” deydi. Bu yerda murojaatchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va quyi sud qaror hamda ajrimlari, MIBning sud hujjatlariga asosan oʻz xizmat vazifasini bajarganidan norozilik bildiryapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?