Yer yuzining sayqali. Bugun Samarqand shahri kuni

11:37 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
434 0

Foto: Слава Степанов

Sohibqiron Amir Temur 1370-yilda Samarqandni oʻz davlati poytaxti qilib tanlagach, bu yerda bir-biridan goʻzal, betakror obidalar — koʻrkam jome masjidi, Koʻksaroy, Boʻstonsaroy, Shohizinda kabi inshootlarni bunyod ettirdi va atrofida 12 bogʻ-saroyni yaratdi. Shu tariqa Samarqand betakror sharqona qiyofasi, boy tarixi, har qanday odamni hayratga soladigan noyob obidalari bilan sayyoramizning turli oʻlkalarida afsonaviy shahar sifatida shuhrat qozondi. Shu bois bundan 23 yil muqaddam aynan sohibqironning 660-yillik yubileyida “18-oktyabr — Samarqand shahri kuni” deb belgilangan edi.

Istiqlol yillarida kentdagi tarixiy inshootlar rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, bir qancha bogʻlar va favvoralar qurildi, yoʻlaklar kengaytirilib, sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratildi.

Bu xayrli ishlar bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Xususan, Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali boʻyida turistik markaz qurilishi boshlandi. Majmua uchun 360 gektar yer ajratilib, uning 80 gektarida anjumanlar markazi, 5, 4 va 3 yulduzli mehmonxonalar va boshqa obyektlar qurilishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chogʻida Samarqand xalqaro aeroportini zamon talablariga mos darajada rekons-truksiya qilish, xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish, qolaversa, sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun yangi loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shu asosda ishlab chiqilgan rejaga binoan, 2019-2020-yillarda yangi terminal quriladi, uchish-qoʻnish yoʻlagi taʼmirlanib, samolyotlar turargohi kengaytiriladi, radiolokatsiya tizimi takomillashtiriladi. Ayni kunlarda belgilangan hududda samolyotlar turish va harakatlanish yoʻlaklari yangidan qurilmoqda.

Samarqand xalqaro aeroportidagi barcha loyihalar roʻyobga chiqqach, bu yerda soatiga 600 xorijiy va mahalliy mehmonga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

Prezidentimiz viloyatga ikki yil oldingi tashrifida Samarqand shahri aholisining uy-joyga boʻlgan talabi tobora oshib borayotganidan kelib chiqib, shahar chetidan zamonaviy aholi turarjoy maskanlari barpo etish zarurligini taʼkidlagan edi. Shu topshiriq asosida oʻtgan yili Samarqand tumanining Qorasuv massividan 50 gektarga yaqin yer ajratilib, koʻp qavatli uylar qurilishiga kirishildi. 2018-yilning oʻzida 1 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 ta arzon uy barpo etildi. Huquq-tartibot idoralari xizmatchilari va yosh oilalar uchun 5 qavatli 12 ta turarjoy qurilib, foydalanishga topshirildi. 4 ta 12 qavatli, 5 ta 14 qavatli, 9 ta 16 qavatli uylar qurilishi jadal olib borilmoqda.

Gulobod koʻchasining nihoyatda torligi transport va piyodalar harakati uchun noqulaylik tugʻdirib kelayotgan edi. Shu bois G-34 va Gulobod koʻchalarining kesishmasidan Samarqand tumanidagi Xoʻja Ahror Valiy majmuasigacha olib boruvchi koʻchada 6 qatorli avtomobil yoʻli qurish moʻljallangan boʻlib, ayni paytda 2,4 kilometrlik qismi tubdan rekonstruksiya qilindi.

Rudakiy va Boʻstonsaroy koʻchalari kesishmasida esa loyiha qiymati 67,7 milliard soʻm boʻlgan tonnel qurilishi davom ettirilyapti. Yoʻloʻtkazgichning umumiy uzunligi 534 metr va tonnel qismi 93 metrga yetadi. Shu bilan birga, Boʻstonsaroy koʻchasi boʻylab kengligi 6, balandligi 3 metr boʻlgan piyodalar yer osti oʻtish yoʻli ham quriladi. Rudakiy koʻchasi boʻylab ketgan tramvay yoʻli ham tonnel ostidan oʻtadi.

Samarqand shahri kuni bayramini koʻtarinki ruhda oʻtkazish, aholining yaxshi dam olishini tashkil etish maqsadida puxta hozirlik koʻrildi. Masalan, 7-oktyabrdan boshlab shahar markazidagi Alisher Navoiy koʻchasida viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va qayta ishlangan isteʼmol mollaridan tarkib topgan “Tabiat saxovati” yarmarkasi ish boshladi.

— Safarimiz ushbu yarmarka hamda Samarqand kuniga toʻgʻri kelgani yaxshi boʻldi, — deydi ispaniyalik sayyoh Sofe -Monserat. — Quyoshli tabiatingiz saxovati boʻlgan meva-chevalar biram mazali. Ayniqsa, tarvuz va qovunning shuncha turi bor, deb xayolimga keltirmagan edim. Ularning taʼmi nihoyatda oʻziga xos, shirasi kuchli, toʻyimli. Shahar koʻrkamligiga gap yoʻq. Moziy va bugun uygʻun boʻlgan shahar. Bu yerda ekanimizdan baxtiyormiz.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV 
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?