Gʻozgʻon kengliklarida granit toshlarining oʻta noyob yana bir rangdagi turi topildi

22:41 21 Aprel 2020 Iqtisodiyot
637 0

Gʻozgʻon marmari va graniti qadim, asl dovrugʻini tiklash, bebaho yer osti xazinasidan xalqimiz farovonligi yoʻlida oqilona foydalanish ishlariga 2018-yildan chinakamiga kirishildi. Mamlakatimiz rahbari oʻsha yilning 2-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu qurilish materiallariga ichki va tashqi bozorda talab yuqoriligini taʼkidlab, hududda eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan granit va marmarni qayta ishlash korxonalarini barpo etish vazifalarini belgiladi.

Shu asosda Oʻzqurilishmateriallari” aksionerlik kompaniyasi hamda “Ozmilliybank” AJ taʼsischiligida “Marmarobod” MCHJ klasteri loyihasi ishlab chiqilib, 2019-2020 va 2021-2022-yillarga moʻljallangan ikki bosqichli, jami 64 loyihadan iborat investitsion rejalar majmuasi tasdiqlandi. Unga koʻra marmar va granit qazib olish hajmi qariyb toʻrt, qayta ishlash hajmi esa besh baravarga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bu jami 14ta MCHJlar tomonidan birinchi bosqichda 52 million, ikkinchi bosqichda 145 million AQSH dollari miqdoridagi investitsion loyihalarni ishga tushirishni oʻz ichiga oladi.
 

Taʼkidlash joiz, toshga ishlov berishga asoslangan mazkur klasterning 37 gektarlik hududi – Gʻozgʻonning sanoat shaharchasida karantin davrida ham bunyodkorlik ishlari bir zum boʻlsa-da toʻxtagani yoʻq. Tadbirkorlarning ixcham sexlari qurilish va jihozlarni oʻrnatish ishlari, xarsang zaxiralarini yaratish, hududni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, dastgohlarni ishlab chiqarishga moslashtirish xitoylik mutaxassislar ishtirokida olib borilmoqda.

Toshga ishlov berish murakkab jarayon. Bunda Xitoy texnologiyasining afzalligi shundaki u stanoklarni zoʻriqtirmay, toshga bosqichma-bosqich ishlov beradi. Qolaversa, mazkur jarayon tayyorlanayotgan mahsulotda kutilmagan darz ketish holatlarining ham oldini oladi. Mana shunday texnologiyaga asoslangan yana bir korxona – “Marmarobod” MCHJda bugun jadal surʼatlar bilan nihoyasiga yetkazilib, dastgohlarni ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirish ishlari olib borilmoqda.

- Mazkur loyihada toshga ishlov berishning barcha jarayonlarining kompyuterlashtirilganligi mahsulot tannarxini 25-30 foizga pasaytiradi, — deydi MCHJ rahbari Mahmud Sharofatov. – Mazkur omil uning tashqi va ichki bozorda raqobatbardoshligini yetakchi omillardan biri.

Yaqinda izlanishlar natijasida granitning oʻta noyob yana bir rangdagi turi Gʻozgʻon kengliklaridan topildi.
 

- Granitning tim qora rangdagi bu turi “Gabro granit”, deb ataladi, — deydi toshga ishlov berishda ulkan tajribaga ega tadbirkor Sunnat Husainov. – U ayni paytda faqat Ukraina zaminida uchraydi. Bugungi kunda mazkur toshning zaxiralarini oʻrganish, xulosa olish ishlari olib borilmoqda. Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi asosida amalga oshirilgan mazkur innovatsion loyihalar sohaga eng ilgʻor texnologiyalarni jalb etib, unda tayyorlangan mahsulotlar Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini taʼminlab, Gʻozgʻon jilosini hamda graniti dovrugʻini taʼminlashi shubhasiz. Albatta, bu pirovard natijada 2700 kishining doimiy bandligi bilan birga hududning iqtisodiy barqarorligi va aholi farovonligini yana-da oshiradi.

Temur ESHBOYEV,

“Xalq soʻzi” .

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?