Ekologik madaniyat sari: bizga obodlik yarashadi

11:41 26 May 2020 Jamiyat
121 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Inson zoti borki, xatolardan xoli emas. Biroq, bu holatni kechirimli, deb ham tushunish kerakmas. Agar eʼtiborli, hushyor va oʻz majburiyatimizga burchli boʻlsak, bu kabi kamchiliklardan xoli boʻlamiz. Afsuski, koʻp narsani bilamiz-u, unga amal qilmaymiz. Shu feʼlimiz tufayli ham xato sodir etaveramiz. Eng yomoni uning natijasida atrofdagilarga, tabiatga, mavjudotga zarar yetadi. Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi esa bu boradagi saʼy-harakatlarga katta eʼtibor qaratmoqda. Misol uchun, tashkil etilgan ekologik nazorat jarayonida Xoʻjaobod tumanida fuqaro Hamidillo Akramov (ism-shariflar oʻzgartirilgan) avtomashinalarni yuvishdan chiqqan oqava suvni belgilanmagan joyga toʻkayotganligi aniqlandi. Uning bu xatti-harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 72-moddasi 1-qismiga binoan 669 ming soʻm jarima belgilanishiga sabab boʻldi.

Odatda qurilish obyektlari uchun eng zarur boʻlgan shagʻal xom ashyosini bizga berilgan beminnat tabiiy inʼom, deb tushunamiz. Shu bois ham maxsus transport vositalari egalari uni soy va daryo boʻylaridan bemalol kovlab olishga odatlanganlar. Vaholonki, bu kabi amallarni bajarish uchun ham maxsus ruxsatnoma kerak va qazilma ishlari belgilangan joylarda amalga oshirilishi darkor. Xonobod shahrida istiqomat qiluvchi Umidjon Abdullayev endi buni yaxshi biladi. Boisi, mutasaddilar tomonidan olib borilgan nazorat tekshiruvi davomida u boshqaruvidagi ekskavator yordamida shagʻal kovlayotganligi aniqlandi. Uning bu harakatlari huquqbuzarlik hisoblanishi uqtirib oʻtildi. Qonun esa barchaga barobar. Umidjon ham bu boradagi tamoyillarni nafaqat, yaxshi anglab yetdi, shu bilan birga 2 million 230 ming soʻm miqdorida maʼmuriy jarima toʻlashiga toʻgʻri keldi.

Bogʻbonning vazifasi bogʻni asrash, shundaymi? Undagi daraxatlarni parvarishlash, vaqtida ishlov berish uning kundalik vazifasi boʻlmogʻi kerak. Afsuski, oramizda oʻzini shu boqqa aloqador har qanday ishga vakolatli hisoblovchilar ham yoʻq emas. Ana shulardan biri Javlonbek Yoʻldoshev Baliqchi tumani Markaz MFYda joylashgan Agrobank ATB Baliqchi tuman filialida bogʻbon vazifasida mehnat qiladi. Respublikamiz tabiati uchun ahamiyatli boʻlgan 4 tup manzarali yapon sapurasini nima maqsadda kesib yuborganini bilmadig-u, biroq bu qilmishi tufayli Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan 1 million 184 ming soʻm miqdorida jarima toʻlagani aniq.

“Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Xoʻjaobod tumanlari va Xonobod shahridagi 8 ta obyektlarda monitoring oʻtkazildi. Natijada ayrim korxonalarda atmosferaga tashlanayotgan tashlamalarda chang miqdori ruxsat etilgan meʼyordan 1,24-marta yuqori ekanligi aniqlandi. Bu esa 2 ta ishlab chiqarish korxonasiga 26 mln. 206 ming soʻm jarima belgilanishiga sabab boʻldi”,-deydi Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Lochinbek Isomiddinov.

Odamzot oʻzini qanchalik hurmat qilsa ona tabiatni, atrof muhitni shunchalik yaxshi koʻrishi kerak. Sababi, bizni oʻrab turgan borliq – bu bizning uyimiz! Bizga esa ozodalik, saranjomlik, obodlik yarashadi!

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?