Gulruh AGZAMOVA: Oʻzbekiston va YEOII: siyosiy vazminlik, iqtisodiy bosiqlik

16:46 20 Aprel 2020 Jamiyat
221 0

Soʻnggi kunlarda koronavirus pandemiyasi har bir oilada qanchalik koʻp muhokama qilinayotgan boʻlsa, siyosatchi va iqtisodchilar tomonidan Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalalasi ham shunchalar qizgʻin bahslarga sabab boʻlmoqda. Tan olish kerak-ki, hukumat bu borada siyosiy vazminlikni namoyon etyapti. Chunki “kosa tagidagi nimkosa” bizni koʻproq oʻylantirmoqda.

Birinchidan, faqat “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi” iborasidagina “iqtisodiy” tushunchasi bor. Lekin bu iborada oʻz aksini topmagan, biroq koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻlayotgan mustaqillik, siyosiy, geosiyosiy, madaniy, milliy qadriyatlar kabi masalalarda “yetti oʻlchab, bir kesishimiz” kerak boʻladi.

Ikkinchidan, keng qamrovli ishchi guruh YEOII bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni baholashi kerak. Mazkur jarayonda shoshma-shosharlik toʻgʻri kelmaydi.

Taʼkidlash joizki, ayni vaqtda Oʻzbekiston YEOIIga qoʻshiladimi yoki yoʻq, degan savolni berish ortiqcha. Hozir keng doiralarda koʻproq bunday qarorning oqibatlari haqida fikr yuritilmoqda. Mazkur jarayonda bir-birini inkor etuvchi pozitsiyalarning mavjudligi masalaning nechogʻlik ziddiyatli, qaltis va dolzarb ekanligini bildiradi.

2014-yil 29-mayda Ostona shahrida imzolangan “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida”gi Shartnomaning 4-moddasida uni tuzishning asosiy maqsadlari sifatida aʼzo-davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ular iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, tashkilot doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga intilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarni har taraflama modernizatsiya, kooperatsiya qilish va ular raqobatbardoshligini oshirish kabilar belgilangan. Bu Oʻzbekistonning yangi iqtisodiy siyosatining asoslarini belgilab bergan Harakatlar strategiyasi maqsadlariga mos keladi.

Agarda YEOIIga qoʻshilsak, mamlakatimiz ishbilarmonlari oʻrtasida raqobat muhiti kuchayadi. Bozor talablari, qonun-qoidalari barcha uchun bir xil boʻladi. Gap 185 million aholisi bor ulkan bozor toʻgʻrisida ketmoqda. Respublikamiz oʻz bozorini toʻliq taʼminlay olganmi? Qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sanoatidan boshqa qaysi tarmogʻimiz turib bera oladi?! Axir Yevroosiyo bozoriga yoʻl ochilgach, muayyan tarmoqlar, masalan, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qandolatchilik sanoatimiz raqobatga dosh berolmasligi mumkinligini inkor etib boʻlmaydi-ku?! Tashqi bozorlardagi ulushimiz ortarmikan yoki kalishimizni toʻgʻrilab qoʻyisharmikan?!

Davlatimiz rahbari yil boshidagi Parlamentga Murojaatnomalarida “barcha yoʻllar band ekanligini va hech kim oʻz xohishi bilan uni boʻshatib bermasligini” uqtirib, “biz yoʻllardan uzoqdamiz. Qoʻshnilarimizda dengizga chiqish uchun yoʻl bor. Bizda hozir import koʻp, biroq har bir dollar – bu bizning boyligimiz, chunki biz valyuta toʻlayapmiz. Rossiyaga oʻz manafaatlariga ega Qozogʻiston orqali chiqyapmiz. Hech kim bizga yoʻlni yengillatmoqchi emas”, – degandilar. Bu esa oʻz navbatida, Oʻzbekiston YEOII bilan hamkorligi bu importning oʻsishiga va koʻplab oʻzbek korxonalariga zarba boʻlishi mumkinligiga yaqqol ishoradir.

YEOIIga kirish yoki kirmaslik haqidagi mulohazalarda koʻpincha mehnat migrantlarimizning ish topish, tibbiy sugʻurta va pensiya taʼminoti bilan bogʻliq muammolari tilga olinadi. Qolaversa bu kungi koronavirus pandemiyasi karantini davrida millionlab migrantlarning favqulotdagi vaziyatlarda vataniga qaytishidagi qiyinchiliklar ham masalaga oʻzgacha yondoshuvni talab etmoqda. Bundan tashqari, migrantlar soni millionlab sanalsa, bu ularning oʻz vatanida ish topolmasligidan dalolat beradi, Oʻzbekistonda ishsizlik muammosi hal boʻlmayapti degan tasavvur paydo boʻladi. Migrantlarni ketishini emas - qaytishini oʻylash kerak. Agar migrantlar masalasi vaqtinchalik deb oʻylasak, unda YEOIIga kirish uchun bu argument kuchsiz boʻladi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida Rossiya Federatsiyasi ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan yetakchi davlat ekaniga, Rossiya YEOIIni mintaqada geosiyosiy taʼsirini saqlab qolish maqsadida tuzganiga shubha yoʻq. Ushbu birlashma oxir-oqibat siyosiy blokka aylanishi ham ehtimoldan xoli emas.

Shuningdek, Rossiya Oʻzbekiston uchun sarmoya va texnologiyalar yetkazib beruvchi yagona investor emas. Yurtimizda texnologik masalalar YEOIIsiz ham Xitoy bilan tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda va bu tarmoqning rivojlanishi keyingi 10-20 yillarga ham aniq choralar bilan belgilangan.

Taʼkidlash joizki, Rossiya va Oʻzbekiston iqtisodiyoti hajman bir-biridan keskin farqlanadi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yillik savdo aylanmasi
4 milliard AQSH dollariga teng, shundan toʻrtdan bir qismigina Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri keladi. Qolgani Rossiyadan import qilinayotgan mahsulotlardir. Bundan tashqari, chegaralarni ochish, import uchun bojxona toʻlovlarini tushirish, aksiz soligʻini bekor qilish kabi talab­lar Oʻzbekiston iqtisodiyotini sezilarli ravishda zaiflashtirib qoʻyi­shi mumkin.

Masalaning geosiyosiy tomoni shundaki, Oʻzbekiston dunyodagi qudratli davlatlar - AQSH, Rossiya va Xitoy bilan hamisha masofa saqlab kelgan. Tarozi pallalarini ogʻishtirmay, bir xil muvozanatda ushlagan. Va bunday oqilona siyosat tashqi munosabatlarning subyektlari tomonidan hurmat qilingan va qadrlangan. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilish esa oʻz-oʻzidan muayyan tomonga ogʻishni anglatadi. Bu esa, oʻz navbatida, davlatimizning hozirgi tashqi ijobiy imijini shakllantirayotgan davrda siyosiy imijimizga putur yetkazishi mumkin.

Menimcha, tom maʼnoda tashqi va ichki suverenitetga ega boʻlgan mamlakatning milliy manfaatlari prinsipial ahamiyatga ega boʻlishi kerak. Integratsiya jarayonlariga qoʻshilishda esa siyosiy vazminlik, iqtisodiy bosiqlik tamoyillari ustuvor boʻlishi zarur.

Gulruh AGZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?