“Gulshan” bogʻining eshiklari ochildi. Ammo...

16:12 29 Iyul 2019 Jamiyat
741 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Tahririyatimizga uzoq-yaqin hududlardan koʻplab xatlar, murojaatlar keladi. Biz imkonimiz boricha barchasiga yechim topishga, yechim topmagan masalalarga qayta va qayta murojaat qilib, holatni chuqurroq oʻrganishga va fuqarolarga koʻmak berishga harakat qilamiz. Zero, bu saʼy-harakatlarining zamirida inson manfaatlari yotadi. “Xalq soʻzi” gazetasining xs.uz rasmiy veb saytida 12.04.2019 sanasida eʼlon qilingan “Gulshan” istirohat bogʻi qachon oʻz eshiklarini ochadi?” nomli maqolaning natijasini oʻrganish maqsadida muxbirlarimiz Mirzo Ulugʻbek tumaniga bordi. Bogʻning eshiklari ochilgan, ammo taʼmirtalab joylar oʻzgarmaganligining guvohi boʻldik. Hatto bogʻ yoʻllari chiqindiyu xazonlardan tozalanmagan — oʻsha-oʻsha.

Eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat, bogʻ deb atalgan maskanda sayr qilib yurgan biror kimsani uchratmadik. (Albatta, na durust oʻrindigʻi boʻlmagan, na tozalanmagan joyda sayr qilib boʻlarmidi!) Bogʻning atrofidagi kishilardan bu holga munosabatlarini soʻradik. Aytishlariga qaraganda, bogʻ Gʻazalkentga olib boruvchi katta yoʻlga chiqish uchun ochib qoʻyilgan, xolos.

- Sizning tahririyatingizga murojaat qilganimizdan soʻng yana koʻplab OAV lardan muxbirlar keldi bu yerga. — deydi “Shukur Burxonov” MFY raisi Sobir Xoliqov. — “Adolat”, “Pravda vostoka”, “Oʻzbekiston ovozi” gazetalaridan... yana bir qancha telekanallardan ham vakillar kelib, vaziyatni oʻrganishdi. Bizning ham uchramagan tashkilotimiz qolmadi. Ammo natija hanuz oʻzgargani yoʻq. Albatta, hamma narsa pulga borib taqalishi bor gap.Ikki-uch oy avval bir investor bu joyning maʼlum qismini olgan edi, ammo nomaʼlum sabablarga koʻra u ham tashlab qoʻydi. Buning sababini esa faqat yuqoridagilar biladi...

Bundan birgina xulosa chiqarish mumkin, bogʻ va uning atrofini taʼmirlash uchun yo mablagʻ yetishmaydi yoki hafsala. Boisi uch oy ichida faqatgina eshiklar ochib berildi xolos. Taʼmirlash ishlari uchun yana uch oy kutsak ajabmas...

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?