Germaniyada “Oʻzbek xalq ertaklari” kitobi namoyish qilinmoqda

17:46 12 Oktyabr 2018 Jamiyat
215 0

Joriy yilning 10-14 oktyabr kunlari Germaniyaning Frankfurt shahrida “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

70 yildan buyon oʻtkazib kelinadigan mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligining “Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nemis tilida nashr qilingan “Oʻzbek xalq ertaklari” kitobi namoyish qilinmoqda.

Xurram Rahimov tarjimonligi ostida chop etilgan mazkur kitobda oʻzbek millatining “Zumrad va Qimmat”, “Yoriltosh”, “Erkenja”, “Ur toʻqmoq”, “Noʻhat polvon” kabi oʻttizdan ortiq sevimli ertaklari jamlangan. Ularda millatimizga xos vatanparvarlik, rahm-shafqat, zukkolik, mehmondoʻstlik, rostgoʻylik, saxiylik kabi oʻnlab fazilatlar ustuvordir.

Shu bilan birga “Oʻqituvchi” NMIU tomonidan jahon adabiyoti durdonalari, jumladan, Daniyel Defoning “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari”, Teodor Drayzerning “Sarmoyador”, Feodor Dostoyevskiyning “Iblislar”, “Kambagʻallar”, Anton Chexovning “Boʻyinga osilgan Anna” kabi kitoblar namoyish qilinmoqda.

Nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan jahon adabiyoti namunalari bilan bir qatorda, nashriyot oʻzbek adabiyotining zabardast yozuvchilari – Abdulla Qodiriy, Maxtumquli, Oʻtkir Hoshimov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidovlarning koʻplab kitoblari bilan ishtirok etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?