Endi shpargalka ham, telefon ham yordam bermaydi

16:27 12 Iyul 2018 Jamiyat
1115 0
Foto: marifat.uz

Tartibni buzgan abituriyent esa test sinovidan chetlashtiriladi

Oliy o‘quv yurtida tahsil olish yoshlarning ulug‘ maqsadlaridan biri. Ayni kunlarda oliy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari ana shu ezgu niyatni diliga tukkan yigit-qizlar bilan gavjum. Namangan davlat universitetida ham talabalik orzusidagi yoshlarning hujjatlarini qabul qilish ishlari qizg‘in davometyapti.

Universitetda yangi o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 1865 ta qabul kvotasi ajratilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 365 ta ko‘p, demakdir. Bir paytning o‘zida ta’lim yo‘nalishlari ham oltitaga ortib,zooinjeneriya (baliqchilik), ijtimoiy ish, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish, sport faoliyati bo‘yicha futbol, voleybol hamda kurash mutaxassislarini tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

—Faoliyatimizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida olib boryapmiz, — deydi universitet qabul komissiyasi mas’ul kotibi Narimon Dehqonov. — Qabul jarayonini samarali tashkil etish yuzasidan viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, Davlat test markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tadbirlar rejasiga muvofiq, universitet rektori raisligida tajribali, halol, pok va mas’uliyatli professor-o‘qituvchilardan iborat qabul komissiyasi Talabalar turarjoyida izchil faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qabul komissiyasida abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, hujjat topshirish uchun kelgan yoshlarning ariza blankalarini to‘ldirishlari uchun ajratilgan maxsus joylarda bir vaqtning o‘zida 120 nafar abituriyentning ishi bitadi. Topshirilgan hujjatlarni tezkorlik bilan Davlat test markazi bazasiga kiritish va ularni tekshirish ishlari texnik vositalar yordamida amalga oshirilmoqda. Bunda simli va simsiz internet tarmog‘iga ulangan ikkita VЕB kamera xonasidan unumli foydalanilayotir. Axborot-maslahat markazi qoshida “Murojaatlar markazi” ishlab turibdi.

Ta’kidlash lozimki, joriy yilgi qabul va test sinovlarida adolat va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan qat’iy tadbirlar belgilangan.Test sinovlari uchta pavilon — Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi, Namangan Olimpiya zaxiralari sport kolleji hamda Namangan muhandislik qurilish instituti akademik litseyida o‘tkaziladi. Unda birgina universitetning o‘zidan 140 nafar professor o‘qituvchilar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishadi. Bir bosqichda 600 tadan 800 tagacha abituriyentni joylashtira oladigan pavilonlar zamonaviy kuzatuv va uzatish kameralari bilan jihozlanib, ota-onalar o‘z farzandining sinovdan o‘tish jarayonini hovlida o‘rnatilgan yirik hajmli monitor orqali ko‘rib turadilar.

Shu o‘rinda test sinovlariga kirishda avvalgi yillarda ayrim abituriyentlar tomonidan qo‘llanib kelingan noqonuniy xatti-harakatlarga butunlay chek qo‘yish imkoniyatlari yaratilganligini aytib o‘tish zarur. Eng avvalo, pavilonlarga shpargalka,qo‘l telefoni, boshqa qo‘shimcha vositalar umuman kiritilmasligini ta’minlash maqsadida zamonaviy tekshiruv qurilmasi o‘rnatiladi. Ilgari tartibni buzgan abituriyentdan taqiqlangan vosita olib qo‘yilar, biroq, u sinovga kira olar edi. Endi talab qat’iylashgan,qoidabuzarga nisbatan darhol dalolatnoma tuziladi va u sinovdan butunlay chetlatiladi. Boshqa birovning kimningdir o‘rniga kirishi (hatto, egizaklar bo‘lsa ham) to‘g‘risida aslo gap bo‘lishi mumkin emas. Chunki, kirish joyida qo‘llaniladigan yuqori darajadagi qurilma shaxsning yuz qiyofasini o‘ta aniqlikda ajratib beradi.

— To‘rt yildan buyon hujjat topshiraman, biroq omadim yurishmaydi, — deydi uchqo‘rg‘onlik Umida Asqarova. — Bu yil test sinovlariga juda qattiq tayyorlandim. Amalda joriy etilayotgan yangiliklar, sinovlarning ochiq-oshkoralik sharoitida tashkil etilib, shaffoflik ta’minlanishidan umidim katta.

Abituriyentning fikriga qo‘shilamiz. Zero, test sinovlarida adolat tamoyillarining ustuvorligi, qat’iy jamoatchilik nazorati, eng muhimi, zamonaviy kuzatuv uskunalaridan samarali foydalanish yetarli bilimga ega yoshlarni saralab olishda kutilgan natijani beradi, albatta.

Qudratilla NAJMIDDINOV,“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?