Erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi oʻn sakkiz yosh etib belgilanadi

16:29 24 Avgust 2019 Siyosat
195 0

Mahkumlarga pensiya tayinlash tartibi, pasportning amal qilishini toʻxtatib turish, mehnatga majburlaganlik va ish oʻrinlarini yashirganlik uchun javobgarlik hamda erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi oʻn sakkiz yosh etib belgilovchi normalar joriy etilmoqda.

Bu Senat aʼzolari muhokama qilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda aks etgan, deb xabar berdi OʻzA.

Pensiya yoshiga yetgan sudlanganlar va nogironlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Jinoyat-ijroiya kodeksiga va “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Unga koʻra, manzil-koloniya joylashgan yerdagi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga ariza berish orqali manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlanadi. Pensiyani mahkumlarning shaxsiy hisob varaqlariga oʻtkazish orqali toʻlash nazarda tutilmoqda.

Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan boʻyin tovlashining oldini olish, uni bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini taʼminlash maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksiga “Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish” deb nomlangan yangi bob kiritiladi. Pasportning amal qilishini toʻxtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchi shaxsga nisbatan qoʻllaniladi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks yangi norma bilan toʻldirilmoqda. Unga koʻra, mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tugʻish nafaqalarini toʻlash boʻyicha majburiyatdan boʻyin tovlaganlik, aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik, boʻsh ish oʻrinlarini yashirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Oila kodeksiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi oʻn sakkiz yosh etib belgilovchi norma kiritilmoqda.

Ushbu qonun Prezidentimizning 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarorining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan. Unda 2019-yil 1-sentyabrdan Oʻzbekiston Respublikasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini oʻn sakkiz yosh etib belgilash qayd etilgan.

Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, FHDYO organlari tomonidan 17 yoshda nikohi qayd etilgan xotin-qizlar soni 2016-yilda 4233 tani, 2017-yilda 4853 tani va 2018-yilda 5123 tani tashkil etgan.

Holbuki, “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyaning 1-moddasiga koʻra bola agar qonun boʻyicha ushbu bolaga voyaga yetganlik oldindan belgilanmagan boʻlsa, 18 yoshga toʻlmagan har qanday inson bola hisoblanadi.

Oʻzbekiston mazkur Konvensiyaga 1992-yil 9-dekabrda qoʻshilgan boʻlsada, milliy qonunchiligimizdagi oʻn sakkiz yoshga yetmagan shaxsni nikoh tuzishga (turmushga chiqishiga) ruxsat berilishi haqidagi normaning mavjudligi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq emas edi.

Yuqoridagilarga asosan, Oila kodeksining 15-moddasi birinchi qismi bilan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʻn sakkiz yosh etib belgilanmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi xotin-qizlarning erta nikohini va erta tugʻrugʻining oldini olishga xizmat qiladi. Bu oilalarning yanada mustahkamlanishiga, ajrimlarning oldi erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?