Gʻijduvonlik pillakorlar ikkinchi mavsumga kirishdilar

10:20 18 May 2020 Iqtisodiyot
103 0

Bunaqasini yaqin-yaqinga qadar tasavvur ham etib boʻlmasdi: Gʻijduvon tumani pillachilari joriy yilning dastlabki hosilini yigʻishtira turib, ipak qurti parvarishining ikkinchi mavsumiga ham kirishdilar.

— Shu maqsadda 438 quti ipak qurti urugʻini jonlantirdik, — deydi buyurtmachi korxona sanalgan “Buxoro brilliant silk” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tumandagi vakili Vali Majidov. — Bu esa ikkinchi mavsumni jadal boshlab yuborish imkonini berdi. Biz joriy yilda 414 tonna “kumush tola” yetishtirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.Bu niyatga ipak qurtini toʻrt mavsum davomida boqish orqali erishamiz.

Dastlabki mavsum tuman pillachilarining samarali ishlashganini koʻrsatmoqda. 6 ming 250 quti ipak qurti parvarishlandi. Ayni damda pillani yigʻib topshirish yakuniy pallada. Har quti ipak qurtidan oʻrtacha 60 kilogrammdan oshirib hosil olinyapti. Mutaxassislar fikricha, xom ashyoning ipakchanlik darajasi yuqori. Bu daromad ham durust boʻlishi dalolatidir. Aytmoqchi, gʻijduvonliklar dastlabki mavsumdayoq pilladan kamida 7 milliard soʻm daromad koʻrish niyatidalar.

Muvaffaqiyatga pillachilarning moddiy manfaatdorligi taʼminlanayotgani asos vazifasini oʻtayapti. Chunonchi, ularga umumiy qiymati 50 million soʻmdan ziyod boʻnak puli berildi. 212 tonna un, 62,5 tonna oʻsimlik yogʻi, 65 tonna kartoshka va boshqa zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tuman boʻlimi mutasaddilarining taʼkidlashlaricha, ipak qurti mavsumi pandemiya sharoitida ishsiz qolgan fuqarolar bandligini taʼminlashda qoʻl kelyapti. Jumladan, tuman boʻyicha jami 3281 nafar fuqaro ushbu mavsumiy ishga jalb etildi. Ular orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj sifatida roʻyxatga olingan 66 ta kambagʻal oila vakillari bor.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?