Deputat: “Sogʻlom raqobat muhitida ishlashni boshlamas ekanmiz, iqtisodiy taraqqiyotga erishishimiz ortga surilaveradi”

14:59 29 May 2020 Siyosat
345 0

Arxiv foto

Bugun neft va neft mahsulotlari narxi xususida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Xususan, benzin importiga aksiz soligʻini 4 baravarga oshirish borasidagi xabar muhokamalar markazida.

Xoʻsh, «Oʻzbekneftgaz» nega ayrim tayyor neft mahsulotlarining importiga solinadigan aksiz soligʻi stavkalarini qayta koʻrib chiqishni soʻramoqda? Sabab sifatida esa, neftni qayta ishlash zavodlarining ishlab chiqarish quvvatini taʼminlash maqsadini koʻrsatishadi.

Biz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik qilish masalasi xususida bosh qotirayotgan vaqtimizda bu kabi monopolistik ustunlik haqida gapirishning oʻzi nooʻrin.

Agar bizning neft va neft mahsulotlarimiz narx tufayli shu turdagi import mahsulotlar bilan raqobatga kirisha olmayotgan ekan, demak, ularda ishlab chiqarish boʻyicha katta muammolar bor. Yaʼni bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bizga qimmatga tushyapti. Davlatimiz rahbarining geolog kadrlarga ehtiyojning yuqori ekani haqida kuyunib gapirgani mana shu vaqtda oʻz ahamiyatini koʻrsatmoqda. Soha oliy taʼlim tizimi va ilmiy-texnik institutlar bilan yaqindan hamkorlik olib borishga muhtoj.

Hech eʼtibor berganmisiz, jamoat transportlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boshqa iqtisodiyot tarmoqlarida narxlar koʻtarilishiga yoqilgʻi moylash mahsulotlarining oshishini sabab qilib koʻrsatadi. Demak, soha xarajatlar smetasini koʻzdan kechirib, rentabelligi past yoʻnalishlarni optimallashtirish yoki foyda keltiruvchi tarmoqqa aylantirish borasida izlanishlar olib borishi kerak.

Umuman olganda qaysi soha boʻlmasin ilm-fan, aql markazlari bilan yaqindan hamkorlik qilmas ekan, nafaqat dunyo bozorida, balki ichki bozorda ham oʻz oʻrnini yoʻqotishga mahkum.

Eng muhimi, erisha olmayotganimiz bozor iqtisodiyoti va sogʻlom raqobat muhitida ishlashni boshlamas ekanmiz, iqtisodiy taraqqiyotga erishishimiz ortga surilaveradi.

Bugun davlatimiz rahbari tomonidan “monopoliyadan chiqarish, raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha yakdil yoʻnalishimiz boʻlishi kerak” deya taʼkidlangan soʻzlarning mohiyatini anglab olsak, oʻylaymizki xalqimiz rozi, hayotimiz farovon boʻladi.
Nodir JUMAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?