Divya Xosla Kumar: Oʻzbekistonning ulkan va serqirra madaniy salohiyatini oʻzim uchun kashf qildim

00:57 11 Aprel 2019 Jamiyat
463 0

Dehli shahrida boʻlib oʻtgan “The Delhi Times Fashion Week — 2019” modalar haftaligida mashhur hind dizayneri Ritu Berining Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus kolleksiyasi — “Fargʻona jozibasi” deb nomlangan liboslar toʻplami namoyish etildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, liboslar taqdimotida hindistonlik madaniyat arboblari, diplomatik korpus vakillari, atoqli modellar va kinoyulduzlar ishtirok etgan.

Ritu Beri eksklyuziv liboslar toʻplamida Oʻzbekistondan keltirilgan xonatlas, adras va boshqa anʼanaviy gazlamalardan foydalangan. Namoyish tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan iliq kutib olindi.

“Mazkur taqdimotga oʻzgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik koʻrdik. Taqdim qilingan liboslarda oʻzbek va hind milliy anʼanalarini uygʻunlashtirgan holda, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tarixiy doʻstona aloqalar, madaniy yaqinlikni aks ettirishga harakat qildik”, deydi dizayner.

“Oʻzbek milliy gazlamalarining yorqin jihatlarni oʻzida ifodalagan bugungi taqdimot qatnashchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Bugun Oʻzbekistonning ulkan va serqirra madaniy salohiyatini oʻzim uchun kashf qildim”, deya taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi mashhur hind aktrisasi Divya Xosla Kumar.

Bu kabi tadbirlar Oʻzbekistonning madaniy salohiyatini keng targʻib etish, mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash bilan birga, yurtimizga hindistonlik sayyohlar oqimi koʻpayishiga ham xizmat qiladi.

Hindistonlik turizm blogeri Karan Bxarvaj aytganidek: “Eksklyuziv kolleksiya namoyishida ishtirok etgan har bir kishida Oʻzbekistonga tashrif buyurish va uning madaniy merosidan bevosita bahramand boʻlish ishtiyoqi uygʻongani shubhasiz”.

Eslatib oʻtamiz, Ritu Beri Oʻzbekistonning Hindistondagi madaniyat va turizm elchisi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?