Fargʻonada 1181ta norasmiy ishchilar aniqlangan, soliq tushumi, 2,7 mlrdga oshgan

13:49 01 Iyun 2019 Iqtisodiyot
211 0

Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi tomonidan turli nazorat tadbirlari, xususan, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qurilish materiallari, oziq-ovqat chakana savdosi va boshqa tadbirkorlik subyektlari kunlik tushumlarning haqiqiy hajmlarini, haqiqiy ishchilar sonini aniqlash maqsadida xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Bu haqda Fargʻona DSB matbuot xizmati xabar berdi.

2019-yil boshidan buyon viloyatimiz barcha shahar va tumanlarida davlat soliq idoralari tomonidan 2130 ta xronometraj oʻtkazilgan. Natijada, monitoring qilingan subyektlarning kunlik tushumlari haftaning mos davriga nisbatan 2,7 milliard soʻmga oshishiga erishilgan, shuningdek, noqonuniy ishlayotgan 1181 ta norasmiy ishchi aniqlangan.

Xronometraj tadbirlarida qanday natijalarga erishilayotganligi yuzasidan eʼtiboringizni qurilish qilaman degan fargʻonaliklar kamida bir marta boʻlsada kirib oʻtgan, ustalarga maʼlum va mashhur, xalq tilida “Polsha bozor” deb nomlanuvchi Fargʻona shahridagi “Qurilish mollari savdo kompleksi”da olib borilgan nazorat tadbirlariga qaratsak.

Mazkur savdo kompleksda faoliyat yurituvchi kafel, turli xil boʻyoq mahsulotlari kabi qurilish mollari savdosi bilan shugʻullanuvchi “Fargʻona Husniddin kelajak savdo” xususiy korxonasi oʻrganilganda maʼlum boʻldiki, tadbirkor faoliyati qonuniy yoʻlga qoʻyilgan, terminal va nazorat kassa mashinasi soz holda ishlayapti. Lekin, bitta muammo – tadbirkor kunlik tushumlari boʻyicha taqdim etayotgan hisobot amaldagisi bilan farq qilmoqda. Yaʼni, 25-mayga qadar oʻrtacha kunlik tushum 2,5 million soʻm deya hisobot topshirilgan boʻlsa, xronometraj koʻzdan kechirish tadbiri oʻtkazilganda haqiqiy kunlik tushumi 3,8 million soʻm ekanligi oydinlashdi. Aytish mumkinki, mazkur vaziyatda bir kunda 1,3 million soʻm, bir oyda esa deylik 30 million soʻmdan ortiq tushum hisobotlarda koʻrsatilmagan va soliq toʻlashdan oʻziga xos usulda “aylanib oʻtilgan”.

Qurilish materiallari bilan savdo qiluvchi yana bir “Compilation colors trade” xususiy korxonasida ham yuqoridagi holat – hisobotlarga koʻra, kunlik tushum oʻrtacha 460 ming soʻm, xronometraj yakunlariga koʻra esa 1,3 million soʻm. Bundan tashqari, ishchilar soni ham oʻrganilganda 3 nafar ishchi rasmiylashtirilganligi, 1 nafari esa noqonuniy ishlayotganligi maʼlum boʻldi. Korxona sotuvchisi B.Sotvoldiyev vaziyatni quyidagicha izohlaydi:

- Toʻgʻri, bizda biroz kamchiliklar bor, soliq xodimlari tushuntirishganidek, albatta, biz ularni bartaraf etamiz, hisobotlarni toʻgʻri yuritamiz. Shu oʻrinda bitta narsani unutmasligimiz kerak, biz ishlab turgan joy bu – bozor, bir kun unday, bir kun bunday savdo boʻladi. Kunlik tushumimiz mavsumga va mijozlarning kelishiga bogʻliq. Hozir savdomiz yaxshilanyapti.

Eslatib oʻtamiz, xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlari viloyat boʻylab muntazam ravishda oʻtkazilmoqda hamda unda tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlar yuzasidan zarur axborotlar berilmoqda, aniqlangan kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?