Dilga koʻchgan til ogʻrigʻi yoxud inson taqdirini oʻzgartira olgan tilimiz taqdiri xususida

13:19 07 Oktyabr 2019 Madaniyat
269 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Har bir millatning dunyoga borligʻin koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdir.

Abdulla Avloniy.

“Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlayapmiz. Inson hayoti mezoni bilan oʻlchasak, oʻttiz yosh toʻliq ulgʻayish va intellektual shakllanish davri sanaladi. Bugun Davlat tilida savodi chiqqan farzandlarimiz ulgʻayib, 30 yoshdan oshdi. Lekin tilimiz ham ulgʻaydimi?

Qarshi shahri misolida koʻchalarni toʻldirib tashlagan bannerlar, atamalar, eʼlon va reklamalar, pannolarning oʻzbek tili grammatikasiga asoslangan yagona imlo talablari asosida tayyorlanishining ahvoliga nazar tashlaydigan boʻlsak, nahotki hali shunchalik savodsiz boʻlsak, deb yuborishingiz tayin.

Shaharni aylanar ekansiz, “Kserokopiya”, “Optom”, “Arenda”, “Ximchistka” kabi xorijiy soʻzlarning oʻzbek tilidagi “Kseronusxa”, “Ulgurji”, “Ijara”, “Kimyoviy tozalash” kabi muqobillari butkul isteʼmoldan chiqarib tashlanganiga guvoh boʻlasiz. Lotin yozuviga asoslangan “Oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonunga zid ravishda tadbirkorlik, tijorat va maishiy xizmat atamalarining asosiy qismi kirill imlosida yozilganiga nima deysiz? Oddiygina imlo xatolari bilan toʻlib toshgan panno, banner, eʼlon va reklamalarga har qadamda duch kelishingiz yanada asablarni tarang qilib yuboradi.

Shahardagi Charmgar mahallasidagi eʼtiborli xonadonlardan biri peshtoqida oʻrnatilgan xotira lavhasida bu uyda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi”... yashagan” deb yozib qoʻyilgan. Agar unvonlarning yozilishida punktuatsiya fani qoidasiga koʻra qoʻshtirnoq ishlatilmasligini eʼtiborga oladigan boʻlsak, unvonning ikki tomonlama qoʻshtirnoqqa olinishi bu atama masxaromuz, kesatiq, kinoya maʼnosini kasb etishi oʻz-oʻzidan maʼlum-ku!

Shahar kezib, tasviriy sanʼatning turli janrlarida yozilgan bitiklarni sinchkov nigoh va tafakkur elagidan oʻtkazganimizda esa bunday imloviy nuqsonlar hali eng oddiy, koʻzga tashlanmas xatolar ekanligi ayon boʻladi. Shahardagi oʻnlab savod oʻrgatuvchi pulli oʻquv markazlaridan birining eʼloni matniga eʼtibor qiling. (SURAT) Agar til sohasidagi bilimingizni ishga solib, sinchkovlik bilan tahlil, tahrir qilsangiz, bir necha soʻzdan iborat bu eʼlonda “Davlat tili haqida”gi, “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonunlar, oʻzbek tili grammatikasi qoidalari qoʻpol ravishda buzilganligini bilib olasiz. Agar savod oʻrgatuvchi “savodxon”ning savodi shunday boʻlsa, bu oʻquv markazida savod oʻrganadiganlarning savodi qay darajada ekan?!

Doʻkon, maishiy xizmat nuqtalari nomlarida esa xatolar bundan-da koʻp boʻlsa koʻp-ki, oz emas. Birgina goʻzallik salonlarida koʻrsatiladigan xizmat turlarining asosiy qismi rus va xorij tillarida, oʻzbek tilidagisi esa imlo xatolarsiz emasligi dilingizni ogʻritadi. Holbuki, atamalar, eʼlon va reklamalar xorij tilida yozilsa, uning oʻzbekchadagi muqobili lotin imlosida qayd etilishi lozimligi Qonunda alohida belgilangan. Ammo, bunaqasini uchratmadik shahar kezib. Eng kulgili, ajablanarli va dilni xira qiladigan tomoni shundaki, ayni shu atamalar, panno, banner, eʼlon va reklamalar yozishga ixtisoslashgan ustaxonaning mijozlarga murojaati oʻzbek va rus tillarida gʻij-gʻij imloviy xatolar bilan yozilgan. Men tabibdan davo istasam, tabibimning oʻzidir bemor, deb shunga aytsalar kerak-da! (surat).

Tilning kuchi, soʻzning qudrati haqida koʻplab hikoyatlarni keltirish mumkin. Birgina vergul joyining oʻzgarishi suz maʼnosini teskariga oʻgirib yuborishi haqidagi latifalar bejizga aytilmagan!

Afandi suv ustida talashib qolgan boy qoʻshnisini “siz ahmoqsiz” deb haqorat qilca, boyning ori kelib, Afandini qoziga sudrabdi. Qozi Afandi soʻzini qaytarib olib, boydan kechirim soʻrashi lozimligi haqida hukm chiqaribdi.

Shunda Afandi boyga qarab:

-Siz ahmoq odam emassiz, - deya “ahmoq” soʻzidan soʻng salgina toʻxtalib, uzr soʻragan boʻlibdi. Afandi “uzr”ining bu shaklida boyning haqiqatan ham ahmoq odam emasligini tan oladi, goʻyo. Ammo, bu gapning yozma shaklida “Siz” soʻzidan soʻng tire, “ahmoq” soʻzidan keyin qisqa toʻxtalish, yaʼni vergul qoʻyib oʻqilishi aks maʼnoni beradi. Agar taʼbir joiz, qiyos oʻrinli boʻlsa, bu latifa qadim allomai zamonlar, xususan, Alisher Navoiy hazratlarining serjilo soʻz boyligidan suv ichgan ohangrabo oʻzbek tili imkoniyatlarining bir dalilidir. Yoki, A. S. Pushkinning “Kapitan qizi” povestida tasvirlanganidek, qoʻzgʻolonchilar yetakchisi (atamani) Yemelyan Pugachyovning odamlarni qatl yo ozod qilishi birgina vergulning qaysi soʻzdan soʻng qoʻyilishiga bogʻliqligini (“Ubit nelzya щadit”) eʼtiborga oladigan boʻlsak, soʻzgina emas, birgina tinish belgisi ham inson taqdirida hayot-mamot vazifasini bajarishi mumkin.

Oʻzbek tilida bunday gaplar omonim, yaʼni yozilishi bir xil, maʼnosi har xil gaplar deb ataladi.

Tinish belgilarini qayerda, qanday ishlatish qoidasini bilmaslik tufayli qoʻllash oqibatida bunday 2-3 maʼnoli gaplar, iboralar shahar va tuman markazlarini, xususan Qarshi shahri koʻcha va xiyobonlari, istirohat bogʻlarini bezagan rang-barang atamalar, pannolar, bannerlar, eʼlon va reklamalar, chaqiriq hamda murojaatlarda oʻz ifodasini topsa bormi, biling-ki, bu savodsizlik tegirmoniga suv quyishdan oʻzga narsa emas.

Shahardagi mahalla va koʻchalar nomlarining yozilishi bilan tanishar ekansiz, bu lavhalar “ijodkor”lari “Oʻzbek tilining izohli loʻgʻati” yoki “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ni varaqlab ham koʻrishmagan degan xulosaga kelasiz. Agar buning aksi boʻlganda, shahardagi koʻchalar nomlarida “Qizil machit” (aslida “Qizil masjid” boʻlmogʻi lozim) kabi koʻplab imloviy xatolarga yoʻl qoʻyilmagan, qariyb barcha mahallalar nomlari qoʻshtirnoqqa olinmagan, Qarluqbogʻot atamasi garchi ikki soʻzdan iborat boʻlsa ham qoʻshib yozilgan boʻlur edi. (Surat) Uni bilish uchun esa tegishli ilmiy adabiyotlarni topib varaqlash, hech boʻlmaganda bu soʻzlar aslida qanday yozilishini bilmoq uchun internetga murojaat qilmoq lozim. (Charmgar mahallasi tushirilgan 2 ta surat) Bu atamalar imlosining esa qaysi biri toʻgʻriligini aniqlash sizga havola, aziz gazetxon.

Xullas, Qarshi shahri koʻchalarini aylanib, turfa yozuvlarni oʻqir ekansiz, ularda Qonunda qatʼiy belgilangan tartib yoʻqligiga ishonch hosil qilasiz? Koʻchalar koʻzgusi boʻlgan yana bir omil –shaharning Markaziy koʻchasi Islom Karimov va boshqa koʻchalaridagi koʻp qavatli turarjoylarda koʻcha nomi va uy raqami yoʻq.

Davlat tili haqidagi Qonun qabul qilinganiga 30 yil toʻlgan boʻlsa-da u jamoat transportlariga hamon begonaligicha qolmoqda. Aks holda avtobuslarda bekatlar nomi “elektroset”, “narsud”, “gorbolnitsa”, “voyenkomat” tarzida rus tilida eʼlon qilinmagan boʻlardi.

“Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunining 20-moddasida “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”, deyiladi. Bugun ushbu qonun talablari bajarilyaptimi? Xato soʻzli axborot matnlarining bunchalik urchib ketishiga nima sabab boʻlmoqda? Qarshi shahar hokimligi huzuridagi atamalar, bannerlar va boshqa axborot vositalarining davlat tilida yozilishiga masʼul boʻlgan komissiyaning asli vazifasi nima?. Ushbu komissiya “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi tomonidan shahar koʻchalarida ilinadigan bannerlar matnini tasdiqlashi lozim emasmi? Va nihoyat, bu sohaga masʼul boʻlgan mutasaddilarning oʻzi ushbu qonunlardan xabardormi? Xullas, savollar koʻp va biz ularni tilimiz jonkuyarlari, koʻp sonli muxlislarimizga havola etamiz. Mavzuga yana qaytamiz.

Ahad Muhammadiyev, “Xalq soʻzi” muxbiri,

Yusuf Norov, faxriy jurnalist.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?