Faol hamkorlik umumiy maqsadlarga xizmat qiladi

20:57 29 Oktyabr 2020 Siyosat
148 0

Parlament yuqori palatasi rahbari Tanzila Narbayevaning Jenevaga tashrifi doirasida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK) ijro etuvchi kotibi O.Algayerova, shuningdek Jenevadagi BMT boʻlinmasi va Shveysariyadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Efiopiya Doimiy vakili, Elchi Z.K.Korcho bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

O. Algayerova: Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlari “avj olishida” Oʻzbekiston oʻrni beqiyos

YEIK ijro etuvchi kotibi Olga Algayerova bilan uchrashuvda u Oʻzbekiston Respublikasi BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan tabriklar ekan, bu voqea Oʻzbekiston muvaffaqiyatli tashqi siyosat olib borayotganidan, shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida oʻtgan toʻrt yilda mamlakat katta yutuqlarga erishganidan dalolat berishini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoning ahamiyati tobora ortib borayotgani, Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlari “avj olishida” Oʻzbekiston oʻrni beqiyos ekani taʼkidlandi. “Oʻzbekistonning ochiq siyosati tufayli mintaqaviy hamkorlik rivojlanmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning BMT shafeligida Transport va kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi YEIK mamlakatlari uchun muhim ahamiyatga ega. Mazkur markazni tashkil etishda Komissiya oʻz ekspertlari bilan yordam koʻrsatishga tayyor”, – dedi O. Algayerova.

YEIK Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni diqqat bilan kuzatib borishi hamda transport va logistika, uy-joy qurilishi, transchegaraviy suv resurslari masalalari, xalqaro savdo, ekologiya va atrof muhit, davlat-xususiy sheriklik kabi keng qamrovli sohalarni qamrab oladigan bugungi ikki tomonlama hamkorlikni ijobiy baholashi taʼkidlandi.

Olga Algayerova oʻtkazilgan tadbirlarni, jumladan, Ekologik siyosat qoʻmitasining 25-sessiyasi doirasida (Jeneva, 2019-yil 13-15-noyabr) Oʻzbekiston ekologik faoliyati samaradorligi Uchinchi sharhi tasdiqlanganligini tilga oldi.

Uni amalga oshirish doirasida Oʻzbekistonga YEIKning “Shaharlardagi daraxtlar” tashabbusida hududlardagi shaharlarda daraxt ekish boʻyicha faol ishtirok etish taklif etildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar” Milliy sharhini tayyorlash boʻyicha boshlangan hamkorlikdagi ishlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Oʻzbekistonning YEIK faoliyatidagi faol rolini hisobga olib, O. Algayerova BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti boʻyicha maxsus dasturi (SPEKA) Boshqaruv qoʻmitasining navbatdagi majlisini va Iqtisodiy forumni 2021-yilning kuzida Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida Komissiya taklifini maʼlum qildi.

SPEKA maqsadli jamgʻarmasini taʼsis etish masalasi ham koʻtarildi. Uning tashkil etilishi, O. Algayerovaning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari hududida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zarurdir.

YEIKning ijro etuvchi kotibi Komissiyaning “YEIK mintaqasida koʻp aylanmali iqtisodiyotni va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni targʻib qilish” mavzusida 2021-yil 20-21-aprel kunlari Jenevada boʻlib oʻtadigan yillik 69-sessiyasida Oʻzbekistonni ishtirok etishga taklif qildi. Uning dasturiga YEIK boʻlajak mintaqasining konseptual manzarasini ishlab chiqish, iqtisodiy integratsiya va hamkorlik orqali 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqish kiritiladi.

Parlamentlararo aloqalar – davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshilgan hissa

Jenevadagi BMT boʻlinmasi va Shveysariyadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Efiopiya Doimiy vakili, Elchi Zinebe Korcho Oʻzbekistonni BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan tabrikladi.

Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Efiopiya tomoni parlamentlararo aloqalarning mustahkamlanishi davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlari farovonligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?