Fargʻonadagi mahallada fuqarolar qurt bosgan suv isteʼmol qilmoqda

17:30 10 Iyun 2019 Jamiyat
5985 1

Fuqarolar hali ham isteʼmolda kavlangan sunʼiy hovuzlardan foydalanishadi, imkon boʻlsagina bir haftada uning suvi yangilanadi, boʻlmasa lichinkalar bosib ketgan obi rahmatni qaynatib ehtiyojiga ishlatishadi, desam ishonmasangiz kerak-a? Oʻrta Osiyo gavhari vodiyda-ya, dersiz? Lekin Rishton tumanining dasht hududlaridagi bir nechta qishloqlarda bu luqmani oddiy va odatdagidek qabul qilishadi.

Rishton tumani markazidan 15 km olisda joylashgan Jalayer mahalla fuqarolari yigʻinida 3700 ortiq fuqarolar istiqomat qiladi. Aholining asosiy mehnat faoliyati dehqonchilik va bogʻdorchilik bilan bogʻliq. Fuqarolar yigʻinining Yangiobod, Katta yoʻl, Yuqori dasht mahallalarida esa dehqonchilik tugul ichimlik suvi uzoq yillardan buyon muammoligicha qolmoqda. Aholi qish mavsumining qosh –qovogʻiga qarashga majbur. Chunki izgʻirinli kunlar seryogʻin kelgan mavsum mahalliy tilda oq suv, deb ataluvchi suv biroz moʻl boʻladi. Har bir xonadonda suv gʻamlab olish uchun kavlangan moʻjazgina hovuzlardan chorva va kundalik ehtiyoj uchun ham birdek foydalanishadi. Biroq, qish bu yilgidek quruq kelsa-chi? Ana unda Yangiobod, Katta yoʻl, Yuqori dasht mahallalarida yashovchi fuqarolar uchun haqiqiy sinov kunlari boshlanadi, desak ishonavering.

Sadirxoʻja ZOKIROV,

Yuqori dasht mahallasi, 84-uy:

Xonadonda oʻn jon istiqomat qilamiz. Hovlimizda hovuz kavlab olganmiz. Jaziramada tez bugʻlanishni oldini olish va suv moʻtadilligini saqlash uchun qirgʻoqlariga tol ekilgan. Qirgʻiziston chegara hududidan Uchkoʻprik tumanining Sariqoʻrgʻon qishlogʻiga katta soy oʻqib oʻtadi. Soy suvidan Bagʻdod, Rishton ,Uchkoʻprik tumanlari dehqonchilik uchun navbatdan foydalanishadi. Endi tasavvur qilib olavering, har uchala tumanda necha ming gektarlab sugʻoriladigan hududlar bor. Bizga esa, mavsumda suv moʻl boʻlsagina mahallamizga arang 10-15 kunda suv navbati tegadi. Shundagina hovuzlarimizga, xonadonimizdagi mavjud yirik idishlarga obi rahmat gʻamlab olamiz.

Zokirjon TURDIALIYEV,

Yuqori dasht mahallasi, 101-uy:

Hovuzlardagi jamgʻarilgan suvlarni atigi uch kun mobaynida bemalol isteʼmol qilish mumkin. Undan keyin hovuzlarda turli hasharotlar, lichinkalar paydo boʻladi. Boshqa suv manbasi boʻlmagandan keyin ana shu suvni qaynatib ehtiyojga ishlatishga majburmiz. Kasallik avj olishi, epidemiya tarqalishi ehtimoli hududimizda juda yuqori.

Kunlar issisagina soydan suv oqadi. Bu yil ayniqsa, bahor juda qiyin keldi biz uchun. Bahor sovuq kelganligi bois, Sariqoʻrgʻon soy suvi bir oyga kech keldi. Sizga yolgʻon,bizga chin – chorva, isteʼmol uchun ehtiyoj u yogʻida tursin, hatto, ekin-tikin va bogʻlarni har bir qatnovi 50-100 mingdan suv tashuvchi mashinalar yordamida sugʻordik. Vaqt oʻtishi, vaziyat chigallashishi bilan, hammamizga doʻppi tor kepqoldi. Suv keltiruvchi mashinalarning har bir qatnovining narxi koʻtarilib ketdi. Eshagidan toʻqimi qimmat tushsa ham, bogʻbonlar bogʻlarini saqlab qolish uchun kurashdi.

Shuhrat KOMILJONOV,

Yuqori dasht mahallasi,126-uy:

Uch-toʻrt xoʻjalik bir hovuzdan foydalanamiz. Bolalarga xavfsiz boʻlishi va chorvadan ihota qilish uchun chetan bilan oʻralgan.Uch nafar farzandim bor. Ikki nafari hududimizdagi 22-maktabga qatnaydi. Maktabda ham toza ichimlik suvi – artezian boʻlmagani uchun, har kuni bolalarga yelim idishlarda yoki termoschasiga qaynatilgan suv yoki choy damlab beramiz. Yil-oʻn ikki oy shu zaylda kechadi. Maktabdagi maxsus beton suv sisternasiga esa ishonmayman.

Orifjon QODIROV,

22-maktab direktori:

Bilim dargohimizda Yangiobod, Katta yoʻl, Yuqori dasht mahallalaridan qatnovchi 326 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Haqiqatdan ham maktabimizdaartezian- toza ichimlik suvi mavjud emas. Ilgarilari oʻquvchilar baklashkalarda oʻzlariga suv olib kelishar edi. Bola baribir bolada. Bir birlarining suv idishlaridan foydalanishavergach, gepatit kabi yuqumli kasalliklarning tarqalish ehtimoli kuchayib qoldi. Shuning uchun maktab hududiga yelim idishlarni taqiqlab qoʻydim va tuman sanitariya epidemiologiya nazorat markazidan ruxsat olib,bir ming yetti yuz litrli beton idish tashkil qildik. Bu sisternaga esa suvni sotib olib toʻldiramiz. Har tugul xavfsizroq. Suvning isteʼmolga yaroqliligini muntazam nazorat qilamiz.

Jalayer mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yangiobod, Katta yoʻl, Yuqori dasht mahallalarida nafaqat toza ichimlik suvi, balki bir qancha boshqa muammolar ham toʻplanib qolgan. Masalan, har uchala mahallaga transport qatnovi qoʻyilmagan. Mobil aloqa vositalari yaxshi ishlamaydi. Qish mavsumida koʻchalarda yurishning oʻzi muammo. Bolalar maktabga qatnovda qiynalishadi. Nonvoyxona, ustaxona, mahalla guzari umuman yoʻq. Markazga borish uchun uch-toʻrt transport vositasiga ehtiyoj seziladi.

Maʼlumki, joriy yildan fuqarolar xalq qabulxonalariga emas, balki xalq qabulxonalari vakillarining xonadon-ma xonadon aholi muammolarini oʻrganishi tartibi joriy qilingan edi. Xoʻsh, mutasaddilar bu hududlarga kelishganmi?

Gulmira TURDIALIYEVA,

Yuqori dasht mahallasi, 101 uy:

Rishton tumani xalq qabulxonasi vakillarimi,bilmadim. Lekin qandaydir vakillar mahallamizga kelishgan. Lekin umuman oʻzlarini tanishtirmagan. Nimadandir shoshilgandek, telefonlariga xonadonlar suratini olishib, muammolarimizni soʻramasdan, aholi soni, yashovchilar roʻyxati kabilarni bilishganu, biror nima soʻrashmasin, deb tezda “gʻoyib” boʻlishgan. Rishton tumani markazidagi Xalq qabulxonasiga ham borib muammolarimizni aytganman. Qabulxona mudiri tez fursatlarda koʻchalarimizga shagʻal yotqizdirib berishga tantanali vaʼda bergan edi. Oʻtgan yili ana shu kabi koʻndalang turgan masalalarimizga javoban,“koʻrib chiqilyapti”, “Bartaraf etiladi”, “maʼlum qilamiz” qabilidagi umumiy gaplarga toʻla mavhum javob xatlari ham kelgan. Bizda esa muammolar bisyor. Masalan, hududimizda maktabgacha taʼlim muassasasi yoʻq.

Vaholanki, 348 dona 3-7 yoshdagi bolalar bor. Ularni bogʻchaga qamrab olish oʻta achinarli ahvolda. Buloqboshi qishlogʻidagi 23-maktabgacha taʼlim muassasasi filialiesa Yuqori dashtdan 6 km uzoqlikda joylashgan. Transport qatnovi yaxshi emasligi bois u yerga faqat mashinasi borlar olib borishi mumkin. Avtoulovi yoʻq xonadonlarga esa bolalarini muassasaga berish yoʻl xarajatlari bilan ikki barobar qimmatga tushadi. Qizim esa 3 yil mobaynida bogʻchaga yaqin boʻlganligi uchun katta hovlimizda muntazam yashab qatnagan.

XULOSA OʻRNIDA:

Ayni kunlarda Rishton tumanida prezidentimizning tashabbuslari bilan katta oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Namunaviy tarzda tuman qaytadan chiroy ochmoqda. Bosqichma bosqich, boshqa resurslardan tashqari,birgina mahalliy byudjet hisobidan bunyodkorlik ishlari uchun 30 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilayotgani ayni haqiqat.Yaqin kelajakda Rishtonda 20 dona koʻpqavatli uylarga 480 dan ortiq xonadonlar koʻchib oʻtadi, 2 gipermarket, 5 supermarket, 8 hammom, 5 yirik korxonalar,bozor, kutubxona, koʻngilochar maskanlar qad rostlaydi.Tumandan oʻtuvchi“Fargʻona halqasi” avtomobil yoʻli va unga tutash boʻlgan Rishton markazidagi barcha yoʻllar yoqasidagi obyektlarni shaharsozlik talablari asosida qayta qurish boshlandi.Hozirgacha ishchi guruhi tomonidan 149 noturar joy, 178 turar joy obyektlarida birlamchi ishlar boshlab yuborilgan.

Biroq shuncha katta oʻzgarishlar ogʻushida boʻlgan Rishton tumanining olis hududlaridagi ichimlik suviga, taʼlim muassasasiga, asfalt yoʻllarga, infratuzilmaga ehtiyoji katta mahallalarini beparvo tashlab qoʻyish toʻgʻrimikan? Usti yaltiroq ichi qaltiroq boʻlib qolmasmikan? Shu hududlarga masʼul qilib belgilangan sektor rahbarlarini shu hudud aholisi tanirmikan? Biror marta ular bilan hamfikr boʻlib dardu tashvishlarini tinglaganmikan? Yoki ana shu fuqarolar isteʼmolga yaroqsiz suvlarni hovuzdan olib qaynatib bolalariga ichirayotganidan xabari bormikan? Shu hudud nomidan xalq deputatlari tuman, viloyat kengashlariga saylangan deputatlar mana shu hududlarni obdon oʻrganib, kengashga masala qoʻyganmikan? Xullas, savollar poyonsiz. Javobga kelganda esa...

Unchalik ishonmasakda, mutasaddilardan mana shu koʻtarilgan muammolar yuzasidan aniq tahlillarga asoslangan javob kutamiz.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar


Аҳад Муҳаммадиев

"личинкалар босиб кетган оби раҳматни қайнатиб..." оби ҳаёт деса ҳам бўларди, шундай сувни оби рахматга тенглаштириш шартмиди

19:2610.06.2019