Deputatlar Davlat byudjeti ijrosidan qoniqdimi?

22:52 01 Iyun 2020 Siyosat
147 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2019-yildagi ijrosi toʻgʻrisidagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar muhokamasi boʻlib oʻtdi. Deputatlar davlat byudjeti ijrosini umuman maʼqullash barobarida oʻz elektoratlari tomonidan joylarda koʻtarilayotgan qator savol va takliflarni oʻrtaga tashladilar. Savol va takliflar qilingan ishlarni tanqid ostiga olish uchun emas, qilinajak ishlar samaradorligini oshirishga qaratilganligi bilan hisobot beruvchilarga ham maʼqul tushdi. 

Botir MARDAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Hisob palatasi tomonidan 2019-yilda byudjet mablagʻlarining birlamchi taqsimlovchilari sohaga ajratilgan byudjet mablagʻlaridan qanchalik maqsadli foydalangani oʻrganilganda bir qator davlat muassasalarida mablagʻlardan byudjet intizomi buzilgan holda foydalanganlik faktlari aniqlangan.

Bugun yalpi yigʻilishda moliya vaziri oldiga ana shunday muammolar haqidagi masalani qoʻydik. Ularning yechimi boʻyicha fikr almashdik. Har bir vazirlik tarkibida ichki moliyaviy nazorat tizimi, yaʼni ichki Audit tashkil qilingan, buning uchun yetarli shtatlar, mablagʻ ajratilgan. Kelgusida ana shu imkoniyatlardan keng foydalanish lozim.

Navroʻz YUSUPOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalarda atroflicha koʻrib chiqildi. Bu jarayonda hukumat vakillaridan qoʻshimcha maʼlumotlar ham oldik. Hisobotni tahlil qilish chogʻida ayrim masalalar ham koʻzga tashlandi. Jumladan, Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan byudjetga oʻtkazilishi lozim boʻlgan mablagʻlarning kechiktirib oʻtkazilgani maʼlum boʻldi. Mazkur masala yuzasidan qoʻmita rahbariyati bilan oʻtkazilgan muhokamalar jarayonida bojxona organlari tomonidan undirilayotgan mablagʻlarni avtomatik tarzda davlat byudjetiga oʻtkazilishiga kelishib olindi va buni amalga oshirish uchun qonunchilikka tegishli oʻzgartishlar kiritish va maxsus elektron dastur ishlab chiqilishi lozimligi qayd etildi.

Alisher HAMROYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Biz oʻtgan yili birinchi marotaba davlat byudjetini qonun shaklida qabul qildik. Bu esa muhim moliyaviy hujjatning maqomi va ahamiyatini oshirdi. Lekin mening fikrimcha, davlat byudjetida hali ham shaffoflik, byudjet intizomi hamda hisobdorlik yetarli emas. Jumladan, mahalliy hokimliklar xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan kelishmagan holda mahalliy byudjetlarga oʻzgartishlar kiritganligi Hisob palatasi tomonidan aniqlangan. Kelgusida bunday holatlarning oldini olishda masʼul vazirlik va idoralar masʼuliyati va javobgarligini oshirish kerak. Parlament ham mazkur yoʻnalishda qonun hujjatlariga oʻzgartish kiritishi lozim.

Inomjon QUDRATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Oxirgi yillarda mahalliy byudjetlar mustaqilligi oshirildi, respublika byudjeti har bir vazirlik kesimida qabul qilindi. Parlamentga har bir vazirlik va idoralarning byudjet mablagʻlarini maqsadli va samarali foydalanilishi hamda erishilayotgan natijalari toʻgʻrisida axborotlarini eshitish boʻyicha qoʻshimcha vakolatlar berildi.

Shu bilan bir qatorda, hududlarga yangi maktab, bogʻcha, tibbiyot muassasasi, koʻprik qurish yoki mavjudlarini taʼmirlash kabi davlat byudjetidan ajratiladigan kapital qoʻyilmalar miqdori qaysi mezonlar orqali taqsimlanayotganligi hanuzgacha mavhum boʻlib qolmoqda. Natijada ajratilayotgan mablagʻlar u yerda yashayotgan aholi soniga ularning real talabiga mutanosib boʻlmay qolayotgan holatlar ham mavjud.

Shundan kelib chiqib, byudjet va maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan obyektlar qurilishini davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun bilan tasdiqlab qoʻyilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun parlamentdan qanday amaliy yordam kerak boʻlsa – biz tayyormiz.

Firdavs SHARIPOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Moliya sohasida olib borilayotgan islohotlar iqtisodiyotni liberallashtirish, moliya tizimini jahon standartlariga muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda. Davlat byudjetining barcha jarayoni xususan, byudjet tashkilotlarining hisoboti ham elektron dastur orqali amalga oshirilmoqda. Hisob palatasi ham ushbu elektron dasturlardan foydalangan holda faoliyat olib bormoqda, doimiy nazoratni amalga oshirmoqda. Elektron dasturlardan foydalanish har qanday hisobotlarni qisqa muddatlarda tayyorlash va qayta ishlash imkonini beradi.

Shunga qaramasdan, bugungi tezkor islohotlar davrida 2019-yilgi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot may oyining ikkinchi yarmida koʻrib chiqilyapti. Bu esa fraksiyalarda, qoʻmitalarda va palata yigʻilishida hisobotni koʻrib chiqish jarayonida koʻtarilgan masalalar, koʻplab foydali takliflarni joriy yilgi byudjet ijrosini taʼminlashda eʼtiborga olinishiga salbiy taʼsir qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, har yili Davlat byudjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 25-martidan, choraklik hisobotlarni esa hisobot davridan keyingi oyning 10 sanasidan kechiktirmay Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish foydali boʻladi deb hisoblaymiz.

Muhtor HOJIMATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Soʻngi yillarda mamlakatimizda qurilish koʻlami tobora kengayib bormoqda. 2017-2019-yillarda, 2010-2013-yillarga nisbatan qariyb 3,5 barobar koʻp qurilish ishlari amalga oshirilgani fikrimiz dalilidir.

Bu qurilishlarning aksariyati byudjet mablagʻlari hamda Hukumat kafolati ostida xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilingan mablagʻlar hisobiga amalga oshirilmoqda. Bunda ijtimoiy obyektlar ham salmoqli qismni egallaydi.

Shu bilan bir qatorda, qurilish obyektlari xarajatlarida kamomad va oʻzlashtirishlar koʻpligi aniqlanmoqda. Obyektlar xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan darajada sifatli va pishiq qurilayotganligi ham katta savol ostida qolmoqda.

Mamlakatimizda qurilishga ajratilayotgan markazlashgan investitsiya mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlaydigan bozor munosabatlari qanchalik toʻgʻri shakllantirilgan? Pudratchilar oʻrtasidagi tender savdolari qachon shaffof va korrupsiyadan xoli boʻladi? Qurilish obyektlarini loyihalashtirgan, qurgan va uni qabul qilgan shaxslar javobgarligini yana-da oshirish uchun qonunchilikka qanday oʻzgartirishlar kiritish lozim?

Qurilishda byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanish ustidan taʼsirchan choralar ishlab chiqish zarurati mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?