Yerqoʻrgʻonda arxeologik qazishma ishlari olib boriladi

16:22 28 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
305 0

Joriy yilning mart-aprel oylarida Qarshi shahri yaqinidagi qadimiy Yerqoʻrgʻon tarixiy arxeologik majmuasida qazilma ishlari boshlanadi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Oʻzbekiston milliy universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik institutidan jalb etiladigan 20 nafar mutaxassislar ushbu ekspeditsiyani olib boradi.

— Yerqoʻrgʻon tarixiy arxeologik majmuasi hududida yer ostida qolgan qadimiy qalʼa devorlari hamda Zardusht ibodatxonasini ochish rejalashtirilgan, — deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Jahongir Halilov. — Qazish ishlarida, shuningdek, viloyatimizdagi oliygohlarning tegishli fakultetlari talabalari ham ishtirok etadi.

Dastlabki bosqichda Yerqoʻrgʻonning 500 metr hududi oʻrganiladi va devorlarning shakli, tuzilishi boʻyicha tushuncha hosil qilingach, qayta tiklanadi. Shundan soʻng bu maskan xorijlik va mahalliy sayyohlar doimiy keladigan turistik hududga aylantiriladi.
 

Manbalarga koʻra, Yerqoʻrgʻon tarixiy arxeologik majmuasi hozirda eski shahar xarobalaridan iborat boʻlgan turli kattalikdagi balandliklar bilan oʻralgan. Uning atrofida butunlay yoʻqolib ketgan, oʻzaro zich joylashgan shahar oldi imoratlar boʻlgan va ilk mingyillikning birinchi yarmida hududi gʻarbga tomon Qashqadaryo daryosi sohillarigacha choʻzilgan. Yerqoʻrgʻon shahri eramizdan avvalgi VI-II asrlarda u ikki qator devor bilan oʻralgan va maydoni 150 gektarni tashkil etgan. Shahar eftalitlar davlatini ishgʻol qilish davomida Turk hoqonligi va Eron sosoniylarining birlashgan kuchlari tomonidan yoqib yuborilgan hamda vayron qilingan.

Asror Allayarov,

Turizmni rivojlantirish davlat

qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati

hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?