Eksport, investitsiya va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi

01:12 13 Avgust 2019 Siyosat
93 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-avgust kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari bu masalalarga alohida eʼtibor qaratib, doimiy muhokama qilib bormoqda. Ushbu sohalarga doir hujjatlar qabul qilinib, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-dekabrdagi “Eksportga koʻmaklashish va uni ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tizimi yaratildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yoʻlga qoʻyildi.

Bunday real, amaliy chora-tadbirlar albatta oʻz natijasini bermoqda. Eksport bilan shugʻullanadigan subyektlar safiga 2 mingta yangi korxona qoʻshildi, eksport geografiyasi 42 ta davlatga kengaydi, 59 turdagi mahsulot birinchi marta eksportga yoʻnaltirildi.

Joriy yilning yetti oyida tovarlar va xizmatlar eksporti 7 milliard 331 million dollarni tashkil etgan, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz koʻpdir.

Yigʻilishda “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hamda Toshkent shahri, Fargʻona, Andijon va Toshkent viloyatlarida eksportni koʻpaytirish boʻyicha mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddi rahbarlar eksportyorlarning muammolari bilan tizimli shugʻullanmayotgani, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazib, ularning tashqi bozorga chiqishiga koʻmaklashmayotgani tanqid qilindi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida tashkil etilgan Hududlar va tarmoqlarning eksport salohiyatini oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi korxonalar vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, ularni eksport faoliyatiga jalb etishi, bu boradagi muammolarini hal etish, xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikatsiyadan oʻtkazish boʻyicha yordam berishi zarurligi taʼkidlandi. 

– Eksport imkoniyatlarimiz koʻp. Xususan, paxta tolasi va meva-sabzavotni qayta ishlab, eksportbop mahsulotlar chiqarish mamlakatimizning rivojlanish nuqtalaridan biri boʻlishi kerak. Shu orqali eksportni koʻpaytiramiz va yangi ish oʻrinlariga ega boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi. Bu tayyor “brend” eksport uchun katta imkoniyatdir.

Prezidentimizning shu yil 29-iyul kuni qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori mazkur imkoniyatdan samarali foydalanish, agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan.

Unga koʻra, 2019-2021-yillarda umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar boʻlgan 45 ta agrologistika kompleksi, qayta ishlash boʻyicha 205 ta yangi quvvat, 36 ming gektar intensiv bogʻ tashkil etish rejalashtirilgan. 

Yigʻilishda shu boradagi ishlarning ijrosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarish va buning hisobiga meva-sabzavot eksportini 2021-yilda 2 barobar oshirish zarurligi taʼkidlandi. Takroriy maydonlarga eksportbop ekinlar ekish, ayniqsa, dukkakli mahsulotlarni eksportga koʻproq chiqarish muhimligi qayd etildi.

Xorijga tashriflar hamda xalqaro koʻrgazmalar doirasida imzolangan eksport shartnomalarining bajarilishi, oktyabr oyida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli xalqaro koʻrgazma oʻtkazilishiga oid masalalarga ham eʼtibor qaratildi.

Eksportyorlarning xorijdagi savdo uylari ustav kapitali miqdorini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Investitsiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchi. Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalar yoʻnaltirilayotgani natijasida koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Masalan, joriy yilning birinchi yarmida 85 trillion 775 milliard soʻm investitsiya oʻzlashtirilgan, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar koʻpdir. Asosiy kapitalda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushi 2,5 barobarga oshib, 1,7 milliard dollarga yetgan. Davlat kafolati boʻlmagan xorijiy kreditlar esa 3,7 barobar koʻpaygan. Oʻzlashtirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi hududiy loyihalarga toʻgʻri kelmoqda.

Bu koʻrsatkichlar qayd etilar ekan, endi asosiy eʼtiborni yilning qolgan davrida koʻzda tutilgan investitsiyalarni toʻliq oʻzlashtirishga qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish sust kechayotgan tarmoqlar rahbarlari mavjud holat sabablari va bu boradagi ishlarni jadallashtirish rejalari toʻgʻrisida hisobot berdi.

Vazirlar Mahkamasiga 2019-yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 4,2 milliard dollar boʻlgan 145 ta loyiha boʻyicha sanoat obyektlarini muddatida ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid va azot kislotasi ishlab chiqarish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirish, Toʻraqoʻrgʻon, Taxiatosh va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida yangi bugʻ-gaz uskunalarini oʻrnatish, Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihalari shular jumlasidandir.

Tahlillarga koʻra, oxirgi oʻn yilda ishga tushirilgan qirqqa yaqin yirik korxona quvvatlaridan toʻliq foydalanilmayapti.

Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan korxona va obyektlar faoliyatini tahlil qilib, kam quvvatda ishlayotganlarini loyiha parametrlariga olib chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu dasturga, avvalo, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan 650 ga yaqin kelishuvlarga muvofiq ishlab chiqilgan aniq loyihalarni, shuningdek, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, muqobil energetika, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari, agrosanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi loyihalarni kiritish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Videoselektorda yana bir muhim soha – mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi atroflicha tahlil qilindi.

Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymat yaratish va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish iqtisodiyot barqarorligining muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda mahalliylashtirishni rivojlantirish, korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga zarur sharoit yaratilmoqda.

Lekin ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish boʻyicha ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgani tanqid qilindi.

– Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa oʻzini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash oʻrniga osongina import qilishga oʻrgangan, – dedi Prezidentimiz.

Yurtimizda molibdenning 1,1 foizi, tabiiy gazning 12 foizi, ruxning 21 foizi, misning 25 foizi, meva-sabzavotlarning 20 foizi, ip-kalavaning 46 foizi qayta ishlanmoqda, xolos. Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qoʻshilgan qiymatni 5 baravargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.

Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20 foizga oshirish, import ulushi yuqori boʻlgan tovarlarni mahalliylashtirish boʻyicha dastur tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Hisob palatasi tarkibida mahalliylashtirishni kengaytirish masalalarini tahlil qiladigan boʻlinma tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Videoselektorda tarmoqlar hamda hududlar rahbarlarining hisobot va takliflari eshitildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?