“Hayot” filmi endi teleekranlarda. U bayram kunlari MTRK telekanallari orqali efirga uzatiladi

12:24 12 Yanvar 2019 Afisha
1803 0

Osmonga koʻtarilayotgan harbiy vertolyotlar, qiruvchi samolyotlardan olingan tasvirlar, jang maydonidagi qonli muhoraba, oh-vohlar, baqir-chaqirlar... Askar snayperlik vintovkasining durbini orqali dushmanning peshonasini moʻljallamoqda. U aynan qayerga oʻq uzmoqchi ekanini ziyrak boʻlmagan tomoshabin ham darrov ilgʻashi tayin: durbinning moʻljal belgisi ekranda koʻz oʻngingizda turadi. Hali odam oʻldirmagan, urush koʻrmagan, harbiy mashgʻulotlar paytida faqat tuluplarga qarata oʻq otib yurgan yosh askarning barmoqlari asta titrab, tepkini bosadi. Oʻq vintovkaning ogʻzidan olov purkab otilib chiqqancha uchib borib, dushmanning peshonasiga sanchilishini kuzatasiz. Boshning oʻq tekkan qismidan bir necha tomchi qon otilib, pistirmada biqinib oʻtirgan dushman snayperi bir silkinib jon beradi...

Yoʻq, bu Gollivud yoki Bollivud kinoustalari tasvirga tushirgan qaysidir filmdan lavha emas. Mazkur kadrlarni “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga koʻra, “Vatan” kinostudiyasi tomonidan Zulfiya Yunusova hamda Iqbol Mirzo ssenariysi asosida Hilol Nasimov rejissyorligida suratga olingan “Hayot” badiiy filmida koʻrasiz. Film ana shunday qiziqarli lavhalarga boyligi bilan har qanday tomoshabinning eʼtiborini tortib, hayratini oshirishi shubhasiz.

14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan kinorejissyor Hilol Nasimovning 2000 yildagi Sariosiyo voqealarida mardlik va jasorat namunalarini koʻrsatgan harbiy xizmatchilarimizga bagʻishlangan “Hayot” badiiy filmi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining telekanallari orqali efirga uzatiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan:

13 yanvar kuni “Oʻzbekiston” telekanalida — soat 22:00 da;

14 yanvar kuni “Kinoteatr” telekanalida — soat 15:40 da;

14 yanvar kuni “Yoshlar” telekanalida — soat 22:10 da ushbu badiiy filmni tomosha qilib, olam-olam zavq olishingiz mumkin.

Kinoasar 2000 yildagi Sariosiyo voqealarida qatnashgan fargʻonalik Hayot ismli yigitning taqdiri haqida hikoya qiladi.

Maʼlumki, 2000 yil avgust oyida Janubiy sarhadlarimizga suqilib kirmoqchi boʻlgan xalqaro terroristik guruhlarga qarshi olib borilgan qaqshatqich janglar chogʻida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Maxsus operatsiya kuchlari batalonining 21 nafar oʻgʻloni qahramonlarcha halok boʻlgan.

Eslatib oʻtamiz, bayram munosabati bilan Oʻzbekiston MTRK telekanallari orqali “Serjantlar”, “Sardor” va “Sardor 2” milliy seriallari, “Qasamyod”, “Vatanparvar”, “Jasur”, “Vatan” hamda “Oʻn sakkizinchi kvadrat” kabi vatanparvarlik ruhidagi badiiy filmlar ham namoyish etib kelinyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?