Davlat soliq xizmati organlari tomonidan yalpi pasportlashtirish jarayoni boshlandi

14:10 19 Fevral 2019 Jamiyat
539 0

Illyustrativ foto

Soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazish) tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi xabar bermoqda.

Ushbu tadbirlar xoʻjalik subyektlarini tekshirish bilan umuman bogʻliq boʻlmasdan, asosiy maqsad tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga rioya etishlarida koʻmak va maslahat berishdan iborat.

Mazkur tadbirlar chogʻida ishbilarmonlik subyektlariga nisbatan hech qanday maʼmuriy hamda moliyaviy jarimalar qoʻllanilmaydi va mavjud tushunmovchiliklar hamda kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etiladi.

Ularga davlat soliq xizmati organining 2 558 nafar xodimi jalb qilinib, dastlabki ikki kunda 19 032 ta obyekt koʻzdan kechirildi.

Natijada:

  • mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgan 5 651 nafar fuqaro ijtimoiy himoyalanishlari uchun ish beruvchilar bilan munosabatlarini qonuniy rasmiylashtirishlari;
  • 2 254 nafar jismoniy shaxs davlat roʻyxatidan oʻtib, tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari;
  • 3 968 ta obyekt egalari ijara shartnomalarini davlat soliq inspeksiyalarida roʻyxatga qoʻyishlari va 875 ta mol-mulk obyekti hamda yer maydoni egalari mulkini kadastr idoralarida roʻyxatdan oʻtkazishlari toʻgʻrisida profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, ogohlantirishlar berilgan.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?