“Hayot ranglari” badiiy koʻrgazmasi ochildi

11:11 17 May 2019 Madaniyat
1078 0

Toshkent Fotosuratlar uyida Oʻzbekiston badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi hamda “Colibri” rassomchilik maktabi bilan hamkorlikda “Hayot ranglari” nomli badiiy koʻrgazma tashkil etildi. Koʻrgazmaga rassomchilik maktabining 7 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar ijodi jamlangan.

Ekspozitsiyada namoyish etilgan ishlar turli mavzu va janrlarda boʻlib, ular orasida tabiat, qushlar va gullar, natyurmort, manzara janrlari, kubizm, modernizm yoʻnalishlarida talqin qilingan.

“Colibri” nodavlat rassomchilik maktabi 2018 yilda yosh rassom Maftuna Rahimova tomonidan ochilgan boʻlib, rangtasvir, chizmatasvir, grafika, libos tarixi yoʻnalishlarida boshlangʻich saboqlar beriladi.

Bu koʻrgazma rassomchilik maktabining ilk ijodiy ishi hisoblanadi, — deydi M.Rahimova. — Maqsadimiz, yoshlardagi tasviriy sanʼatga boʻlgan qiziqishini oshirish, iqtidorini namoyish etishga koʻmak berishdir. Maktabimizda kam taʼminlanganlar uchun bepul taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Ular barcha toʻgarak aʼzolari qatori mashgʻulotlarda ishtirok etadilar. Yaʼni ularni ajratmaymiz. Bugungi ilk jamoaviy koʻrgazmamizda ularning ham ijodiy ishlari oʻrin olgan. Men oʻquvchilardagi quvonch va gʻayratni koʻrib oʻzimga ham ilhomlandim. Bunday koʻrgazmalar kelgusida davomli boʻlishiga, safimiz yanada kengayishiga ishonaman.

Koʻrgazma 21 maygacha davom etadi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?