Hindiston kompaniyasi Namanganda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha oʻz loyihasini taqdim qildi

11:20 21 Avgust 2019 Jamiyat
322 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimizda baliqchilik sohasini rivojlantirish va unga chet el kapitalini jalb qilish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Namangan viloyati hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda baliqchilik sanoatini rivojlantirish va eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Hindiston Respublikasining “Skandic Aqua Solutions” kompaniyasi vakillari oʻz loyihalarini taqdim qildilar. Mehmonlarni Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabul qildi.

Uchrashuv davomida Namanganda baliqchilik sohasida qilingan ishlar, uni yanada kengaytirish uchun barcha sharoitlar mavjudligi takidlandi. Oʻz navbatida “Skandic Aqua Solutions” kompaniyasi tomonidan rejalashtirilayotgan loyiha salohiyati, uning ijrosi bilan yiliga qancha mahsulot eksport qilish mumkinligi bayon etildi.

– Namanganga kelganimdan juda xursandman. Biz Norvegiyada solomon va farel baliqlarini yetishtiramiz va bu biznesni sizning viloyatingizda ham amalga oshirishni niyat qilganmiz. Rejalashtirayotgan loyihamizning koʻlami ancha katta. Uning doirasida yiliga 2500 tonna farel baliqlari yetishtiriladi, bu, kuniga 6800 kg maxsulot, deganidir. Harakatimiz asosan eksportga moʻljallangan boʻlib, ichki bozorga ham maxsulot yetkazib beriladi, – deydi “Scandic Aqua Solutions” kompaniyasi ijrochi direktori Gisle Larsen.

Uchrashuv yakunida viloyat hokimi investorlarga barcha sharoitlar yaratilganini, loyihani amalga oshirish mobaynida xar taraflama yordam berilishini taʼkidladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. 
/”Xalq soʻzi”/.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?