Fargʻona vodiysi jiddiy ekologik halokat xavfi ostida qolmoqda — Reuters

09:47 07 Noyabr 2019 Jamiyat
297 0

Fargʻona vodiysi yaqin atrofdagi radioaktiv chiqindilar va Qirgʻizistonning Mailuu-Su shahridagi uran koni tufayli ekologik halokat xavfi ostida qolmoqda. Bu haqda Reuters xabar tarqatmoqda

Xabarda qayd qilinishicha, ular xavfsizlik va yordamsiz qolmoqda. Ekologlar va shifokorlar bu haqda tashvish bildirmoqda. Qirgʻiziston hukumatining oʻzi ushbu omborxona mamlakatdagi eng xavfli joylardan biri ekanligini tan oladi.

“Fargʻona vodiysida 14 million kishi istiqomat qiladi va tabiiy ofat yuz bergan taqdirda chiqindilar Norin (Sirdaryo) daryosiga oqib ketishi mumkin, bu butun vodiy uchun fojia boʻladi”, deydi Bolotbek Karimov.

Sobiq Ittifoq davrida uran rudalarini qazib olish va qayta ishlashning eng muhim markazlaridan biri Mailuu-Suda joylashgan edi. 1968-yilga kelib bu yerda qazib olish ishlari yakunlangan va 2 million kubometrdan ortiq radioaktiv chiqindilar Mailuu-Suu daryosi yon bagʻridagi togʻlarga koʻmilgan. Daryo Fargʻona vodiysi boʻylab ham oqadi. Agar mazkur chiqindi qabristonlarini daryo yuvib yuborsa, Fargʻona vodiysi bilan nimalar sodir boʻlishini tasavvur qilishning oʻzi qoʻrqinchli, deyiladi xabarda.

Aholi radiatsiya xavfidan ogohlantirilishiga qaramay qoramollarini oʻsha hududlarda boqib kelmoqda

Reytersga koʻra, hozirda hududda saraton kasalligining tarqalish darajasi oʻrtacha 50 foizdan yuqori. Daun sindromi kabi tugʻma kasalliklar tez-tez uchrab turadi va deyarli hammada qalqonsimon bez kasalligi bilan bogʻliq bir muammolar bor.

Sobiq Ittifoq davrida hech qachon bu hududning oqibatlari haqida hisobotlar, maʼlumotlar berilmagan. Ammo ekologlarga koʻra, agar chiqindilar yuvilib ketadigan boʻlsa, bu nafaqat insonlarning balki, baliqlar, qoramollar va guruch va boshqa turdagi ekin maydonlarining ham zaharlanishi mumkinligini taʼkidlashadi.

Yevropa Komissiyasi va YETTB vakillarining fikriga koʻra, aholisi 20000 kishidan iborat boʻlgan shaharda Mailuu-Su poligonini mustahkamlash yoki boshqa joyga koʻchirish uchun 30 million yevro yigʻish kerak.

Yana 40 million yevro qoʻshni Tojikistonda shunga oʻxshash holatni bartaraf etish uchun zarur. Chunki oʻz vaqtida, u yerda ham xuddi shunday uran qazib olishda foydalanilgan hudud mavjud.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?