Guliston shahri ham oʻz darvozalarini yopmoqda

18:49 26 Mart 2020 Jamiyat
203 0

Arxiv surat

Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahriga barcha hududlardan kirish har qanday transport vositalari uchun toʻxtatiladi

Viloyat hududiga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Sirdaryo viloyat maxsus komissiyasi qaroriga koʻra 2020-yil 27-mart kuni soat 00:01dan boshlab Guliston shahriga kirish va shahardan chiqish vaqtinchalik toʻxtatiladi. Bu haqda Sirdaryo viloyat IIB xabar berdi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — koronavirus infeksiyasi viloyat hududi boʻylab tarqalishining oldini olishdir.

Cheklovlar quyidagi holatlarda tatbiq etilmaydi:

yuk tashish bilan bogʻliq holatlarga;

Guliston shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslarga;

Guliston shahriga kirish uchun viloyat markazidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlarga;

shifokor va hamshiralar, SEOM xodimlari hamda viloyat tumanlariga biriktirilgan masʼul xodimlariga.

Guliston shahriga kirish chiqish faqat ikkita yoʻnalish boʻyicha:

1-yoʻnalish: Guliston shahri, Guliston koʻchasiga yoʻl oʻtkazgich koʻpriq orqali;

2-yoʻnalish: Guliston shahri, Doʻstlik qoʻrgʻoni, Xondamir koʻchasida tashkil etilgan karantin postlari orqali — transport vositalari va yoʻlovchilarni dezinfeksiya qilgan holda amalga oshiriladi.

Guliston shahriga boshqa yoʻnalishlardan kirib-chiqish joylari toʻliq yopiladi.

Shahar hududiga kirishga qoʻyilgan cheklovlarga va karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?