Energiya narxlari oshadimi? Vazir Alisher Sultonov bilan intervyu

11:27 10 Iyul 2019 Iqtisodiyot
500 0

Xalq vakillari va soha mutaxassislari fikrlari inobatga olingan holda, mamlakatimizda energiya resurslari tariflari optimallashtirilishi kutilmoqda. Bu yangilik internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarda har xil talqin qilinyapti.

Muxbirimiz aholi uchun energiya resurslari tariflaridagi oʻzgarishlarga oydinlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher SULTONOV bilan eksklyuziv tarzda suhbatlashdi.

— Alisher Saidabbasovich, aholi orasidagi narxlar keskin oshib ketadi, qabilidagi gap-soʻzlar qanchalik asosli? Elektr energiyasi, tabiiy gaz tariflarida qanday oʻzgarishlar boʻladi?

— Avvalo, shuni aytish kerakki, ortiqcha vahimaga hojat yoʻq. ­Prezidentimizning aholiga ogʻirlik tushmasin, deya bergan qatʼiy topshirigʻidan kelib chiqib, oʻzgarishlarda, birinchi ­navbatda, aholining ijtimoiy ahvoli, toʻlov qobiliyati inobatga olinadi. Ichki imkoniyatlarimiz toʻliq ishga solinib, xarajatlarni kamaytirish, yoʻqotishlarning oldini olish evaziga ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini arzonlashtirish yoʻllari qidirilmoqda. Boshqacha aytganda, adolatli tarif ­siyosati ishlab chiqilmoqda.

Tariflarda u qadar katta oʻzgarishlar kutilayotgani yoʻq. Inflyatsiya darajasida boʻladi.

Davlatimiz rahbari aytganidek, hisob-kitob boʻlmagan joyda baraka boʻlmaydi. Bugungi islohotlar zamirida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari zarariga ishlamasligini taʼminlash maqsadi yotibdi. Agar ular faoliyati iqtisodiy foyda emas, aksincha zarar tomon ketadigan boʻlsa, bir yoki bir yarim yilda katta yoʻqotish boʻlishi mumkin.

Ochigʻini aytish kerak, issiqlik elektr stansiyalarining asosiy qismi eskirgan. Ularda yonilgʻi sarfi kattaligi ham bor gap. Demak, ularni modernizatsiya qilish, yuqori kuchlanishli havo tarmoqlarini yangilash sohadagi eng dolzarb masala hisoblanadi. Tabiiyki, bular katta mablagʻ talab etadi.

Keyingi paytda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida bu yoʻnalishlarda salmoqli ishlar bajarildi. Joylarda yangi-yangi quvvatlar foydalanishga topshirilmoqda. Birgina 2019-yilning oʻzida Toʻraqoʻrgʻon, Taxiatosh, Navoiy issiqlik elektr stansiyalarining yangi bloklari ishga tushiriladi. Bundan tashqari, energetika tarixida birinchi marta davlat-xususiy sheriklik asosida Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yangi elektr stansiya­lari qurilishiga kirishildi. Bunda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari faol ishtirok etayotgani diqqatga sazovor. Bu kabi loyihalar energetika barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Biroq oldimizda hali qiladigan ishlarimiz, rejalarimiz koʻp.

— Joriy yil boshida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasini belgilangan bazaviy normalarga asosan, hisob-kitob qilishga kirishilgan edi. Nazarimda, bu ijtimoiy tarifni qoʻllashda muhim tajriba vazifasini oʻtadi. Ayting-chi, eksperiment natijasi qanday boʻldi?

— Chindan ham, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab eksperiment tariqasida Yunusobod tumanida joriy qilingan tizim amalda oʻzini toʻliq oqladi.

Gap shundaki, iyun oyiga kelib, 300 kVt/soatgacha elektr energiyasi isteʼmol qiluvchilar ulushi 84 foizdan 86,1 foizga yetib (2,1 foiz oshgan), 300 kVt/soatdan koʻp elektr energiyasini isteʼmol qiluvchilar 16 foizdan 13,9 foizga tushdi (2,1 foiz kamaygan). Pul tushumi 60 foiz oshgani holda, yoʻqotishlar keskin kamaygan. Shuning uchun bu yil yakuni bilan Toshkent, qisman Samarqand, Buxoro va Jizzax shaharlarida mazkur tizim joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Biz, albatta, ijtimoiy tariflarga oʻtamiz. Energiya isteʼmolchilari oʻrtasida taʼminot adolatli boʻlishi kerak. Chunki aholining har xil qatlamlari bor. Minimal energiya resurslari ishlatadiganlar toʻlov chogʻida ragʻbatni his qilishlari lozim. Buning uchun respublikamiz boʻyicha mavjud 7,5 millionta abonentni zamonaviy elektr hisoblash qurilmalari bilan taʼminlash ishlariga ­kirishildi. Bu 2020-yil yakuniga qadar tugallanishi moʻljallangan. Ana shunda amaliyotga ijtimoiy norma va ijtimoiy tarifni toʻliq kiritsak boʻladi.

Xuddi shuningdek, tabiiy gaz boʻyicha 3,5 million abonent bor. Ularga zarur onlayn hisoblagichni oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz va oyiga 300 mingta xonadondagi hisoblagichlarni almashtiramiz.

— Ahamiyat bergan boʻlsangiz, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim aholi qatlamlari daromadining katta qismi kommunal toʻlovlarga sarflanayotgani ­aytilmoqda. Bunday sharoitda isteʼmolchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasi qanday hal etiladi?

— Soʻnggi ikki yilda amalga oshirilayotgan islohotlar aholining toʻlov qobiliyatini oshirish, daromadini koʻpaytirishga qaratilgan. Tarif islohotlari ham xalqqa yengil boʻlishi uchun eng kam ish haqini oshirish reja­lashtirilgan. Koʻrasizlar, aholiga katta ogʻirlik boʻlmaydi.

Bu yerda ishlab chiqaruvchilar tomonidan spekulyatsiya boʻlishi ehtimoli bor. Yaʼni ayrim tadbirkorlar tarif oshdi, bu tayyorlanayotgan mahsulot tannarxiga taʼsir qiladi, deyishlari mumkin. Lekin tannarx ichida energiya resurslarining ulushi qanchaligini aniqlab olish kerak.

Narx-navo ikki barobar oshib ketadi, deydiganlar ham topilmoqda. Oʻzingiz ayting, tarifning ozgina oʻzgarishi ishlab chiqarishga shunchalik taʼsir qiladimi? Ana shuni nazorat qilishimiz kerak. Bunda jamoatchilik nazorati, koʻmagi zarur boʻladi.

Yaqin-yaqingacha dollar kursiga qarab narxni “oʻynatish” holatlari uchrardi. Hatto pista sotuvchi ham bahosini shunga qarab koʻtarib qoʻyardi. Bu notoʻgʻri. Xalqimizda shakllanib qolgan bunday qarashni oʻzgartirishimiz, behuda vahimaga tushmay oʻzgarishlar mohiyatini toʻgʻri tushunishga odatlanishimiz kerak.

— Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini ekologik toza hamda arzon energiya bilan taʼminlashga qaratilgan quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha bir qancha loyihalar tasdiqlangan edi. Ammo ularning natijasi hozircha sezilmayapti...

— Toʻgʻri, hali quyosh, shamol stansiyalari kabi muqobil energiya manbalarini ishga tushirganimizcha yoʻq. Nega, degan savol tugʻiladi. Ilgari bu sohada ishlash tizimi, masalaga yondashuv notoʻgʻri boʻlgan. Aniqrogʻi, shu paytgacha biz kompaniyalar bilan ishlaganmiz.

Hozirgi paytda ushbu yoʻnalishda Jahon banki bilan hamkorlik qilyapmiz. Yirik loyihalar tayyorlanyapti.

Bilasizmi, Jahon banki Afrika davlatlarida tenderni tariflarga eʼlon qilib, quyosh energetikasi tariflarini 2-2,5 sentga tushirgan. Biz ham shu yoʻlni maʼqul koʻrib, bitta tender eʼlon qilganmiz. Yozning oxirigacha natijasi ham boʻladi.

Bugungi islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad bitta, u ham boʻlsa, qayta tiklanmaydigan resurslardan oqilona foydalanib, elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish, taʼminotda bar­qarorlikni, tariflarning maqbulligiga erishishdir.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Said RAHMONOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?