Har bir qadamni oʻylab bosish – saylovchilarimiz talabi

15:43 07 Aprel 2020 Siyosat
4598 0

Dunyo hamjamiyati bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Soʻnggi paytlarda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan matbuotda turli fikrlar, takliflar bildirilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bunday muhim va murakkab masalaning hal qilinishini parlamentga ishonib kiritgan.Shu bois,deputatlar YEOII bilan hamkorlik qilish masalasini juda sinchkovlik va katta masʼuliyat bilan koʻrib chiqishyapti.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal- demokratik partiyasi bu masalaga, avvalambor,oʻz elektorati boʻlgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar manfaatlarini hisobga olgan holda yondashadi.

Mazkur ittifoqni tashkil etishning uchta umumiy maqsadiga eʼtibor qaratamiz:

- ittifoqqa aʼzo davlatlar milliy iqtisodiyotlarni har tomonlama modernizatsiyalash, raqobatbardoshligini oshirish;

- aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash;

-ittifoqqa aʼzo davlatlar aholisining hayot darajasini oshirish yoʻlida barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlar yaratish.

Bundan koʻrinadiki, ushbu maqsadlar Oʻzbekistonning xalqaro integratsiyalashuv boʻyicha ustuvor manfaatlariga mos keladi.

Birinchidan, hamkorlik dengizga chiqish eshiklarini ochadi. Barcha geografik makon “toʻrtta erkinlik” (insonlar, vositalar, xizmatlar va tovarlar) bozori deb eʼlon qilingan.

Ikkinchidan, yagona hududdan foydalanish ishtirokchi mamlakatlarga ichki (erkin zona hududida) sherikchilikka oid hamda xalqaro savdoni yengillashtiradi. Yaʼni soliq, boj, chiqimlar soddalashtirilgan va kamaytirilgan.

Uchinchidan,Rossiyaga yaqin mamlakatlar ishchilarining ushbu davlatga chiqishi uchun foydali shartlar bor. Bundan mehnat migratsiyasi foyda koʻrishi, shubhasiz.Armaniston va Qirgʻiziston, Rossiya ish oʻrinlaridan erkin foydalanish huquqini oldilar va bundan faqat foyda koʻrdilar. Oʻz navbatida, erkin harakatlanish shuningdek, Rossiyaning ayniqsa qurilish va xizmat koʻrsatish sohalaridagi xarajatlarni kamaytiruvchi ishchi kuchining muntazam oqib kelishi hisobiga ushbu davlat iqtisodiyotiga ham foyda keltirmoqda.

Toʻrtinchidan,oʻzaro eksport va hamkorlikda ishlab chiqarishga doir kelishuvlar bozor muammolarini hal etishga yordam beradi.

Beshinchidan, iqtisodiy ittifoqqa aʼzo mamlakatlarning mahsulotlari umumiy iqtisodiy zonada oʻz xaridorlarini topadi, ushbu mahsulotlar ancha foydali sharoitlarda, arzon narxda sotiladi.

Bularning bari esa OʻzLiDeP elektoratining manfaatlariga javob beradi.Joylarda deputatlik korpusining saylovchilar bilan boʻlgan muhokamalari shuni koʻrsatmoqdaki, tadbirkorlar va fermerlar Oʻzbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida ishtirok etishi bilan maʼlum imtiyozlar ochilishini qayd etganlar.Ularning fikricha, bu imtiyozlar mavjud xavflardan koʻra koʻproq tosh bosadi. Xususan, Oʻzbekiston eksport mahsulot uchun bozorlarga ega boʻladi, investitsiyalar oqimini oshiradi, iqtisodiy ittifoqqa aʼzo mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantiradi.

Qishloq xoʻjaligi uchun berilayotgan imtiyozlar jumladan, import qilinayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi, texnologiyalar, urugʻlar, oʻgʻitlar hamda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan boshqa vositalar narxlarining pasayishi hisobiga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi kamayadi.

Oʻzbekistonning YEOIIda ishtirok etishidan qishloq xoʻjaligi foyda koʻradi, yer resurslaridan foydalanish samaradorligi oshadi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish koʻpayadi. Eksport hajmining oshishi, shuningdek, transport xarajatlarining arzonlashishi va Qozogʻiston hamda Rossiya Federatsiyasi hududi boʻylab tez ayniydigan tovarlar tranzitining soddalashtirilishi hisobiga ham roʻy beradi.

Biroq, ayrim ekspertlar mazkur ittifoq siyosiy gʻoyalardan xoli boʻlgan, mutlaqo iqtisodiy oʻzaro yordam berish mexanizmi emasligiga ham eʼtibor qaratishyapti. Gap Yevropada Rossiya bozoriga tovarlarning tranzitchisi boʻlgan Belarus, Xitoy va Hindistondan keladigan mahsulotlar tranzitchisi boʻlgan Qirgʻiziston haqida boryapti. Baʼzan mahalliy mahsulot xorijdan keltirilgan ancha arzon va ommaviy tovarlar bilan raqobatlasha olmaydi. Shuningdek, neft narxining oʻzgarib turishi va ushbu narxlarning Rossiya rubliga taʼsir koʻrsatishi iqtisodiy ittifoq hamkorlarining valyutalariga ham taʼsir koʻrsatadi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalarida turli qiyinchiliklar boʻlishi ham kutilyapti. Oddiy hamkorlik dasturini yagona tizimga aylantirish muayyan muammolarni keltirib chiqarishi ham mumkin. Ayni damda ushbu iqtisodiy ittifoqning istiqbollari ham yomon emas, bunda aʼzo davlatlar oʻzaro aloqa qilib turadilar, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Xitoy va Vyetnam bilan manfaatli bitimlarni tuzgan.

Umuman olganda, Oʻzbekistonning ushbu integratsiyaviy birlashmaga qoʻshilishi boʻyicha muayyan xavflar ham bor, deb hisoblaymiz. Mamlakatimiz hukumati ushbu masalani har tomonlama muhokama qilib chiqqanini inobatga olib, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni zarur deb hisoblaymiz. Ushbu tashkilot bilan hamkorlik Vatanimiz mustaqilligiga raxna solmaydi,degan qatʼiy fikrdamiz.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, hozirgi sharoitda mamlakatimizning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi maqomida hamkorlikka kirishishini maʼqullaymiz. Mazkur tashkilot bilan hamkorlik Oʻzbekistonning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlarda qatnashishga boʻlgan tabiiy istagini aks ettiradi, deb hisoblaymiz.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?