Endi sug‘urta polislarini “Raynet”dan sotib olish mumkin

14:45 16 Aprel 2018 Iqtisodiyot
83 0

“Kafolat sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, virtual ofislar va sug‘urta xizmatlari sotishning yangi kanallarini yaratish maqsadida haydovchilarga ma’lum bo‘lgan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (TVEFJMSQ) polislarini “Uzpaynet” MChJ orqali sotish bo‘yicha yangi dasturiy blok tizimini ishga tushirdi.

Ushbu dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida joylashgan “Paynet” to‘lov shoxobchalari orqali sug‘urta polislarini xarid qilish imkonini beradi.

TVEFJMSQ polislarini rasmiylashtirishda “Uzpaynet” MChJ va uning shoxobchalari tomonidan sug‘urta qildiruvchining polis rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarini (sug‘urta qildiruvchining pasporti, transport vositasi texnik pasporti, haydovchilarning pasportlari va haydovchilik guvohnomalari, transport vositasini boshqarish uchun beriladigan ishonchnomalar va boshqa tegishli hujjatlar) nusxasi rasmlari kompaniya boshqaruviga yuboriladi.

Sug‘urta qildiruvchiga tegishli ma’lumotlar va hujjatlar to‘liqligiga ishonch hosil qilingandan so‘ng sug‘urta qildiruvchi hamda sug‘urta bo‘yicha ma’lumotlar boshqaruv xodimlari tomonidan “Kafolat-online” AMTga kiritiladi va sug‘urta polisining nusxasi PDF shaklda “Uzpaynet” MChJ va uning shoxobchalariga qayta jo‘natiladi.

Ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilishi fuqarolarimizga sug‘urta kompaniyasiga borib o‘tirmasdan, sug‘urta polislarini o‘ziga yaqin bo‘lgan “Paynet” to‘lov shoxobchalari orqali xarid qilish imkonini beradi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?