Haqiqat egiladi, bukiladi, biroq sinmaydi

10:11 05 Noyabr 2019 Siyosat
400 0

Mustaqillik yillarida yuzlab qonunlar qabul qilingan boʻlsa-da, ulardan beshtasini, ayniqsa, alohida faxr bilan tilga olamiz: Asosiy Qonunimiz — Konstitutsiya, davlat madhiyasi, davlat bayrogʻi, davlat gerbi va davlat tili bilan bogʻliq qonunlar. Xoʻsh, nega shunday?

Konstitutsiya — har qanday millat va davlat uchun muqaddas. U millatning oʻz davlatchiligi mavjudligi tasdigʻidir. Endilikda dunyoda ikki mingga yaqin millat va elatlardan oʻz davlatiga egalari soni ikki yuzga yetmasligi, hatto bir necha oʻn millionlik nufusi bor ayrim millatlarda haligacha bunday imkon yoʻqligi koʻzda tutilsa, milliy davlatchilikning taʼsis hujjati boʻlmish Konstitutsiya qimmati tengsizligi ayonlashadi.

Mushohada

Davlati bor millatning esa, tabiiyki, madhiyasi, bayrogʻi, gerbi boʻladi. Ular davlat hokimiyatining ham ichki, ham tashqi ishlarda mustaqilligini anglatib turadi. BMT binosining peshtoqida nechta bayroq hilpirab turgan boʻlsa, bundan dunyoda shuncha davlat, aniqrogʻi, oʻz davlatchiligiga ega xalq, yurt bor, degan xulosa chiqadi. Demak, oʻzakda, davlat madhiyasi, bayrogʻi va gerbi bor millat hech kimga qaram emas, erkindir! Balki dunyoning ayrim yoki aksariyat mamlakatlarida bu kabi ramzlar qabul qilingani bilan bogʻliq sanalar har yili nishonlanmas, lekin davlat mustaqilligini tiklaganiga oʻttiz yil toʻlmagan biz, oʻzbeklar uchun bunday sanalar va bayramlar tansiqdir.

Davlati bor millatning oʻz davlat tili boʻlishi tabiiy va lozim. Shu bilan birga, barcha yurtlarda ham davlat tili qonunchiligi har yili nishonlanmasa kerak. Umuman, mavjud ikki yuzga yaqin davlatlarning har birida “Davlat tili haqida” qonuni yoki shunga oʻxshash biron huquqiy hujjat bormikan?! Bilishimizcha, yoʻq! Bu kabi maxsus tuzuk, odatda, oʻzi ham, tili ham rosa ezilib-toptalib, soʻng siyosiy roʻshnolikka chiqqan xalqlar davlatchiligiga tegishlidir. Bizning holatda esa “Davlat tili haqida”gi Qonun davlat mustaqilligi uchun milliy-ozodlik kurashining belgisi sifatida qimmatlidir, desak, toʻgʻriroq boʻladi.

Deyarli yuz oʻttiz yillik mustamlakachilik muhitida, tilimizdan boshqa milliy oʻzligimiz bilan bogʻliq barcha ildizimiz sugʻurib tashlangan sharoitda odamlarni qoʻzgʻash, izzat-nafsi, yaʼni kimligini esiga solish, gʻaflatdan uygʻotish — ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishi, birlashtirish uchun bundan zoʻr hamda tengsiz omil yoʻq edi. Shuning uchun ham mustamlaka zamonida oʻz foydamizga qabul qilingan va istiqlol yillarida bekor qilinmagan birdan-bir huquqiy hujjat mana shu boʻladi. Ayni sababdan ham, oʻttiz yildirki, har yili kuzakning oʻrtalaridan boshlab, “Davlat tili haqida”gi Qonunimizni hammamiz joʻr boʻlib esga olamiz, aniqrogʻi, olib kelayotgan edik.

Oʻxshatish oʻrinli boʻlsa, yil boʻyi devorda osiqlik turgan, quvurchasi obdan yogʻlangan, oʻqining dorisi toʻkib tashlangan miltigʻimizni qoʻrqa-pisa, ishqilib birov eshitib qolmasin-da, degan choʻchish bilan istar-istamas sekingina bir otib qoʻyar edik. Kelasi yilgacha esa xudo poshsho...

Ochigʻini aytganda, millat yashashi, oʻzi uchun kurashishi, yuksakliklarga intilishi, davlati, jamiyati, oilasi turish-turmushini yuritishi, ikki ogʻiz soʻz bilan aytganda, borligʻi va rivoji uchun oʻz tilidan oʻzga tilda fikrlashi, qiynalishi, qoqilishi, oʻrganishi, bilishi, yaratishi, boshqarishi mumkin va zarurligini boshdanoq miyamizga sigʻdirolmaganmiz. Buning uchun uni majburlash shartligiga ishonmaganmiz.

Milliyligimiz bilan bogʻliq barcha omillarning eng joni qattigʻi esa tilimiz ekan. Necha asrlar va hatto keyingi oʻttiz yilda, ona tilimiz misolida “haqiqat egiladi, bukiladi, biroq sinmaydi” oltin qoidasi oʻzini yana bir bor koʻrsatdi, koʻrsatganda ham oshigʻi bilan koʻrsatdi...

“Davlat tili haqida”gi Qonunning oʻttiz yilligiga bagʻishlangan bosh tadbirni “Toshkent Siti”ning Xalqaro Kongress markazida Prezidentning oʻzlari oʻtkazar ekanlar, degan xabarni eshitganimizda, koʻnglimiz vodiysida ajib bir tuygʻu tugʻildi. Millatimiz borligʻi va taqdiri bilan bogʻliq bunday kuchli tuygʻuni umrimizda ikkinchi marta his qilishimizdir.

Ilk bor 1991-yil avgustining yigirma uch-yigirma toʻrtinchi sanalarida, oʻttiz birinchi avgust kuni Oliy Sovet sessiyasi boʻlishiga oid axborotni oʻqiganimizda ham paydo boʻlgandi bunday his: demak, mustaqilligimiz eʼlon qilinadi! Shunday boʻldi ham. Oradan yigirma sakkiz yil oʻtdi. Mazkur — bir yigit umriga teng muddat ham tez oʻtdi, ham oʻta murakkab kechdi. Koʻngil va ong ushbu jarayon sifatini oydinlashtirib beruvchi bir koʻzgu istasa, “Davlat tili haqida”gi Qonunimiz bosib oʻtgan yoʻl manzaralariga boqish lozim. Shu yoʻsinda, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy turmushimiz qanday kechganini bilib olish mumkin...

Endigi tuygʻuning boisi ne? Nahotki “oddiygina” til masalasi davlat mustaqilligi eʼlon qilinishidek tarixiy voqeaga tenglasholsa?! Nima, biz tilimizni shunchalik yoʻqotib qoʻygan edikmi?! Hatto mustaqillik yillarida ham u shunchalar toptaldimi?! U yoʻq boʻlib ketish darajasiga tushib qolganmidi?!

Nega tilga, birgina Qonunga buncha eʼtibor, sharaf, umid va ishonch? “Davlat tili haqida”gi Qonunni qabul qilish orqali Istiqlol sari ilk va dadil qadamni qoʻymaganmidik, mustaqilligimizni ham oʻz tilimiz bilan eʼlon qilmaganmidik, Konstitutsiya, madhiya, bayroq, gerb, harbiy qasamyod, milliy pulimiz... barcha-barchasida millat tilining hissasi yoʻqmidi?

Yuqoridagi shaxsiy kechinmalarimizdan sezilganidek, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan bogʻliq oʻttiz yillik jarayonning boshidan soʻngigacha guvohmiz... Prezidentimizning davlat tiliga qaygʻurish ishiga shaxsan bosh-qosh boʻlgani, oʻttiz yillik emas, tushungan va bilgan kishi uchun necha ming yillik oʻta muhim muammoni uzil-kesil yechishga bel bogʻlaganini tasodif emas, deb bilamiz. Buni 2018-yil boshida mamlakatimiz yetakchisining elchilarimiz bilan uchrashuvda aytgan quyidagi soʻzlaridan ham anglash biz uchun qiyinchilik tugʻdirmagandi: “Oʻzingiz ayting, elchi degan odam oʻzbek xalqining boy tarixini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini, vatandoshlarining dardu tashvishlarini yaqindan bilmasa, ularni yuragidan oʻtkazmasa, qanday qilib Oʻzbekistonni dunyoga tanitishi mumkin? Deylik, Alisher Navoiydan, Boburdan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovdan ikki qator sheʼr ayta olmasa, eng yomoni, ona tilimizni mukammal bilmasa, qanday qilib haqiqiy elchi boʻlishi mumkin?”

Demak, Oʻzbekistonni dunyoga tanitish uchun millat, avvalo, oʻz tili, adabiyoti, tarixi, madaniyati, qadriyatlarini bilishi kerak! Yaʼni oʻz tilini tanishi zarur. Shundan keyingina uni birovlar tan oladi.

Joriy yilning 23-avgustida boʻlib oʻtgan, xalq taʼlimi tizimini rivojlantirishga bagʻishlangan va chindan ham, tarixiy yigʻilish zamirida faqat taʼlim-tarbiya masalasi bor, degan odam xato qiladi. Buning uchun esa davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan “Buyuk ajdodlarimiz oʻzlarining ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan dunyoga ustozlik qilishgan. Boshqalarga ergashmagan, balki boshqalarni oʻz ortidan ergashtirgan. Biz ham ergashuvchi emas, ergashtiruvchi kuchga ega xalq boʻlishimiz shart. Aks holda, taraqqiyot yoʻlidan chekkaga chiqib, yana tanazzul botqogʻiga botamiz. Ota-bobolarimiz erishgan marralarni osongina boy berib qoʻyamiz. Bu ajdodlar ruhiga, kelajak avlodlarimizga xiyonat emasmi? Bu sohada bugun shoshilinch choralar koʻrmasak, ertaga kech boʻladi” hikmatini sezgirlik bilan uqish lozim.

Yaʼni ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohalaridagina emas, davlat va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq barcha jabhada ergashtiruvchi kuch boʻlishimiz darkor! Uch yil burun boshlangan yangilanishlar, sifat bosqichi oʻzgarishlaridan asl muddao ham shu. Va bu bizning qoʻlimizdan keladi! Ammo oldiniga tilimizni oʻz uyimiz — oila, jamiyat, davlatimizda ergashtiruvchi kuchga aylantirmogʻimiz lozim.

Ajib tuygʻuning yana bir jihati tadbirning aynan “Toshkent Siti”da oʻtkazilishi bilan bogʻliq. Asosiy maqsad jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, goʻzal poytaxtimiz jozibadorligini oshirishdan iborat” boʻlmish ushbu zamonaviy, “aqlli shahar” boshidanoq barchaning aqlini shoshirib qoʻygani yaxshi maʼlum...

Yurtimizning koʻplab kentlarida bor “eski shahar”larni toʻkilib qolganlik maʼnosidagina tushunib kelishimiz ham tilimizga eʼtiborsiz boʻlib kelingani, oʻtmishimizni bilmasligimiz oqibati, desak toʻgʻri boʻladi. Holbuki, mazkur atama juda uzoq zamonlardan beri borliqni ham anglatadi (biz ushbu tushunchani forscha “koʻhna”, arabcha “qadim” soʻzlari orqali ifodalashga oʻrganganmiz). Shuning uchun ham yoshi ikki ming yildan oʻtib, uch ming yil sari borayotgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Qarshi, Shahrisabz, Qoʻqon, Margʻilonning har birida “eski shahar” bor. Toʻgʻrirogʻi, asil shaharlar! Mazkur shaharlarning kelib chiqish va yaralish yeri!

Toshkent ham shunday. Uning Oʻqchi mahallasi oʻtmishi ham juda eskidir. Nomidan ham koʻrinib turganidek, bu yerda oʻq, yaʼni qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi hunarmandlar yashaganlar. Demak, umuman, Turkiston, xususan, Toshkentni ming yillar ichra yomon koʻzlar, yovuz kuchlardan asrashda oʻqchiliklarning xizmati va hissasi boshqacha boʻlgan. Biroq, ming afsuski, mustamlaka davri va keyin ham eski shahrimizning mahallalari toʻkilib qoldi. Eskini yamaguncha, esing ketadi, degan maqol xuddi shu mahallalarga atalib toʻqilgandek...

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari... Onamizning Hazrati Imom (Hastimom) va Qoʻshtut oraligʻida yerlashgan ota hovlisi bilan bogʻliq voqealar esimizda qolgan. Somon suvoqning isi anqib turadigan koʻchalari tor, uylari yashash uchun oʻngʻaysiz, yozda ichimlik suvi, qishda isitish katta muammo, yogʻingarchilik kezlari hovlilarni suv bosishi, chayon, hatto ilon chiqishi oddiylikka aylangan. Eski shaharning barcha mahallalari, jumladan, biz tugʻilib-oʻsgan tarixiy “Besh ogʻayni”ga ham xos manzara hali ham koʻz oʻngimizda.

Buvimizning “Damkoʻm kelib, mahalla buziladi, hech kimni prapiskaga qoʻymalaring, deb qoʻl qoʻydirib ketdi”, deganlari ilk bor qulogʻimizga chalingani oʻsha yillar edi (keyingi yillarda ham bu gapni necha marta eshitganmiz). Shunga ham yarim asr boʻlibdi!

Istiqlol yillarida eski shaharlarimizda meʼmorchilik-qurilish yoʻnalishida biron arzigulik ish qilinmadi, desak adolatdan boʻlmaydi. Biroq bir jihat koʻzga yaqqol tashlanmay qolmaydi. U ham boʻlsa, sohaning mustamlaka davrimizda tugʻilib, ildiz otib ketgan dunyoqarashidan voz kecholmadik. Shaharsozligimiz katta ehtiyoj hamda qurilish har qanday milliy iqtisodiyotni ildamlashtiruvchi kuchligidan kelib chiqib, oldindan oʻylangan yaxlit, zamonaviy reja va mahorat negizida emas, balki yangi yoʻllar, koʻpriklar solinishi, turli tadbirlarga atab quriladigan imoratlar uchun yer maydonlarini boʻshatish zarurati oʻlaroq rivojlandi (oʻshanda ham yillar oralatib va byudjetda mablagʻ topilganda). Uzoqqa borib nima qilamiz, salkam oʻttiz yil ichida mamlakat poytaxtining meʼmorchilik-qurilish rivoji boʻyicha bosh rejasi ishlab chiqilmaganining oʻzi koʻp narsaga ishora!

Shu maʼnoda, koʻpchilik “shaharsozlik sanʼatining eng soʻnggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etgan” “Toshkent Siti” va umuman, yurtimizning turli hududlarida qad rostlay boshlagan boshqa sitilarni koʻrganda, “bizda ham shunday zamonaviy shaharchalar qursa boʻlarkan-ku, qoyil-ey”, deya quvongani, 2016-yil kuzida boshlangan oʻzgarishlar sifat omili nima ekanligini oʻz koʻzi bilan koʻrayotgani bor gap.

Qolaversa, bizga shunday qurilishlar kerakmi oʻzi, buning oʻrniga undoq qilish kerak edi, bundoq qilish kerak edi, deya millatning har sohadagi asriy gʻaflat uyqusidan uygʻonib ketishini istamagan “aqlli odamlar” kamchiligi boʻlganini bugun aytmasak, qachon aytamiz?! Qachongacha andishaning oti qoʻrqoq boʻladi? Qachongacha bagʻrikenglikning oqibati milliy mahdudlik, qoloqlik, jumladan, tilimizning majaqlanishi boʻladi?! (Baʼzan oʻylab qolamiz: tilimizning shu ahvolga tushishida oʻsha kamchil “aqlli”larning qoʻli yoʻqmikan?!)

Oʻtgan asr toʻqsoninchi yillari ikkinchi yarmida Toshkent ahli ogʻzida boʻlgan gap-soʻzlarni eslaylik: koreyslar pul tikib, Oʻqchi mahallasi oʻrnida bir nimalar qurar ekanlar. Keyinchalik bu ishni chetdan yana kimlardir qilishi boʻyicha mish-mishlar tarqaldi. Shu yoʻsinda, yigirma yil oʻtdi, chetdan keladigan bir tiyin yoʻq sharoitda birov bitta choʻpni u yerdan olib bu yerga qoʻymadi, gap gapligicha qolaverdi. Oʻqchi mahallasi, xuddi “oʻqlar yomgʻiri ostida qolgandek”, “ilma-teshik” boʻlib yotaverdi...

“Oʻzbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlanganidan, bu sohada biz koʻp narsaga qodir ekanimizni koʻrsatib turgan” “Toshkent Siti”ni esa oʻzimizning Harakatlar strategiyamiz, oʻz milliy yetakchimiz boshchiligida, qorakoʻzlarimizning kuchi va puli bilan qurdik. Lekin, eng muhimi, davlatimiz rahbarining yurakni quvontirib, aqlni yanada peshlaydigan quyidagi soʻzlarida oʻz ifodasini topdi, deb oʻylaymiz: “Mamlakatimizda yaratilayotgan yangi tarix, yangi taraqqiyot davrining, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining amaliy ifodasi boʻlmish mana shu betakror majmuada birinchi boʻlib ona tilimizga — davlat tiliga bagʻishlangan tantanali marosimni oʻtkazayotganimiz bejiz emas”.

Boshqacha aytganda, zamon bilan qadamma-qadam rivojlanib borishimiz shart. Biroq bu yoʻldagi barcha intilishlar, oʻzgarishlar, yangilanishlar, marralar milliy roʻshnoligimiz uchundir. Uning tugʻi esa oʻzbek tilidir!

Ajib tuygʻumiz bizni aldamadi. Millatimiz hamda tilimizning koʻp ming yillik ogʻir va qiyin yoʻli ilk bor davlat rahbari darajasida xulosalanib berildi: “Oʻtmishda oʻlkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo oʻz tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi maʼlum. Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday ogʻir sinovlarda ham oʻz ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yoʻlda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zoʻravonliklarga qaramasdan, oʻz ona tilini — milliy gʻururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi”.

Boshqalarni bilmadig-u, shaxsan biz uchun tilning tegishli millat yozmishi bilan uzluksiz bogʻliqligidan iborat hikmat yuzaga chiqqanining oʻzi muhim va azizdir. Negaki, milliy yetakchimizning mazkur soʻzlari jaranglaganda, Tomir xotun, Shiroq, Spitamen, Qabach xotun, Xorazmiy, Fargʻoniy, Buxoriy, Termiziy, Shoshiy, Ibn Sino, Beruniy, Zamaxshariy, Margʻinoniy, Kubro, Jaloliddin, Temurbek, Shohruxbek, Ulugʻbek, Ali Qushchi, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Avloniy, Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Qodiriy, Habib Abdulla, Ibrohim Moʻmin, Erkin Vohid, Abdulla Orif singari millatimizning qanchadan-qancha ulugʻ vakillari ruhlari shod boʻlgani aniq.

Kurush va Doriyoʻsh (Doro), Iskandar va arablar, Chingizxon va soʻnggi mustamlakachilar bosqinlariga qarshi jon olib, jon bergan, qaramlikning barcha koʻrinishdagi azob-uqubatlariga chidagan millionlab ajdodlarimiz ruhlari poklangani, shubhasiz.

Ochiq tan olaylik, yaqin-yaqingacha oʻtmishimizda millatimiz boshiga yogʻdirilgan fojialar haqida rasmiy darajada roʻy-rost aytish u yoqda tursin, kundalik axborot makonida hatto qistirib oʻtishning iloji yoʻqolayozgandi. Bir poʻpisa bilan tarix darsliklarimizni oʻzgartirib yuborgan paytlarimiz boʻlganini bugun har kim ham eslay olmasa kerak?! Biz yana koʻcha-koʻylarimizdagi chet yozuvlardan “xafa” boʻlamiz. Oʻtmishining qora kunlarini baralla aytishga yuragi yoʻq til qanday qilib qaddini tiklashi, ruhini koʻrsatishi, chiroyini ochishi mumkin edi? “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganiga bagʻishlangan har yilgi haftaliklarni xoʻjakoʻrsinga oʻtkazib kelganimiz-chi?

Shu maʼnoda, davlat tiliga bagʻishlangan tadbirni davlat rahbarining shaxsan oʻzi oʻtkazgani, unda necha yillar orziqib kutilgan haqiqatlarni baralla aytgani, “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmon qabul qilingani ushbu sanani adolat, haqiqat, aqlirasolik va botirlik gʻalaba qozongan kunga — milliy bayramga aylantirishi tabiiydir. Oddiy, biroq mantiqiy savol: davlat tilining birinchi va doimiy himoyachisi, avvalo, shu davlatning rahbari boʻlishi lozim emasmidi?! Xuddi shunday! Shunday boʻldi ham. Eng asosiy marramiz ham aslida shu!

Hukumat tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamentini tashkil etish, “Davlat tili haqida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish, Atamalar komissiyasini tuzish, eʼtibor bering, 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihasini tayyorlash topshiriqlari-chi! Shularning oʻziyoq odam yuragini zirillatib yubordi-ku!

Ajib orzumiz ortigʻi bilan ushaldi. Boshqalarni bilmadik-ku, mana endi rostmana mustaqil boʻldik, degimiz keladi. Oʻz vaqtida davlat tili uchun kurash bilan boshlangan tarixiy bosqich oʻttiz yil deganda oʻz mantiqiy yakuniga yetdi. Chunki “Davlat tili masalasi milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlishi zarurligi... har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligi” haqiqati yaqqol yuzaga chiqdi. Ushbu sharoitda esa, tilimizga boʻlgan sevgi va sadoqatimizni oldimizga qoʻyilgan vazifalarni yangicha dunyoqarash, bilim, mehnat va oqillik bilan bajarish orqali isbotlashimiz ham farz, ham qarzdir. Milliy yetakchimiz oʻz tarixiy nutqini “buyogʻi barchamiz va har birimizga bogʻliq”, deya bejiz yakunlamadi. Doʻppini yerga qoʻyib, xolis oʻylab, tan bersak, oʻzbek tili rostmana davlat tili boʻlishi yoʻlidagi necha asrlik toʻsiqlar qoʻporilib, toʻgʻonlar buzib tashlandi. Endi bahonalar oʻtmaydi. Buyogʻi, chindan ham, har birimizga bogʻliq!

Azamat ZIYO,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

tarix fanlari doktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?