Yevropadagi eng katta masjid yaqinda ochiladi. Uning loyihasi oʻzbek meʼmorlari tomonidan tayyorlangan

17:01 13 Mart 2019 Dunyo
731 0

Foto: islam-today.ru

Chechenistonda Yevropadagi eng katta masjid qurilishi nihoyasiga yetmoqda. U Shali shahrida qad rostlayapti. Ushbu masjidda 20 ming kishi ibodat qilishi uchun imkoniyat yaratiladi. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov maʼlum qildi, deb yozadi REGNUM.

Masjid 2019 yilning may oyida ochiladi. Ayni paytda ushbu dargohning ichki va tashqi qismini pardozlash, hududini obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Ushbu ishlarga qariyb 300 nafar mutaxassis jalb etilgan.

“Masjid Rossiya va butun dunyoning haqiqiy durdonasiga aylanadi. Ishonch bilan ayta olamanki, u Chechenistonga sayyohlarning eʼtiborini oshiruvchi obyektga ham aylanadi. Ishlar yakunlovchi bosqichga kirdi”, deb yozadi R.Qodirov “VKontakte” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.

“Groznыy” teleradiokompaniyasi xabariga koʻra, masjid loyihasi oʻzbek meʼmorlari tomonidan ishlab chiqilgan.

Masjid Oʻrta Osiyo va Yaqin Sharq uslublarida bezatilishi, unga Gretsiyadagi keltirilgan oq marmarlardan ishlov berilishi, chiroqlar bilan yoritish boʻyicha ishlarni amalga oshirishda esa italiyalik mutaxassislar ham ishtirok etishi xabar qilingandi. Uni bunyod etish ishlari 2012 yil dekabrda boshlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?