Fargʻonada noyob irgʻay oʻsimligi oʻstirilayapti

23:26 22 May 2020 Jamiyat
801 0

Irgʻayni yana qizil ham deyishadi. U butasimon daraxt, shifobaxsh va noyob turga mansub boʻlib, asosan mamlakatimizning togʻli va salqin hududlarida oʻsadi. Bu daraxt juda suvsevarligi bilan birga sharoitga moslashsagina moʻl hosil beradi. Aslida uning injiqligi ham mana shunda. Uy sharoitiga moslashtirish va oʻstirish igna bilan quduq qazishdek gap.

Ammo Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Turdiali ota Valijonov oʻsimlikni “tili”ni topdi. Biroz, issiq boʻlgan vodiy hududiga daraxtni moslashtirdi.

— Bu daraxtni bir bemor uchun togʻli hududdan oʻzim olib kelganman. Lekin 10 yil avval bu mavjudotni topish rosa qiyin boʻlgandi,  deydi Turdiali ota.  Toshda oʻziga sharoit yaratgan bu daraxt nega endi quruq tayoq gullaydigan Fargʻonada oʻsmaydi? Albatta oʻsadi! Oʻsmasa sharoit yaratamiz, moslashtiramiz, tajriba sinov tariqasida ishlaymiz, degan qatʼiy fikrga keldim. Mana,bir necha oʻn yil boʻlsa-da uddasidan chiqdik. Avvalo, oʻsimlikka tirik mavjudot sifatida qarash lozim,degan fikrdaman. Chunki, daraxt va oʻsimliklar ham hayvonlar kabi mehrni his qiladi. Bu daraxtni ham aytganimdek mehr bilan parvarishladim.

Istarasi issiq, soʻzga chechan, har qanday suhbatdoshini lutfi bilan oʻziga rom qilib oladigan keksa bogʻbonni Fargʻonada koʻpchilik taniydi. Sakson sakkiz yoshni qoralab qolgan boʻlsa-da, hamon tetik, tinib-tinchimaydi.

Turdiali ota nafaqaga chiqqach, uyda oʻtirgisi kelmadi. Ishlab, omma orasida yurgan odam emasmi, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Oʻylab-oʻylab, kichik hovlisiga issiqxona qurdi. Kichik bogʻ yaratdi. Ota har tong nabiralarini yoniga olib, ishga kirishadi. Bugun uning hovlisida sabzavotu, mevalarni, hattoki sitrus mevalarni ham uchratishingiz mumkin. Mahalladagi qoʻshnilarga ota daraxt­larni koʻchatdan oʻstirish sirlarini oʻrgatadi, tomorqasiga, yeriga mehr uygʻotadi.

Darvoqe, bogʻbon ota umr yoʻldoshi bilan birgalikda 5 nafar farzandni tarbiyalab elning xizmatiga kamarbasta qilgan. Nevarayu chevara ularning atrofida parvona. Farzandlariga ham oʻz mehnatsevarligidan yuqtirgan. Ota yashaydigan hovlidagi tomorqada ham bir qarich boʻsh turgan yerni koʻrmaysiz. Oiladagilarning hammasi mehnat bilan band.

Bugun mehnatdan qochmagan, mashaqqatdan choʻchimagan odamning roʻzgʻori obod, turmushi farovon. Turdiali ota Valijonov kabi mehnatsevar, oʻz umrini ezgu, savob amallar, foydali ishlarga sarf etayotgan insonlar faoliyati esa bunga yorqin misol boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?