Ektor Kuper oʻrniga milliy terma jamoaga kim keladi?

10:46 21 Sentyabr 2019 Sport
1454 0

Hozirda, Kuperdan soʻng milliy terma jamoani boshqarishga bir qator nomzodlar tilga olinmoqda.

Milliy terma jamoada bosh murabbiy almashish arafasida. Hozirda terma jamoani boshqarayotgan Ektor Kuperga boʻlgan ishonch tobora kamaymoqda. Bu faqatgina Falastindan uchralgan magʻlubiyat bilan bogʻliq emas.

Umuman, Kuper qoʻl ostidagi terma jamoaning oʻyini muxlislarda umid uygʻotmayapti. Bunday oʻyin bilan milliy terma jamoani Jahon chempionatiga olib chiqib boʻlmasligini hamma tushunib turibdi. Demak, tez orada Ektor Kuper bilan xayrlashib, terma jamoani yangi murabbiyga topshirish kerak boʻladi. Xoʻsh, bu qaysi murabbiy boʻladi?

Hozirda, Kuperdan soʻng milliy terma jamoani boshqarishga bir qator nomzodlar tilga olinmoqda. Ulardan qaysi birini terma jamoaga tayinlashni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hal qiladi.

Vadim Abramov. Shubhasiz, aksariyat muxlislar milliy terma jamoaga aynan mana shu mutaxassis kelishini istashmoqda. Sababi Abramov qoʻl ostida Oʻzbekiston terma jamoasi yorqin va hujumkor oʻyin namoyish qilgandi. Natija borasida ham oldinga siljish boʻlgan. Faqat, Jahon chempionati saralashida emas, Osiyo Kubogida. 2011-yil milliy terma jamoamiz Abramov qoʻl ostida oʻz tarixida birinchi marta Osiyo Kubogida 4-oʻrinni qoʻlga kiritgan. JCH-2014 saralashida esa Vadim Abramov 2-bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan. Ammo soʻnggi bosqichning ilk oʻyinida Toshkentda Erondan uchralgan magʻlubiyatdan keyin Abramov isteʼfoga chiqarilgandi.

Mazkur mutaxassis hozirda “Bunyodkor“ jamoasini boshqarayotganini ham taʼkidlab oʻtish kerak. Uning qoʻl ostida asosan yosh futbolchilardan tashkil topgan jamoa yaxshi natijalar qayd etmoqda. Agar Abramov terma jamoaga bosh murabbiy sifatida tayinlanadigan boʻlsa, klubni boshqarishda davom etadimi yoki yoʻq? Bu ham qiziqarli savol.

Shota Arveladze. Arveladze ikki yil deganda “Paxtakor“ni shakllangan jamoaga aylantira oldi. Hozirda ushbu murabbiyning imzosi “sherlar“ oʻyinida yaqqol sezilib turibdi. “Paxtakor“ bu mavsumda mamlakat birinchiligida chempionga aylanishi tobora oydinlashib bormoqda. Jamoa eng yaqin taʼqibchilaridan ancha ilgarilab ketgan.

Oʻz vaqtida Lui van Gal kabi tajribali murabbiyga yordamchi sifatida faoliyat yuritgan gruziyalik mutaxassis milliy terma jamoamiz boshqaruviga kelishi mumkin boʻlgan mutaxassislar roʻyxatida bor.Agar Arveladze milliy terma jamoaga bosh murabbiy sifatida tayinlansa, terma jamoa oʻyinini shakllantirish uchun unga vaqt yetadimi? Har holda terma jamoada xuddi “Paxtakor“da boʻlgani kabi ikki yil vaqt yoʻq.

Timur Kapadze. Mazkur yosh mutaxassis oʻtgan yili maʼlum vaqt davomida milliy terma jamoamizga boshchilik qilgan. Terma jamoa bosh murabbiyi boʻlish qanaqa ekanini oʻzida his qilib koʻrgan. Uning qoʻl ostida milliy terma jamoa Marokash, Senegal, Urugvay kabi jahonning kuchli terma jamoalariga qarshi bahs olib borgandi. Taʼkidlash kerakki, garchi bu oʻyinlarda Oʻzbekiston terma jamoasi magʻlubiyatga uchraganiga qaramay, oʻyin jihatdan muxlislarda ijobiy taassurot qoldirgandi. Hozirda Timur Kapadze “Qoʻqon-1912“ klubida faoliyat yuritmoqda.

Milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiyi haqida gap ketganda yuqoridagi nomzodlardan tashqari Ulugʻbek Baqoyev, Roʻziqul Berdiyev, Davron Fayziyev kabi mutaxassislarning ham nomlari tilga olinmoqda. Ammo bu murabbiylarning milliy terma jamoani boshqarish imkoniyatlari ancha past baholanmoqda. Hozirda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi saralash bosqichida guruhda qiyin ahvolda qolgan. Soʻnggi oʻrindamiz. Guruhda 1-oʻrinni olgan terma jamoalar keyingi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi (Shuningdek, 4ta guruhda eng yaxshi natija qayd etgan 2-oʻrin sohiblari ham soʻnggi bosqichga yoʻl oladi).

Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, hozirda terma jamoamizni ruhlantirib, bir mushtga jamlab, keyingi oʻyinlarga yaxshi tayyorlay oladigan mutaxassis kerak. Bu qaysi murabbiy boʻlishini vaqt koʻrsatadi. Vaqt esa juda kam qolganini ham eslatib oʻtish zarur. Saralashning keyingi oʻyini 10-oktyabr kuni Toshkentda Yaman terma jamoasiga qarshi boʻlib oʻtadi.

P/s: Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanilik mehnat faxriysi, uzoq yillar agronom boʻlib ishlagan futbol muxlisi Ahmad Allayorov esa onlayn nashrimiz tahririyatiga telefon qilib aynan shu masalada oʻz takliflarini bildirdi.

Ahmad aka Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga ukrainalik Aleksandr Demyanenkoni tavsiya etdi. Milliy futbolimiz taqdiriga befarq boʻlmagan surxondaryolik vatandoshimiz aynan ukrainalik mutaxassis 2011-yilda Qarshining “Nasafi”dan juda chiroyli, ahil, kuchli jamoa shakllantira olganini eʼtirof etdi.

Xabaringiz bor, 2011-yilda ushbu klub Osiyo konfederatsiyasi kubogi finalida Kuvaytning “Al-Kuvayt”ini 2:1 hisobida magʻlubiyatga uchratib, birinchi oʻrin egasiga aylangandi. Bu oʻzbek futbol jamoasining xalqaro klublar turniridagi birinchi gʻalabasi sifatida tarixga kirgan.

Ahmad aka bu ishni bir paytlari yurtimizda ishlagan braziliyalik Ziko ham, Skolari ham uddalay olmagani, Kuper esa Falastinni yengishning uddasidan chiqa olmaganini aytib, oʻz fikrini asosladi.

Nima ham derdik, muxlisning taklif bildirishga haqqi bor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?