Ekspertlar yalpi majlis kun tartibidagi qonunlarni koʻrib chiqdi

09:46 21 Avgust 2019 Siyosat
148 0

Senatda Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Ishchi guruh aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan qonunlarni muhokama qildilar. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

“Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining muhokamasi chogʻida mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq ishlab chiqilib, amaldagi qator qonun hujjatlari normalarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirishga qaratilgani taʼkidlab oʻtildi. Jumladan, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokamasida ishchi guruh aʼzolarining taʼkidlashicha, kiritiladigan oʻzgartishlar fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan tegishli sohalarda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari “Baʼzi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ham koʻrib chiqdi. Xususan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga fuqarolar yigʻinidagi “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari lavozimlarini bekor qilishga hamda ichki ishlar organlari tayanch punktlari tarkibiga jamoat tartibini saqlash boʻyicha (katta) profilaktika inspektorlari yordamchilari lavozimlarini joriy etishga qaratilgan oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham koʻrib chiqildi.

Barcha muhokama etilgan qonunlar yuzasidan ishchi guruh aʼzolari oʻz nuqtayi nazarini bayon etdi, ularning umumlashtirish esa senatorlarga toʻgʻri qaror qabul qilish imkonini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?