Deputat Oqdaryoda radarlarni YHX xodimlari buzib olib ketganini tanqid qildi

10:15 15 Avgust 2019 Jamiyat
32 0

Xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashi deputati Toʻlqin Homidov “Zarafshon” gazetasi tahririyatiga maktub yoʻllab, Oqdaryo tumanidagi 29-maktab yoniga oʻrnatilgan radarlar buzib olib ketilgani yuzasidan munosabat bildirdi.

“Hurmatli tahririyat! Men Xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashi deputatiman. Men 2019-yil 31-may kuni Samarqand viloyat IIB YHXB boshligʻi A.Nosirovga Oqdaryo tumani “Oqdaryo” MFY aholisi nomidan murojaat qilgan edim. Murojaatning mazmuni quyidagicha:

“Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” M-37 avtomagistralining 25,5 kilometrining chap tomonida 29-maktab joylashgan. Maktabga yoʻlning oʻng tomonidan oʻquvchilar oʻtishga qiynalmoqda. Oʻqituvchilar qizil bayroqcha koʻtarib avtomashinalarni ogohlantirishiga qaramasdan avtomobillar 100-150 km/soat tezlikda oʻtib, yana oʻqituvchilarni haqoratlab ketmoqda. Shu sababli ushbu oʻtish joyiga tezlikni tartibga solish uchun yoʻl belgilari, fotoradar yoki svetofor qoʻyilsa, bir nechta yoʻl-transport hodisalarining oldi olingan boʻlardi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning 2019-yil 13-iyun kuni Oqdaryo pedagogika kollejida boʻlgan “Sayyor qabuli”da ham ushbu masalani deputat sifatida koʻtargan edim. Natijada tuman hokimi 2 ta onlayn radarga mablagʻ ajratib, aytilgan joyga uskunalarini oʻrnatgan edi. Kecha, yaʼni 14-avgust kuni ushbu uskunalarni tuman YHX xodimlari buzib olib ketishdi. Sababini soʻrasam, “Bu yerda aloqa yoʻq!” – deyishdi.

Viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi masʼul xodimi bilan telefon orqali gaplashdim. U bu haqda xabari yoʻqligini aytdi. Xalqning deputatga, davlatga nisbatan ishonchi yoʻqolyapti!? Biz deputatlar xalqning ogʻirini yengil qilolmayapmiz!? Baʼzi tashkilotlari hali ham oʻz bilganidan qolmayapti”.

Toʻlqin HOMIDOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?