Dunyoga dongʻi taralgan oʻzbek noni haqida kitob nashr etiladi

22:19 15 Aprel 2020 Welcome to uzbekistan
434 0

Oʻzbek dasturxonini tandirdan yangi uzilgan nonsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Non ham palov singari xalqimizning nomoddiy madaniy merosi hisoblanadi, zero uning ham oʻziga xos tarixi bor.

Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar ham doim oʻzbek noni taʼmiga yuqori baho berib, hatto oʻzlari bilan birga olib ketishadi. Mashhur va mazali oʻzbek nonlari haqida taniqli oshpaz Baxriddin Chustiy kitob yozib, nashrga tayyorladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.
 

Oʻzbekistonning har bir hududida tayyorlanadigan nonlar bir-biridan farqlanadi. Shuning uchun Baxriddin oʻzbek nonlarini tayyorlash retseptlari va texnologiyalariga oid bilimlarini yana-da boyitish hamda ularni bir kitobga jamlash maqsadida mamlakatimiz hududlari boʻylab sayohat qildi.

Chustiyning aytishicha, ushbu kitobda 50 dan ortiq turdagi non va non qoʻshib tayyorlanadigan 10 xil taom retsepti jamlangan. “Ular orasida qadimgi unut boʻlgan va barchaga maʼlum boʻlgan retseptlar, shuningdek yangi tadqiqotlar keltirilgan. Shuning barobarida kitobdan non va nonli taomlarni pishirish madaniyati va urf-odatlari, tandir, chakich va non bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar bor”, — deydi oshpaz. Kitob dastlab oʻzbek tilida nashr etiladi, keyinroq uni rus, ingliz va turk tillaridagi versiyalarini nashr etish rejalashtirilgan.

Oʻzbek noni haqidagi kitobni nashrga tayyorlash ustida katta professional guruh ish olib bordi. Bugungi kunga kelib kitob chop etishga tayyor va yaqin kunlarda nashr etiladi. Taʼkidlash joizki, ushbu kitob Oʻzbekistonning gastronomik madaniyatini yana-da ommalashtirish yoʻlida xizmat qilib, shubhasiz, gastronomik turizm rivojiga oʻz hissasini qoʻshadi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?